14.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
14.08.2026, 04:55
Maqolalar 👁 369

SOʻNGGI DALLOL

SOʻNGGI  DALLOL

(«Xitoyqishloq hangomalari» turkumidan)

– Bozorlar ham oʻzgarib ketdi, – dedi Yangiboy aka kechki ovqatdan keyin kampiri bilan choy ustida gaplashib oʻtirar ekan.

– Hamma narsa oʻzgarganda bozor oʻzgarmay qoladimi?! Hay, nimasi oʻzgaribdi? – Soʻradi kampiri ham qiziqib, bir tomoni suhbatni davom ettirish uchun, – bozordan gap ochib qoldingiz, toʻrt-besh bozor boʻlgandir bormaganingizga, sogʻinib qoldingizmi? Ertaga bozor, boraqoling, oʻrningiz boʻsh turgandir (oʻrningizga eshak boylab qoʻygandir deb kesatmoqchi edi-yu, erining gʻazabidan hayiqdi).

– Bay-bay, bir ogʻiz gap oʻrniga ming gapirasan-a! Oʻzgargani shuki, oldinlari mol bozorda bir, oshib borsa ikki olib sotar boʻlardi. Hozir olib sotar boʻlmagan odamni topish qiyin. Hatto er-xotin bir-biri bilan savdolashib turadi, odamlarni aldab.

– E, dehqon bozori ham shunaqa. Ekin ekkan dehqon bechora bozorning darvozasidan ham kirolmaydi, oldiga chiqib narsasiga yopishib olishadi.  Bir soʻmdan olib, uch soʻmdan sotishadi. Ekkan-tikkandan ikki baravar koʻp foyda koʻrishadi. Yana birontasi sal arzonroq sotaman desa, urishib, janjallashganiga oʻlaymi? Narxni buzma, emish.

– E, narx-u navoni bilisharmidi bular?! Bozorni egallab olishgan. Dehqon bechora ichkariga kirganda ham narsasini qoʻyishga joy topolmaydi. Bularga topshirib ketishga majbur, – dedi Yangiboy aka sovib qolgan choyni simirib.

– Xaridorlar ham qiziq: dehqondan olmay, oʻsha olib-sotarlardan qimmatiga oladi-ya! Koʻr xaridoringni bersin, deganlari shumikan yo?

– Ular savdoning yoʻlini, tilini bilishadi. Chiroyli qilib qoʻyishadi. Xaridor chaqirishni bilishadi. “Oʻzim falon soʻmdan olganman, shu bahodan olaqoling, keling-keling”, deb xaridor chaqirishni qoyillatishadi.

– Ey-y, bir yogʻi shularniki ham toʻgʻri, ertadan kechgacha bozorda oʻtiradigan boʻlsa, dehqonning ishini kim qilardi, – dedi kampiri Yangiboy akaning gapini maʼqullashga harakat qilib.

– Avval birovdan olib sotayotganini yashirsalar, hozir maqtanadigan boʻlishganmi shunda?

– Oʻzingiz ham dallollik qilib, mol olib-sotardingiz-ku, endi bozorni yomonlab qoldingiz, yo ertaga bormoqchimisiz?

– Ha, bormoqchiman. Mirzaga sogʻin sigir kerak ekan. Iltimos qilgandi, bir sigir olib bering, deb. 

– Mirzaning oʻzi ololmaydimi? Kelini bilan borsin, saylab, sogʻib koʻrib olsin, – dedi kampiri cholini ayab, – bozordan asabingiz buzilib kelib, endi bormayman degandingiz, charcha-ab yurasizmi?! Sizning bozorga bormaganingizga qancha boʻldi, savdodan chiqishib ham ketgandirsiz...

– Darrov yoʻlimni kesma. Mirzaning oʻzi mol oladigan boʻlganda menga aytib yurarmidi. Otasi bechora ham sodda odam edi. Mol sotsa, olsa, menga yalinib yurardi, – dedi doʻsti xotirasiga yuziga fotiha tortib, – chumchuq otmaganning bolasi chumchuq otadimi?!

Yangiboy aka choyni ichib boʻlib, shu suhbatni yana esladi va xayolidan oʻtkazdi:

“Men bitta-yarimta mol olib sotgan boʻlmasam, dallollik qildim. Dallollik qilganda, sotuvchi bilan oluvchini kelishimga olib kelardik. Oʻzimiz sotib olib, bahoni qimmat qoʻyib sotishga uyalardik. Sotadigan boʻlsak, kamida bir-ikki hafta boqib, keyin bozorga olib chiqardik.

Dallollikning qoidasi shu edi: juda qotib turgan sotuvchini “bor, baraka koʻr!” – deb yumshatardik. “Molni sotsang, bir oyogʻini boʻsh qoʻy, kulib-oʻynab ber, olgan xayr koʻrsin, shunda sen puldan xayr koʻrasan”, – derdik. Ota-bobomizdan kelayotgan “sotuvchi tomondan boʻlma, oluvchi tomondan boʻl”, degan gap ham bor. 

Oluvchiga ham: “Olganniki yerda qoladi. Pul boʻldi – kul boʻldi. Mol sotgan odam sening pulingni keragiga ishlatib sarf qilib yuboradi. Mol esa unib-oʻsadi, ikki yil oʻt-choʻp berib tursang, bir moling ikki, ikki moling toʻrt boʻladi”, – deb vaʼz oʻqirdik. Ikki tomonni ham rozi qilib, shirinkoma uch-toʻrt soʻmga qanoat qilardik. Aybini aytib sotardik.

Hozirgilarda bu gap yoʻq. Shuning uchun bozorga bormay qoʻyganman dallolchilikni yigʻishtirganman.

Ayniqsa, yosh-yosh yigitlar, hatto juvonlar surbet boʻlib ketishgan. Birovning savdosini buzish gunoh, katta ayb sanalardi. Hozirgilar sen savdo qilib tursang, mol egasini chetga chaqirib, qulogʻiga shivirlab, narx oshirib turadi. Narxdan chiqish katta gunoh hisoblanardi. “Eldan chiqsang ham narxdan chiqma”, – degan gap bor. 

Hay, mayli, dunyoning qiyshigʻini toʻgʻrilash bizga qolibdimi? Oʻzimiz toʻgʻri boʻlib yuraveraylik”, – deb uzoq oʻy surib, uyquga yotdi.

Ertasiga bomdod namozini oʻqib, Mirzani kutdi. Kelavermagach, shu tomondan bozorga oʻtib ketaveraman deb, Mirzaning uyi tomon yoʻl oldi. Eshik oldini supurib yurgan kelin Yangiboy akaga salom berdi.

– Mirza turdimi, yo haliyam uxlab yotibdimi, birga bozorga boramiz degandi? – soʻradi Yangiboy aka.

– Erta bilan Murod molchi kelib olib ketgandi-ku, –dedi kelin.

Yangiboy aka xafa boʻlib uyiga qaytdi. Har kim shunday qilsa ham, Mirza qilmasligi kerak edi shu ishni. Vaʼdalashib, yana boshqa bilan kelishib ketgani nimasi? Bir ogʻiz aytsa ham boshqa gap edi. Hozirgilarning bari shunaqa boʻlgan ekan-da... Ikrom molchi deganning oʻzi tunov kuni bozorga chiqqan aferist. Kasal mol, yangi oʻlgan mol boʻlsa ham olib, kolbasachilarga sotib boyiyotgan haromxoʻr! Mirza uchun u mendan afzal boʻlganimi?! Shular ham dallol boʻlibdimi?!

Dallolning ham risolasi bor: temirchining, duradgorning, qassoblikning risolasi boʻlganidek. Bular risolani bilarmidi? Bularning risolasi birovga pand berib boʻlsa-da, pulini olmoqlik. E-e, deb yanib qoʻydi va shkafdan pul solingan sumkasini olib bozorga joʻnadi. Bozorga kelayotgan mollarni yoʻldayoq savdolashib, zir yugurib yurgan Ikrom molchi va unga oʻxshaganlarni koʻrib, bir jahli chiqdi, bir oʻkindi...

Molbozor darvozasi oldida Mirza bilan uchrashib qoldi. Salomini jahl bilan chala oldi, uzatilgan qoʻliga qaramadi ham.

– Yangaka, Ikrom juda erta kelganiga sizni turdimi, yoʻqmi deb kelavergandim, oʻpkalayvermang, – deb qolaverdi Mirza.

Bozordagi mol olib-sotuvchilar, dallollar Yangiboy akani juda yaxshi tanishardi. Savdoning zoʻrini u qilishini ham tan olishardi. Sotuvchini ham, oluvchini ham kuydirmaydi deb eʼtirof qilishardi.

Quyosh ufqdan koʻtarilguncha bozor molga toʻldi. Sogʻin sigirlar ham koʻp edi. Qizilcholi qishlogʻilik usta Sobir bir sigirni yetaklab, oʻgʻli buzogʻini koʻtarib kirib kela boshladi. Izida ikki-uch olib-sotar hovliqib kelardi.

Yangiboy aka usta Sobir bilan salomlashdi va sigirning arqonidan ushladi:

– Qani, yoʻlingiz boʻlsin, bozoringizni bersin! Necha soʻm dedingiz?

– Hoʻv, Yangaka, salomalaykum, bizlar soʻrashib kelayotgandik, – qichqirdi Ikrom molchi savdoni buzmang, deganday.

– Shundaymi? Sen bozorning tashqarisida savdo qildingmi? Endi ichkariga kirma! Tashqarida savdolashaver! Senlar buzib boʻlgansizlar, bozorni ham, savdoni ham!

Ikrom molchi yana bir narsa demoqchi boʻlib ogʻiz juftlayotgan edi, Yangiboy aka kesdi:

– Bir bechora molimni sotaman, deb bozorga kelayotgan boʻlsa bozorga kiritmay, yoʻlda savdolashasanmi?! Tur, yoʻqol! Maydonda savdolash, he!..

Ikrom molchi Yangiboy akaning avzoyi buzilganini koʻrdi va endi gap aytsa, izi chatoq boʻlishini bilib joʻnadi.

– Hoʻkizcha bilan gʻunajinning farqini kecha bilding-ku oʻzing?! – Yangaka uning orqasidan oʻdagʻaylab qoldi. Bu yilgi chumchuq bulturgi chumchuqqa “chiq-chiq” oʻrgatar emish, he koringning. – Atrofdagilar Ikrom molchini boplaganiga  qoyil qolishdi.

Usta Sobir bilan savdolashganini kuzatib turganlar Yangiboy akani yana maʼqulladilar:

– Ana, shunday savdolashsinda, bozorga kirmasdan biri arqoniga, biri dumiga yopishib yuradi-ya, bu battollar! Juda koʻpayib ketdi shundaylar, – deb har tarafdan koyishlar eshitildi. 

Tugʻilganiga hafta boʻlgan buzoqcha ham juda chiroyli edi. Qizilcholiliklarning moli yaxshi, sogʻlom boʻladi. Ular daryoga yaqin joyda yashaganlari uchun kichik koʻllar, qayirlarga mollarini boqadilar, u yerlarda qamish serob.

– Qayerga ketayapsan sumrayib?! – Yangaka bularning izidan kelgan Mirzani chaqirib oldi, – qani olgan sogʻin sigiring?

– Olmadim, koʻzga bosiladigani uchramadi, – dedi Mirza xomush tirjayib.

– Mana bu bosiladimi koʻzingga?

– Ha, shuni olib ber, deb kelayotgandim Ikromga. Buni siz olib qoʻydingiz, endi menga ham bir sigir olib bering, – dedi yalingannamo.

– Ikkinchi marta bunaqa iflos qiliq qilma, senga jahl qilib bozorga keldim. Anchadan beri kelmagandim, bundan keyin ham kelmayman. Dallol ham dallollik ham qolmabdi. Ifloslik, aldovchilik qolibdi xolos, – dedi qizishib, afsus bilan bosh chayqab Yangiboy aka. – Buning pulini sana. Ma pul, – deb sumkasini Mirzaga uzatdi. – Shu molni yoqtirsang, oʻzingning pulingdan toʻla. Boshqasini olaman desang, ixtiyoring, meni pulimdan sanab ber.

Biror narsa deyishdan tortinib turgan Mirza birdan quvonib ketdi.

– Yashang, rahmat Yangaka, shuni soʻray olmay turgandim oʻzi. Aytdim-ku sizga, Ikrom tong qorongʻusida kelgani uchun sizga indayolmay ketavergandim. Bilmadim, kimdan eshitgan, men unga mol olaman, deb aytmagandim, Yangaka, kechiring endi, – dedi va usta Sobirga oʻzining pulidan sanab bera boshladi. Yangiboy aka sigirni yetaklab, Mirza buzoqni koʻtarib uyiga borgach, kelin sigirning manglayiga un surtdi va quvonib minnatdorchilik bildirdi:

– Aytdim-ov, nega Yangiboy akamizga aytmaydi, yaxshi mol olib berar edi deb. Oʻzimcha Ikrom bilan ketganingizga hayron boʻlib turgandim-a. Topishibsizlar, yaxshi boʻlibdi!

– Ay-y, “Urgʻochi qoʻzi suzongʻich chiqdi”, deganlariday, bu Mirza oʻgʻlim yuvoshgina, moʻmin-qobilgina deb yursam, menga pand bermoqchi-ya! – dedi yolgʻondakam oʻdagʻaylab Yangiboy aka.

Kelin ham, Mirza ham Yangakaning oʻxshatishidan, begʻaraz ginasidan kulib yuborishdi. Bu uning kechirganidan, yarashganidan belgi edi-da!

– Toʻxta! – dedi Yangaka sigirni qoʻra tomon yetaklamoqchi boʻlib turgan kelinga. Hali bu sigir qari emasmi, koʻplar bozorga shampun bilan yuvib, yaltiratib olib keladi. Uch kun oʻtmay pajmurda boʻlib qoladi, qaramabmiz, yana qari sigir boʻlib qolmasin?!

– Uni qanday bilamiz? – ikkalasi baravar tashvishli bir hayronlik bilan Yangakasiga qaradilar.

– Tishini koʻr, tishini, buzoqni qoʻy, oʻzi ergashib boraveradi.

– Molning tishini qanday koʻrishni bilmay ovora boʻlayotgan Mirzani chetga surib, Yangaka sigirning arqonini tumshugʻiga solib, jagʻini ochdi.

– Voy-boʻy, bir tishi qolmabdi-ku! Yoshi men bilan tengmi deyman-ov buning, – dedi.

Mirza ham, xotini ham sigirning tumshugʻiga tikilib, hayron boʻlib qolishdi.

Yangiboy aka xoxolab kulib yubordi:

– Voy bilagʻonlar-ey! Qishloqda yashab, mol boqib, molning pastki jagʻida tishi boʻlmasligini bilmaysizlar! Koʻpchilik bilmaydiyov buni! Hazillashdim. Pastki jagʻining oldidagina boʻladi tishi. Buningiz olti tish ekan. Toʻrt yashar boʻpti, ikkinchi tugʻishi ekan, shoxiga qara, ikki boʻgʻin tushgan.

Yangakaning avvalgi gaplaridan qoʻrqib ketgan Mirza ham, xotini ham yengil tortib qoʻyishdi va barvariga:

– Suti, moyi qanday boʻlar ekan? – deb soʻrashdi.

– “Erta yotda, erta tur, bir pishkakni ziyod urishda chiqar moylari!” – degan avvalgilar. Qani, ziyofatni tayyorla, – degancha Yangaka ariqdan qoʻl yuvishga chogʻlandi.

Tursunboy ABDULLAYeV.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019 IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) 04.12.2019 Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) 12.11.2019 Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) 02.11.2019 Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) 06.10.2019 Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) 03.09.2019 “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) 13.08.2019 KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) 31.07.2019 SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) 31.07.2019 MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) 31.07.2019 "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) 31.07.2019 Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? 13.07.2019 Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) 13.07.2019 Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) 13.07.2019 Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) 13.07.2019 Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) 01.07.2019 Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) 30.06.2019 TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI 24.06.2019