Amudaryoda bandlik, tadbirkorlik va farovonlik sari amaliy qadamlar
Amudaryo tumanida aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi media-tur davomida namoyish etildi. Hududlarda yaratilayotgan imkoniyatlar, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, daromad manbaiga ega boʻlayotgan oilalar, mehnat qilayotgan xotin-qizlar va yoshlar faoliyati misolida tumandagi oʻzgarishlar yaqqol namoyon boʻldi.
Media-tur ishtirokchilari dastlab Daryo boʻyi mahallasida boʻlib, avval kambagʻallik reyestrida turgan, bugun esa oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻygan Shirinoy Jumaniyazovaning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Shirinoy Jumaniyazova oilasida nogironligi boʻlgan fuqarolar yashashi sababli bir muddat kambagʻallik reyestrida turgan. Biroq u mavjud sharoitga koʻnikib qolish oʻrniga, oʻz imkoniyatlarini ishga solish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirgan. Mahalla masʼullari, hokim yordamchisi va mahalla bankiri koʻmagida unga oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun kredit ajratilgan. Natijada kichik ovqatlanish markazi tashkil etilib, yangi daromad manbai yaratildi.
Bugun bu maskan faqat bir oilaning rizq-roʻziga xizmat qilayotgan tadbirkorlik subʼekti emas. Shirinoy Jumaniyazova oʻzini ish bilan taʼminlash bilan birga, yana uch nafar xotin-qizning doimiy bandligini taʼminlamoqda.
Media-tur davomida navbatdagi manzil Alisher Navoiy mahallasida tashkil etilgan tikuvchilik kooperatsiyasi boʻldi. Tashabbuskor tadbirkor Sharofat Yoʻldasheva tomonidan tashkil etilgan mazkur kooperatsiyada 30 nafarga yaqin xotin-qizning bandligi taʼminlangan.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan xotin-qizlar kiyim-kechaklari xorijga eksport qilish uchun tayyorlanmoqda. Demak, mahalladagi tikuv mashinasidan boshlangan mehnat mahsuloti tobora kengroq bozorga chiqmoqda. Tadbirkorning tashabbusi birgina mahalla bilan cheklanib qolmagan. Tumanning Choykoʻl va Toʻlqin ovul fuqarolar yigʻinlari binolarida ham tikuvchilik yoʻnalishidagi filiallar tashkil etilib, hududlarda xotin-qizlar bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Yana bir eʼtiborli jihat — tajribali tadbirkor tomonidan boshqa mahallalardagi xotin-qizlarga ham tikuvchilik sir-asrorlari oʻrgatilmoqda. Jumladan, Jayxun va Doʻrman mahallalarida xotin-qizlarni oʻqitish, ularning kasbiy koʻnikmalarini oshirish hamda kelgusida shunday kooperatsiyalarni tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu tashabbusni hudud miqyosida ommalashtirish, kelgusida tumanning barcha mahallalarida xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan tizimli mexanizmni shakllantirish imkonini beradi.
Media-tur ishtirokchilari tumandagi kichik sanoat zonasida faoliyat olib borayotgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda mahalliy tadbirkorlikning ishlab chiqarish yoʻnalishidagi salohiyati, yangi ish oʻrinlari yaratish va mahalliy mahsulotlar bozorini kengaytirish borasidagi imkoniyatlar koʻzdan kechirildi.
Jumladan, tadbirkor Jasur Bobojonov tashabbusi bilan “Amu-Teplo” brendi ostida isitish qozonlari, shuningdek, temir eshik va darvozalar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarning xaridorlari tobora koʻpayib, ular nafaqat Amudaryo tumanida, balki respublikaning boshqa hududlari, jumladan, qoʻshni tumanlar va Xorazm viloyatiga ham yetkazib berilmoqda. Eng muhimi, ishlab chiqarishning kengayishi yangi ish oʻrinlarini ham yaratmoqda. Korxonada 10 nafardan ortiq ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.
Media-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili Chordara mahallasi boʻldi. Bu yerda yosh tadbirkor Nodirbek Safarniyazov tomonidan tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. “Saparbbay Maxsim” oilaviy korxonasida matras, mebel jihozlari va turli kerakli buyumlar ishlab chiqarilib, respublikaning turli hududlariga yetkazib berilmoqda. Korxonada 10 nafarga yaqin yoshning bandligi taʼminlangan.
Media-tur davomida OAV vakillariga mahallalarda tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subʼektlari, tikuvchilik kooperatsiyalari, ishlab chiqarish korxonalari va oilaviy bizneslar orqali bandlikni taʼminlashning turli koʻrinishlari namoyish etildi. Bu tashabbuslarning har biri alohida loyiha boʻlsa-da, ularni birlashtirib turadigan yagona maqsad bor — aholi daromadini oshirish, oilalarning iqtisodiy barqarorligini taʼminlash va inson uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish.
Media-tur bilan bir qatorda Amudaryo tumani hokimligida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Faxriddin Yusupov, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va muxbirlar ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, hududda amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hamda boshqa muhim yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, erishilgan natijalar bilan bir qatorda, mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yoʻllari va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar xususida ham fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, bugun hudud taraqqiyotini faqat raqamlar bilan oʻlchab boʻlmaydi. Uning haqiqiy mezoni — odamlarning hayotida yuz berayotgan oʻzgarish, oilalarning daromadi oshayotgani, yangi ish oʻrinlari yaratilayotgani, kecha muammoga duch kelgan insonning bugun oʻz biznesiga ega boʻlayotganidir.
Amudaryo tumanida ham ana shunday amaliy natijaga yoʻnaltirilgan ishlar izchil davom etmoqda. Tuman aholisining bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, har bir mahalla, har bir oila kesimida muammolarni aniqlash va ularning yechimini topishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda tumandagi 49 ta mahallada 41 ming 326 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 220 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Oʻtkazilgan xatlov va oʻrganishlar natijasida kambagʻal oilalarning tarkibi, ularning muammolari va ehtiyojlari aniqlab olingan.
Kambagʻallik reyestrida 2 050 ta oila, ulardagi oila aʼzolari soni esa 8 722 nafarni tashkil etadi. Oʻrganishlar davomida ushbu oilalarning 774 nafar aʼzosi ishsiz, 1 808 nafari past daromadli, 339 nafari esa norasmiy mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, tumandagi 3 570 nafar ishsiz fuqaroning imkoniyatlari ham oʻrganilgan. Ularning 1 571 nafari muayyan kasbiy koʻnikmaga ega, 714 nafarida koʻnikma mavjud emas, 1 285 nafar fuqaroning esa tadbirkorlik salohiyati borligi aniqlangan.
Bu raqamlarning har biri ortida alohida inson taqdiri va kelajagi bor. Shu bois mavjud muammolarni shunchaki qayd etish emas, balki ularni amaliy loyihalar orqali bartaraf etish asosiy vazifalardan ekanligi alohida qayd etildi. Jurnalistlar tomonidan kun tartibidagi masalalar yuzasidan savollar berilib, ularga masʼullar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Ochiq muloqot ruhida oʻtgan matbuot anjumani hududdagi jarayonlarni keng jamoatchilikka yetkazish, amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga bevosita masʼullardan javob olish imkonini berdi.
Media-tur davomida jurnalistlar tomonidan loyihalar haqida foto va videolavhalar tayyorlanib, loyiha ishtirokchilari hamda masʼullardan intervyular olindi.
Endilikda ushbu jarayonlar ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkaziladi. Zero, har bir yaratilgan ish oʻrni, har bir yoʻlga qoʻyilgan ishlab chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan har bir fuqaro — hudud taraqqiyotining amaliy koʻrinishidir.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶