KARANTIN
(Hayotiy voqea)
Zarnigor egizak farzandlari tugʻilgach, ularning katta boʻlishini kutib, uch yilgacha ishga chiqmadi. Bolaga qarab turganlik uchun beriladigan ikki yillik taʼtil muddati tugagach qaynonasi:
– Endi ishga chiqaver, avval bolang bitta edi, endi uchta boʻldi, bu yeyman-ichaman, degan uchta ogʻiz, degani. Oʻzingni ham qoʻshsak, toʻrtta ogʻizsizlar, – dedi barmoqlarini bir-bir bukib.
Buni eshitgan eri onasidan ranjiganini yashirmadi:
– Bu nima deganingiz, ona, axir men ishlayapman, bolalarga oy sayin davlat nafaqa berayapti, – dedi astoydil xafa boʻlib.
– Sen hali hisob-kitob qiladigan, xotiningning yonini oladigan vallomat boʻlib qoldingmi-a?
Onasiga hech qachon tik qarab, qarshi gap gapirib oʻrganmagan Quvonch indamay eshik tomon yoʻnaldi. Tilining uchida turgan gapini ichiga yutib ketavergisi kelmadimi, orqasiga oʻgirilib:
– Zarnigor Hasan-Husanga qaraydi, ishga chiqmaydi, qachonki, bolalar uch yoshga toʻlsa, ana shunda ishlaydi. Ungacha hech kimga malol kelmaydigan qilib shu «toʻrtta ogʻiz»ni oʻzim boqaman! – dedi-yu, eshikdan shartta chiqdi-ketdi.
Hamma mojaro shundan soʻng boshlandi. Erini oʻziga ogʻdirib olgan ham, ishlamay tishlayotgan boqimanda ham Zarnigor, loʻlilar yurtidan kelib qoʻnim topgan loʻli ham Zarnigor boʻldi. Zarnigor qaynonasining hamma kesatiqlariga chidadi-yu uning oʻzi qolib, ota-onasini haqoratlashga oʻtganiga chidamadi.
– Loʻlining qizi nima boʻlardi, loʻlidan oʻtib, – tinmay javrardi qaynonasi. – Ola xaltangni koʻtarib tilanchilik qilib yurganingdan keyin seni hech kim olmaganda. Devona-darvesh ota-onang Quvonchimni issiq-sovuq qilib, ogʻdirib olgan. Boʻlma-sa, ovul-elda Shohsanamday qizlar bolamning yoʻlida sochini tarab yurgandi-ya!
– Ota-onam loʻli emas, oʻqimishli, biri oʻqituvchi, biri konda muhandis, uyalmaysizmi, ena, axir ular qudalaringiz-ku! – yozgʻirdi Zarnigor.
Baribir qaynonasi javrashdan toʻxtamadi. Buxoroning Kogonidan kelin olganidan pushaymonligini, qoʻni-qoʻshnilari ham unga «loʻli kelinning qaynonasi», deb qarashlarini, Zarnigor kelib oʻgʻli ham aynib qolganini iddao qilaverdi. Oxiri Zarnigor qoʻlini siltadi-yu, oʻz ishlariga shoʻngʻidi. Oradan hafta-oʻn kunlar oʻtib, mustaqillik bayrami arafasida Buxorodan ukasi Muslimbek qoʻngʻiroq qildi. Otasi betob ekan, Zarnigorni koʻrgisi kelayotganini aytibdi. Hasan-Husanga homilador boʻlganidan beri yurtiga bormagan Zarnigorning sogʻinchdan koʻzlari namlandi. Axir uch yilcha boʻlibdi-ya! Karantin muddatlari ham choʻzilaverdi. Ota-onasini, tugʻishganlarini qattiq sogʻinganini his etdi u.
Kechqurun eri kelgach, dilidagini aytdi:
– Otam betob ekan, endi nima qilaman? Bolalar…
– Xafa boʻlaverma, bir ilojini qilamiz, – xotinini yupatdi Quvonch. Oʻzi aytganiday, ilojini ham topdi. Oʻquvchilarning qishki taʼtil paytida maktabda ishlar ham kamayadi, bolalarini olib, Zarnigor bilan birga boradi, onasini ham koʻndirdi. Ertalab bu haqda ota-onasi bilan maslahatlashdi. Otasi Nurmat bobo:
– Bemor otaning holidan xabar olmaslik – gumrohlik, – dedi bosiqlik bilan. – Mashinangni sozla, opang bilan men ham boraman.
Cholining bu qarori Xatcha enaga yoqmadi:
– Ishga chiqmay bolasiga qaraydigan kelin endi Kogonga boradimi?
Nurmat bobo kampiriga oʻqrayib qaradi-yu, hech narsa demadi. «Gap tamom» deganday, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
Quvonch maktab direktoridan ikki kunga ruxsat oldi. U yogʻi uch kun bayram, ixtiyorida besh kun bor, bemalol qaynotasini ziyorat qilib qaytishga ulguradi. Ertasigayoq yoʻlga chiqishdi. Choliga oʻchakishdimi, kelinigami, Xatcha ena uyda qoldi. Quvonch qizi Mohinur va Hasan-Husan va Zarnigorni olib, otasi bilan Buxoroga joʻnab ketdi. Borishsa, qaynotasi Kogon shahar kasalxonasida ekan. Boyaqish ota emasmi, uch yildan beri qizini sogʻinganigami, ancha vaqt quchogʻidan qoʻymadi, nevaralarini birma-bir qoʻliga olib, quvonchdan koʻzlari yoshlandi.
– Karantin boʻlib, biz ham Amudaryoga borolmadik, bolam, – dedi nafasi qisib, harsillagancha otasi.
Zarnigor ikki-uch kun qarindoshlari davrasida yayradi. Otasi ham oʻziga kelib qolganday boʻldi. Eri ertaga yoʻlga chiqamiz, deganida yuragidan nimadir uzilganday boʻldi. Yozning oʻrtasida virusdan zararlanib, hamon kasallik asoratlaridan azob chekayotgan otasining yonidan hech ketgisi kelmasdi uning. Ota-bolaning biri-biriga mahzun termulishlarini koʻrgan Nurmat bobo:
– Quvonch, oʻgʻlim, kelin uch yildan beri yurtiga kelmagan edi, mayli tugʻishganlarining mehriga toʻysin, bir-ikki haftaga qolaqolsin, – dedi chin dildan.
Bu fikr otasidan chiqqani uchun Quvonch koʻndi.
– Poyezdga chiqarib, qoʻngʻiroq qilamiz, pochcha, bemalol yetib olishadi, – opasining biron hafta qolishini istayotgan Muslimbek Quvonchga umidvor tikildi.
Zarnigor shu zaylda bir-ikki hafta emas, naq uch oy Buxoroda qolib ketdi. Qizi, nevaralari diydoriga orzumand boʻlgan otasi Sangin togʻa qudasi bilan kuyovi ketgach, ogʻirlashib qoldi. Oʻziga kelmay bir hafta yotdi-yu bandalikni bajo keltirdi. Marhumning katta-kichik maʼrakalari oʻtguncha ota uyida qolgan Zarnigor musibatni koʻtarolmay yotib qolgan onasiga qarar, qaynonasining tinmay qilayotgan qoʻngʻiroqlariga uzuq-yuluq javob berar, erining «oʻzim bormaguncha bolalar bilan yoʻlga chiqma», degani uchun onasi va ukasi Muslimbekka Amudaryoga qaytish toʻgʻrisida gap ochmasdi.
Shunday kunlarning birida qaynonasi qoʻngʻiroq qildi:
– Hov, qachon qaytasan, qaytasanmi oʻzi? Yo qaytishingni bira toʻla karantin qilib qoʻyaylikmi? – dedi salomiga alik ham olmay.
Koʻngil soʻrash, onang yaxshimi, deyish oʻrniga qaynonasining bunday muomalasidan Zarnigorning dili ogʻridi. Nima qilsin, indamadi. Shu kuni kechqurun eri bilan qaynotasi ham qoʻngʻiroq qilishdi.
– Karantin ancha yumshatilyapti, biz yoʻlga chiqdik, qizim, – dedi Nurmat bobo. – Xudo xohlasa, koʻrishamiz.
Tongda Kogonga yetib kelgan Nurmat bobo bilan Quvonchni koʻrgan bolalarining quvonchidan Zarnigorning dilidagi gʻamlik ariganday boʻldi.
– Quda xolamniyam olib kelmabsizda, – dedi Muslimbek ular bilan koʻrisharkan.
Ancha oʻziga kelib qolgan onasi Nurmat boboga mehr bilan boqarkan:
– Yolgʻiz qizim Amudaryoda, yetti yot begonalarga qanday el boʻlarkan, deb qaygʻurar edim. Ming shukur, sizlarday mehribonlari bor ekan, – dedi minnatdorchilik bilan.
– Qoʻysangiz-a, qudagʻay. Zarnigor Amu elining oʻz qizi, begonasi bor ekanmi? Ovul-el toʻla oʻquvchi bolalari bor. Karantin yumshatildi, maktab ochildi, Zarnigor ustoz ishga qachon chiqadi, deb kutib turibdi-ya, siz karantinni bekor qilsangiz boʻldi, Zarnigor qizimni olib ketaveramiz, – hazillashdi Nurmat bobo.
Bu gaplardan soʻng, Zarnigor ham, Muslimbek bilan onasi ham yayrab kulishdi. Ertasiga Nurmat bobo qudasining qabrini ziyorat qildi, Mangʻitdan Alloh yoʻliga ehson deb olib kelgan qoʻchqorni soʻyib, kelini ulgʻaygan mahalla oqsoqolini chaqirdi va jonliqning goʻshtini ehtiyojmand oilalarga tarqatishni iltimos qildi. Shundan soʻnggina koʻngli xotirjam boʻlgan Nurmat bobo kelini va nevaralarini olib Mangʻitga qaytdi.
Zarnigor ostonadan hatlarkan, qaynonasining gap bilan uzib olishini kutdi. Lekin unday boʻlmadi. Ichkaridan quchoqlarini keng ochib kelgan Xatcha ena:
– Jonim qizim, jonim bolalarim-ay, omon-eson, omon-eson bagʻrimga qaytgan oftoblarim-ay, karantin degan baloga oʻt tushsin-a, oʻt tushsin! Virus degan baloga qiron kelsin-ay, – deya tinmay gapirar, goh nevaralarini, goh Zarnigorni bagʻriga bosardi.
Karantin boʻlib qudasining janozasiga boraolmagani, qudagʻayini koʻra olmaganini qayta-qayta aytarkan Zarnigorga:
– Karantini qursin-a, karantini qursin, endi maktabingga chiqaver, bolam, nevaralarimni oʻzim parvarishlayman, – dedi chin dildan.
Onasining kelini va nevaralarisiz hayoti zerikarli boʻlib qolganini bilgan Quvonch xotiniga asta qarab koʻzini qisib qoʻydi:
– Virusning karantini yumshatilyapti, sizning «karantin»chi, bekor boʻldimi, ona? – Xatcha enaning kelinining qaytishini taʼqiqlayman, deb qizishib yurganiga shama qildi oʻgʻli.
– Hay, bolam-a, onalarning tilida «karantin» boʻlgani bilan koʻnglida kir ham boʻlmaydi, koʻngli ochiq darvoza onalarning! – dedi charaqlab kularkan Xatcha ena.
Hammalari yayrab kulishdi, goʻyo hech qanday virus, hech qanday karantin va gʻamlik boʻlmaganday edi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶