«SEVGI TARIXI» – ShAʼNINGIZGA DOGʻ TUShIRMASIN!
– Sevib turmush qurganmisiz? – deya soʻradim koʻp yillarning yuzini koʻrgan bir onaxondan. Beʼmani savolim uchun uzr soʻrashga endigina ogʻiz juftlayotsam yuzida tabassum bilan gap boshladilar:
– Eh, qizima-a, bizning davrimizda bunaqa narsalar boʻlmagan. Ota-onam loyiq topgan odamga tegib, kam boʻlganim yoʻq, mana, xudoga shukur, farzandlarim, nevaralarim, evaralarim bor, men dunyodagi baxtli onalardan biriman.
Onaxonning gaplarini tinglay turib, beixtiyor, oʻsha davrni hozirgi zamon bilan taqqoslagim keldi. Qiziq, avvallari rostdan ham yoshlar ota-onalari tanlagan yigitga turmushga chiqqan, ota-onasi tanlagan qizga uylanishgan. Hozirgilarga oʻxshab goh pinhona, goh oshkora uchrashuvlar-u, koʻcha-koʻyda qoʻl ushlashib yurishlar boʻlmagan. Bunday nomaʼqulchiliklarni oʻzlariga or deb bilishgan...
Biroq qizigʻi shundaki, oʻsha davrda bir-birini sinamay, "sevgi sarguzashtlari”ni boshidan oʻtkazmay turmush qurganlar orasida qoʻydi-chiqdilar, ajralishlar hozirgiga qaraganda ancha kam boʻlgan, deyarli uchramagan. Men bu bilan hozirgi yoshlarni qoralamoqchi emasman. Har kim ham sevib, sevilib, baxtli boʻlishga haqli. Biroq meni oʻylantirayotgan, dilimni xira qilayotgan masala boshqa.
Aziz mushtariy, keyingi paytlarda toʻyidan oldin falonchining oʻgʻli yoki qizi "sevgi tarixi” ishlatgani Urganchga ketibdi, yo bir qismini Nukusda, bir qismini Toshkentda "sʼyomka” qilarmish, degan gap-soʻzlar sizning ham qulogʻingizga chalinayotgan boʻlsa ajab emas. Bu odat keyingi paytlarda turmush qurayotganlar orasida shunday keng tus olmoqdaki, hatto ayrim yoshlarimizning qoʻsh-tirnoq ichidagi anʼanasiga aylanib boryapti. Bu haqda soʻz ketarkan, sevgi tarixi oʻzi nima, degan savol tugʻilishi tabiiy. Sevishganlarning tanishgan kunidan boshlab, to toʻy kuniga qadar boʻlgan uchrashuvlari, sevgi sarguzashtlari romantik tarzda tasvirga olinishi "sevgi tarixi” deb atalarkan.
Keyinchalik bu "tarix”ni baʼzi yoshlar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirar, ayrimlari esa toʻyi kuni katta ekranda toʻyga yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilishar ekan...
Xoʻsh endi, bi-ir oʻylanib koʻraylik-chi, aziz yoshlar, bu beʼmani, bizning milliyligimizga butunlay begona boʻlgan odatni nima deb atash mumkin? Yegani oldida, yemagani orqasida boʻlgan yoshlarimizning toʻqlikka shoʻxligimi? Menimcha, bu xunuk odatni biz maʼnaviyatsizlik va isrofgarchilik deb atasak, toʻgʻriroq boʻladi. Darhaqiqat, agar masalaga moliyaviy jihatdan qaraydigan boʻlsak, oʻsha "Sevgi tarixi” "sʼyomkasi”ga ketadigan xarajatlar, yoʻl haqi-yu, boshqa xarajatlarni hisoblab koʻradigan boʻlsak... ota-onaning choʻntagining shoʻri.
Kelib chiqishi mavhum boʻlgan salbiy odatlarni targʻib qilayotgan, oʻzlaricha zamonadan oldinroqqa talpinayotgan yoshlarga qarata doʻstlarcha shunday degim keladi: azizlarim, bilasizmi, haqiqiy sevgi tarixi yurakda boʻladi. U oʻzaro mehr-muhabbat va odob-axloq asosiga quriladi. Sevgisini yuqoridagi kabi koʻz-koʻz qilib, yetti iqlimga ovoza qilish maʼnaviyatli insonlarga yarashmaydi. Eng yomoni, bu kelgindi odatlar sizning muhabbatingizga va shaʼningizga soya solishi mumkinligi toʻgʻrisida oʻylab koʻring!
Aziza MADRAHIMOVA.
(Foto - http://zarnews.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶