Informatika oʻqituvchilari uchun kibarxavfsizlik boʻyicha amaliy seminar oʻtkazildi
Internet foydalanuvchilari soni ortib borayotgan hozirgi sharoitda raqamli muhitda xavfsizlikni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Kiberjinoyatchilikning oldini olish, oʻquvchi-yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish boʻyicha izchil choralar koʻrilayotgan boʻlib, bu vazifa taʼlim tizimi zimmasiga ham masʼuliyat yuklaydi.
2026-yil 24-sentyabr kuni Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va taʼlim tashkilotlarini raqamlashtirish shoʻʼbasi bosh metodisti Jahongir Ibrohimov hamda metodist Gʻayrat Muratov tomonidan tumandagi barcha umumtaʼlim maktablarining informatika fani oʻqituvchilari ishtirokida amaliy oʻquv seminari tashkil etildi. Seminarda 90 nafarga yaqin pedagog ishtirok etdi.
Seminar davomida taʼlim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish koʻlami kengayib borayotgani, shu bilan birga kibertahdidlardan himoyalanish va shaxsiy maʼlumotlarni asrash koʻnikmalarini oshirish dolzarb vazifa ekani taʼkidlandi. Oʻquvchilar bilan «Mening raqamli huquqlarim» mavzusida targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyish, ularga internetdagi muloqot madaniyati haqida tushuncha berish lozimligi qayd etildi.
Aytish joizki, «Kibarxavfsizlik» oyligi doirasida maktablarda «Raqamli gigiyena» soatlarini muntazam oʻtkazish, kuchli parollardan foydalanish, shubhali havolalar va nomaʼlum fayllarni ochmaslik, internetdagi firibgarlikdan ehtiyot boʻlish boʻyicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish tavsiya etildi.
Tadbirda kiberjinoyatchilikning «dropperlik» koʻrinishi alohida koʻrib chiqilib, bu oʻz bank plastik kartasini yoki undan foydalanish imkonini beruvchi maʼlumotlarni firibgarlarga berib turish bilan bogʻliq xavfli holat ekani tushuntirildi. Bank ilovasiga kirish maʼlumotlari, tasdiqlash kodlari va PIN-kod oshkor etilmasligi uqtirildi.
Xususan, «kartangizni ijaraga beramiz», «kartangiz orqali pul oʻtkazib berish uchun haq toʻlaymiz», «oson daromad toping» kabi takliflarga ishonmaslik va bunday holatlar haqida tegishli tartibda xabar berish, begona shaxslarning noqonuniy moliyaviy operatsiyalariga yoʻl qoʻyish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.
Seminarda oʻquvchilarni zamonaviy raqamli kasblarga yoʻnaltirish masalalari ham muhokama qilinib, aileaders.uz platformasi orqali «Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari» loyihasiga jalb etish imkoniyatlari tushuntirildi. Informatika oʻqituvchilariga loyihaga qiziqishi yuqori oʻquvchilarni qamrab olish tavsiya qilindi.
Oʻqituvchilar uchun tashkil etilgan bunday mashgʻulotlar olingan bilimning bevosita sinf xonasiga yetib borishini taʼminlaydi. Raqamli muhitda oʻzini himoya qilishni bilgan oʻquvchi esa ertangi raqamli iqtisodiyotning ishonchli ishtirokchisiga aylanadi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶