BIRNIKI MINGGA...
Xursandchiligini koʻpchilik bilan baham koʻrish xalqimizning azaliy odatlaridandir. Shu bois toʻy-tomoshalarda, bayram shodiyonalarida qarindosh-urugʻ, doʻstu birodarlar jamul-jam boʻlishadi. Agar kimningdir boshiga ish tushsa ham yana ular gʻamiga sherik boʻlishadi. Kimningdir tobi qochsa, eng avvalo bundan qoʻshnilar xabar topadi va bir kosa ovqatmi, nonmi yo shirinlik koʻtarib koʻrgani keladi, dardmandga yaxshi soʻzlari bilan dalda berishga harakat qiladi.
Bular bir qarashda arzimasdek, bunday odatlarsiz ham hayot davom etaveradigandek tuyuladi. Aslida esa... aslida bu urflarimizning mazmuni teran, qadri yuksakligini men bundan ikki yil oldin chuqur anglab yetdim.
Oʻsha kuni biz bobomizni, bizni jonidan-da ortiq koʻradigan, oppoqlarim, deb erkalaydigan bobomizni berib qoʻydik. Judolik ogʻir narsa ekan. Biroq odamlarning rahmatlik ajoyib odam edi, deya bobom haqidagi xotiralardan gapirib berishi, endi oʻzlaringiz omon boʻlgaysizlar, deya dalda berishidan koʻnglimiz ancha taskin topardi.
Yaqinda dugonalar toʻplanishib tuman miqyosida oʻtkazilgan bir tanlovda gʻolib boʻlgan sobiq sinfdoshimizni qutlagani bordik. Bizni koʻrib sinfdoshimizning quvonganidan koʻzlari yonib ketdi. Uning quvonchi bizga ham oʻtdi. Shunga aytsalar kerakda birniki mingga, mingniki tumanga deb.
Marhabo SOBIROVA,
Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchisi.
(Foto - http://www.uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶