MANGU OLOV YoNAR LOVULLAB...
Tarixning zalvorli sahfalarida,
Qaddin tutib turar mahzun xotira.
Erk, degan alplarning boʻksalarida,
Muz qotgan xotira, ezgin xotira...
Qatagʻon zahridan tutday toʻkilib,
Nomaʼlum makonda otildi Oʻzbek.
Ayriliq, hijrondan qaddi bukilib,
Umrlar yotibdi sargʻayib kuzdek.
Sharqdan Olmon qadar yoʻllar – yoʻl emas,
Bedarak yoʻqolgan jangchilar qabri.
Anov jaziragan choʻllar – choʻl emas,
Otalar armoni, onalar sabri.
Darbadar kezinar bunda xotira,
Nomsiz qabrlarning poyiga choʻkib.
Umidlar rangi ham zaʼfaron, xira,
Bunda kuzak yurar xazonlar toʻkib.
Axir oʻtib ketdi onalar boʻzlab,
Xotira koʻshkida armonlar qalash.
Yurak sirlarini tunlarga soʻzlab,
Navjuvonlar oʻtdi hijronga talash.
Yuragim zardobga ketadi toʻlib,
Eslasam Oʻzbekning bolalarini.
Gʻarb-u Afgʻonlarda xazonday soʻlib,
Xazonday toʻkilgan lolalarini.
Ularning izida armonli dunyo,
Armonli koʻngillar boʻzlab turibdi.
Tosh odam – haykallar poyida goʻyo,
Millatlar bolasin izlab yuribdi.
Millatlar... Necha alp, arslonlarini –
Zakiy oʻgʻlonlarin bergan urushga.
Asrashib ozodlik qoʻrgʻonlarini,
Matonat poyiga choʻkkan farishta...
O manim farishtam! Vatan fidosi –
Mardlarni ulgʻaytgan jafokash onam.
Kutish onlarining topmay adosin,
Ayriliq domiga bosh qoʻygan sanam!
Bugun Vatan ozod! Munavvar osmon,
Millatlar ehtirom tojini kiygan.
Aziz farzandlarin har shahr-u yovon,
Oʻchmas xotiralar koʻshkiga qoʻygan.
Mangu olov yonar. Yonar lovullab,
Tinchlik deganlarning otash yuragi!
Olov... Olov emas, mangu lovullab,
Bolalarin kutgan Vatan yuragi!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶