2-sonli kasb-hunar maktabida “Ochiq eshiklar kuni” va “Kasblar festivali” tadbirlari oʻtkazildi
Mamlakatimizda taʼlim tizimini yangilash va uni xalqaro standartlarga moslashtirish borasida katta qadamlar tashlanmoqda. 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab yurtimizda Xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi taʼlim tizimi joriy etildi.
Ushbu islohotlar natijasida 2020/2021 oʻquv yilida Amudaryo tumanida tashkil qilingan 2-sonli kasb-hunar maktabida ham oʻquvchilarga zamon talablari asosida bilim berilib, kasb-hunar sirlari puxta oʻrgatilmoqdalar.
Maktabda 2021-2022-oʻquv yilida 7ta yoʻnalish, 2022-2023-oʻquv yilida esa 9ta yoʻnalish boʻyicha xalqaro standartlarga mos mutaxassislar tayyorlanib, ular bugungi kunda xalq xoʻjaligining turli sohalarida faoliyat yuritmoqda. Aksariyat bitiruvchi yoshlar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqda.
Kelgusi 2024/2025 oʻquv yilida kasb-hunar maktabiga 8ta yoʻnalish boʻyicha jami 208 nafar oʻquvchilarni qabul qilish rejalashtirilmoqda. Qabul mavsumi boshlangach, avtomobil dvigatellarini tashxislash va taʼmirlash, avtomobil shassisiga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ustasi, kompyuter grafikasi va dizayn operatori, payvandlovchi, tikuvchi, oshpaz-qandolatchi, maishiy texnika jihozlarini taʼmirlash hamda oqova suv va suv taʼminoti tizimlaridan foydalanish va montaj qilish ustasi kasbi kasblarni egallashni istagan yoshlar ushbu taʼlim maskaniga hujjat topshirishlari mumkin boʻladi.
Qabul oldidan boʻlgʻusi oʻquvchilar va ularning ota-onalarini kasb-hunar maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 15-may kuni “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri va “Kasblar festivali” oʻtkazildi.
Tadbir avvalida kasb-hunar maktabi maʼmuriyati masʼullari yigʻilganlarga mavjud yoʻnalishlar haqida maʼlumotlar berdi. Soʻngra har bir yoʻnalish boʻyicha tahsil olayotgan oʻquvchilarning chiqishlari namoyish qilinib, ishtirokchilar ularning kasb-hunarni qanchalik puxta egallaganiga guvoh boʻldilar.
Aytish joizki, oʻtgan 2022-2023-oʻquv yilida kasb-hunar maktabini 201 nafar oʻquvchilar tamomlab, ularning 86 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi. Bitiruvchi oʻquvchilarning 56 nafari esa oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashgan. Bundan tashqari, 89 nafar bitiruvchi tadbirkorlik yoʻnalishida oʻz faoliyatini boshlashdi. Joriy yilda maktabni tamomlayotgan oʻquvchilar ham mehnat bozorida oʻz oʻrinlarini topib, malakali kasb egasi sifatida xalqimizga xizmat qilishni oʻz oldlariga maqsad qilib qoʻyishgan.
Bitiruvchilarga havas qilib, mazkur taʼlim dargohiga oʻqishga kirishni niyat qilgan yigit-qizlar taʼlim muassasasidagi shart-sharoit, taʼlim-tarbiya jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir davomida kasb-hunar maktabi oʻquvchilari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar va raqslar “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri va “Kasblar festivali”ni haqiqiy bayramga aylantirdi.
Chindan ham, kasb va hunar insonning hayotida muhim oʻrin tutadi. U nafaqat moddiy farovonlikka erishishning kaliti, balki shaxsning ijtimoiy mavqei va oʻz-oʻzini anglashida ham bosh omildir. Har bir inson oʻz kasbi orqali jamiyat ravnaqiga hissa qoʻshadi va oʻzining shaxsiy rivojlanishiga yoʻl ochadi. Kasb-hunar egallash insonga mustaqillik baxsh etadi va uning ijtimoiy munosabatlarini mustahkamlaydi. Bundan tashqari, kasb-hunar insonning oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi va unga oʻz qoʻli bilan hayotini yaxshilash imkonini beradi.
Umid qilamizki, kelgusida Amudaryo tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabidan ham ana shunday kasb-korli insonlar yetishib chiqib, ular mehnat faoliyat orqali nafaqat oʻzining va oilasining, balki butun xalqimizning farovonligini taʼminlashga ham munosib hissa qoʻshadilar. Oʻtkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” va “Kasblar festivali” tadbirlari esa yuzlab oʻquvchilarning kelgusi taʼlim maskani sifatida mazkur kasb-hunar maktabini tanlashlarida vosita boʻladi.
Gʻ.Yeshniyozov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶