ShUKRONA
Amudaryo koʻp millatli tuman. Bu zaminni gullab-yashnatayotgan fidoyi xalqi esa bitta nom bilan ataladi – amudaryoliklar! Tuman xalqi uchun bu zamin muqaddas, ota-onasiday aziz. Shu bois, dunyoning qaysi burchagida boʻlishmasin ana shu muqaddas zaminga – ota makon – Amudaryoga talpinadi bu xalq bolalari.
Birining bolasini oʻziniki bilan teng koʻrib, birining quvonchiga koʻnglini qoʻshib, gʻamini yuragiga yozib, ogʻiriga yelka tutib yashash – amudaryoliklar uchun azaliy qadriyat.
Tumanning Nazarxon ovuliga har gal yoʻlim tushganida keksa-yu yosh bagʻrini ochib:
- Ketmang, qoʻnogʻimiz boʻling, - deb turishlarini koʻrib, yuragimda sokin, juda yoqimli bir hisni tuyaman. Bu – qon-qarindoshlik, qardoshlik, jondoshlik mehri. Ana shu mehr tafti ovulning har bir xonadonida hokim va ana shu mehr nazarxonliklar uchun irsiyat.
Ovulda istiqomat qiluvchi aholining asosini qoraqalpoqlar tashkil etsa-da, qozoq, oʻzbek, turkman va boshqa millat vakillari uchun ham Nazarxon zamini kindik qoni tomgan ota makon. Fuqarolik hujjatlari ochib koʻrilmasa, ularning millati qaysiligi bilan hech kim qiziqmaydi ham. U qozoqmi, oʻzbek yo qoraqalpoqmi – nazarxonliklar uchun qon-qarindosh jigarband, jonday aziz yon qoʻshni, eldosh.
Hech esimdan chiqmaydi: 2007-yilning bahori edi. Amudaryo tumani madaniyat markazi binosida “Eng yaxshi qaynona” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi oʻtkazilayotgandi. Koʻrik-tanlov hakamlar hayʼati aʼzolari orasida oʻsha paytdagi “Mahalla” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi, Alloh rahmat qilsin, Turkpenboy ota Oʻrozboyev ham bor edilar.
Tanlov davom etar, barchaning diqqat-eʼtibori sahnada. Ammo shu lahzada hech kim oʻylamagan, kutilmagan holat yuz berdi-yu, hammaning eʼtibori bir muddat Turkpenboy ota Oʻrozboyevga qaratildi. Oʻz mahoratlarini namoyish etish uchun sahnaga chiqishga taklif qilingan “Eng yaxshi qaynona” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichi gʻoliblari boʻlgan onaxonlar eng avvalo Turkpenboy otaning oldilariga kelib taʼzim qilishganlaridan soʻng sahnaga koʻtarildilar.
Onaxonlar taʼzimi, hurmati uchun ular bilan oʻrnidan turib, quyuq soʻrashgan otaxon hakamlar hayʼati aʼzolariga:
- Men istegen qoʻjaliqlardagʻi kelinler-goʻy, - dedi faxrlanib.
Hayratlandik, ham otaxonga havas qildik. Qozoq millatiga mansub boʻlgan Turkpenboy ota Oʻrozboyevning oldidan oʻtib, sahnaga chiqishni oʻzlari uchun odobsizlik, deb bilgan “kelin”larning deyarli barchasi oltmish, hatto 70-75 yoshli, biri oʻzbek, biri qoraqalpoq, yana biri qozoq millatiga mansub onaxonlar edilar.
Turkpenboy ota uzoq yillar Nazarxon ovulidagi Berdaq nomli davlat xoʻjaligida, tumanning boshqa hududlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan va Amu elining mehrini qozongan inson edilar. Uning hurmatini boshiga koʻtarganlar orasida turli millat vakillari bor edi.
- Odamgarchilik, mehr - millat tanlamaydi, - derdilar doim otaxon.
Shundanmi, kasbiy zarurat yuzasidan Nazarxon ovulida boʻlganimda ovul ahli:
- Turkpenboy otaning ul-qizlari omonmi? – deb soʻrashganlarida bir qozoqning ovul toʻla qon-qarindoshlari borligiga, ana shu qon-qarindoshlik mehri Amu elining turli hududlarida umrguzaronlik qilayotgan, otaning oldidan kesib oʻtmaydigan “kelin”lar qalbiga nurafshonlik, xotirjamlik baxsh etib turganiga, toʻgʻrisi, havas qildim.
Chunki ana shunday qon-qarindoshlik, totuvlik mehri bilan Amu eli obod, tinch, farovon. Ana shu tinchlik-totuvlik evaziga tumanda har kuni bir oʻzgarish, yangilanish.
Yurtda qachon xalq koʻngliga manzur oʻzgarish boʻladi?
Xalq bilan hukumat birlashganda, xalq manfaatini koʻzlovchi islohotlar hayotga kirib kelganida. Bundan ham muhimi, xalqning noni, rizqi ziyoda boʻlganida har kuni bir oʻzgarish yasaladi - mahallalarda, el-yurtda, koʻngillarda!
Bugungi Amudaryo tumanining qishloqlariga qadami yetgan insonning oʻzgarayotgan mahallalar, xonadonlar qiyofasidan koʻzlari qamashadi.
Tobora jadallik bilan rivojlanayotgan fermer xoʻjaliklarining imkonlari keng: yer – oʻziniki, dasturxondagi jamiki noz-neʼmatlarning bari – oʻziniki! Chorvasi, paxtasi, gʻallasi bogʻ-rogʻi, parrandasi-yu asalarichilik, baliqchilik tarmoqlaridan yogʻilayotgan qut-barakaning fayzi xalqning orzu-havaslarida bunyod etgan zamonaviy uy-joylarida namoyon. Bugun Amu xalqi shunchaki pollangan, shiftini faner bilan qoplagan uylarda emas, oʻzi orzu-umidlar bilan ziynatlagan charogʻon, obod uy-hovlilarda, namunaviy loyihalar asosida bunyod etilgan uylarda yashashadi.
Tumanning barcha hududlaridagi mahallalar qiyofasini tubdan oʻzgartirib yuborgan bunday zamonaviy uy-hovlilar eshigini ochib bir ichkarisiga qarang-a! Koʻzingiz quvonadi. Quvonmasinmi? Yuzlab bunday koʻrkam xonadonlarning birida oʻzbek, birida qozoq va qoraqalpoq, turkman yoki tatar millatlariga mansub oilalar biri-biriga qoʻshni, quda-qudagʻay, doʻst-birodar.
Ana shunday mehr-oqibat, bagʻrikenglik muhiti bois, tuman ishlab chiqarishning barcha sohalarida barqaror taraqqiyot bor, oʻzgarish bor.
Iqtisodiyot sohasi jadal rivojlanmoqda. Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan esa har bir oila manfaatdor: farzandlarining komil insonlar boʻlib voyaga yetishlari haqida oʻzidan avval Vatan fidoyilik qilib turganidan ota-onalarining koʻngillari toʻq. Tuman xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 86 ta umumtaʼlim maktablarining barchasida zamonaviy kompyuter, lingafon sinfxonalari, fanlar laboratoriyalari, zamonaviy jihozlangan sport zallari, kutubxonalar mavjud.
Intiluvchan, iqtidorli oʻquvchi-yoshlarni oʻz bagʻriga olgan aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maxsus maktab, fanlar boʻyicha ixtisoslashtirilgan sinflar, “Barkamol avlod” iqtidorli bolalar maktabi, sport maktablarining faoliyat olib borayotgani, bu bilim dargohlarida tahsil olayotgan oʻquvchilarning turli millatga mansub oilalarning farzandlari ekanligidan qalblarda iftixor uygʻonadi. Iftixor tuygʻusi bejizga emas – Amu elining kelgusi uchun masʼul bugungi oʻsmir-yoshlarning barchasi oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus, tatar kabi millatlar oilalarining farzandlari. Ular bitta sinfxonada, bir ezgu maqsad yoʻlida, ustozlari rahnamoligida ilm sirlarini oʻrganadilar – Amu elini, ona Vatanni gullab-yashnatish, ona Yurt tugʻini hamisha jahon aro baland tutish orzusi bilan yashaydilar. Orzuning esa millati yoʻq. U har bir qalbda Allohning ulugʻ ehsoni kabi yangidan tugʻilaveradi. Orzular roʻyobi uchun intilishlar esa tinchlik neʼmatidan bahramand qalblarga xos. Ming-ming shukrlar boʻlsinki, bizning Vatanda ana shu buyuk neʼmat – tinchlik hokim, tonglarimiz osuda, osmonimiz musaffo. Ana shu buyuk neʼmat tufayli xalqning hayotida fayz-baraka bor, mehnatida samara, mehnat bilan obod dala-yu bogʻida, har qarich yerida oʻzgarish bor.
Bu TINChLIK, TOTUVLIK bergan baraka - buyuk oʻzgarish! Ming-ming shukr!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶