OMONATGA XIYoNAT QILMANG! yoxudSizga nima yetmayapti, zamondosh?
Hayot insonga Yaratgan ato etgan eng bebaho neʼmatdir. Uni qadrlamoq, har lahzasini mazmunli va goʻzal oʻtkazmoq uchun unga aql-zakovat, mehr-muhabbat ham bergan. Bas, shunday ekan, jamiki jonzotlar sarvari odamizod bu neʼmatlar shukrini ado etib yashamogʻi ham lozimdir.
Yurtimizning qay goʻshasiga bormang – obodlik, farovonlik, hamma xonadonlarda dasturxon toʻkin, yashash shohona, boʻsagʻasida turli rusumdagi avtomobillar. Hozir ulovi yoʻqlar ham chaqirimlab yoʻl bosib piyoda yurmaydi: uzogʻini yaqin qiladigan taksilar xizmatga shay.
Chor-atrofga nazar tashlasangiz – birov-birovdan chiroyli kiyingan. Hayot xuddi risoladagiday tuyuladi. Biroq... chuqurroq nazar solsak-chi?
... Aniq eslayman, bolalik paytlarimizda chor-atrofimizda keksa odam vafot etsada, kattalar-u bolalar ham gʻamga botar, bir insonning tuproqqa qoʻyilishidan juda taʼsirlanar edi. Necha kunlab shu oʻy hech kimning xayolidan ketmay yurardi. Shularni oʻylasam, oʻsha vaqtlarda mehr-oqibat kuchli, inson qadri baland boʻlganmikan, deb oʻylayman. Hozirgi kunda-chi?
Ijtimoiy tarmoqlarda yaqindagina bir ayolning uyiga kelib, birga aroq ichib kayf-safo qilgan “tanishi”ni pichoqlab qoʻygani haqidagi xabar tarqaldi. Fargʻonada M.ismli ayol ikki nafar tanishlariga oshxona pichogʻi bilan tan jarohati yetkazgan. Bir-birining sochidan sudrab doʻpposlagan qizlar, oʻqituvchisini urib-tepib jarohat yetkazgan oʻquvchi, yigit talashib oʻz opasining joniga qasd qilgan qiz, buvisini boʻgʻib oʻldirgan oʻsmir haqidagi, qaynonasini bolta bilan chopib oʻldirgan kelin, oʻz farzandlarini boʻgʻib oʻldirgan, kanalga tashlagan ayollar haqidagi xabarlarni oʻqiganimda anchagacha oʻzimga kelolmay yuraman. Xayolga tolaman, bu xabarlarni oʻqiganlarning barchasi ham “astagʻfurulloh, biz qayerga qarab ketayapmiz oʻzi", deb oʻylasharmikan? “Oʻzimdan yiroq” deguvchilar ham koʻp, adashmasam. Axir buningdek koʻngilsizliklar – mehmonini shisha idish bilan urib oʻldirgan mezbon, yoʻlovchi talashib bir-birini pichoqlagan kirakashlar, mast holda tanishini pichoqlagan erkak, ovqatdagi goʻshtni talashib hamxonasini pichoqlagan talaba, turmush oʻrtogʻi, besh oylik beshikdagi bolasini oʻldirib, soʻng oʻzini osgan, oʻynashini ochiq dalaga olib chiqib, oʻzaro janjal natijasida shafqatsizlarcha oʻldirgan, jazmanini ayovsiz kaltaklab, soʻng uyiga yalangʻoch holda tashlab ketgan erkaklar voqealari kabi bir inson hayotiga suiqasd qilish holatlari nega koʻpayib ketayapti? Vahshiylik hayvonlarga xos emasmi? Nahot, inson zoti tabiatidan hayvoniy xislatlar joy olayotgan boʻlsa?!
Yoʻl harakati qoidalarini mensimay, baʼzilarning oʻzicha "zoʻrman" deb tezlikni oshkora oshirib, mashinasini boshqarolmay qolishi, yo mast holda transport boshqarishi oqibatida yoʻllarda vafot etayotgan begunoh insonlar, norasidalar taqdiri nega hech kimni bezovta qilmaydi? Axir ular birovning hayotiga, Allohning ularga bergan omonatiga xiyonat qilayotgani yoʻqmi? Nega oʻgʻil otani, onani, ota-ona farzandini oʻz qoʻllari bilan oʻldirayapti. Tugʻishganlar mol-mulk talashib jigariga pichoq sanchayapti? Inson zotiga xos ishmi, bular? Aslo yoʻq!
Aziz zamondoshim! Nigohingizni siyqa, sayoz seriallardan, ijtimoiy tarmoqlardan uzib, oilangizga – kelajagingiz boʻlgan oʻgʻil-qizingizga qaratsangiz, buzgʻunchilik, ur-yiqit targʻib etilgan multfilmlar tomosha qilishiga, bemaqsad koʻchalarda sangʻib yurishiga chek qoʻyib, bagʻringizga bosib, mehr bilan hayotiy hikmatlardan soʻzlasangiz, qalbiga ilm, insof-iymonni singdirsangiz, ehtimol, buningdek xunrezliklar kamayarmidi? Yillab farzandlarini koʻrmay, pul ilinjida xorijda yurganlar moddiyatdan ham mehr, diydor, oʻz vaqtida berilishi lozim boʻlgan eʼtibor, tarbiya muhim ekanligini tushunib yetisharmikan, hech? Axir xorijdan joʻnatilgan moʻmay pullar evaziga shohona yashab, turli nomaqbulliklarni qilayotgan “tirik murda”lar tobora koʻpayayotgani haqiqat-ku!
Biz – hazrati inson deya atalguvchi aqlli mavjudotning ikki eshik – tugʻilish va oxirat oraligʻidagi har damimiz sinovli ekanligi, har bir yaxshi-yomon ishimiz uchun javob beradigan vaqtimiz borligi xayolimizdan faromush boʻldimi?
Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Bugungi oʻgʻri, firibgar va xulqi yomon kimsalar kecha tarbiyasiga eʼtibor berilmagan bolalardir”, degan dono soʻzlarini unutdikmi?
Bilmadim, bilolmadim... Doim meni bezovta qiladigan buningdek fikrlarimni kim oʻqiydi, kim kerakli xulosa oladi?! Biroq Fuzuliy hazratlari aytganlariday, “Soʻzlasam – taʼsiri yoʻq, sukut saqlay desam – koʻngil rozi emas...”
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶