KOʻChAT EKIB BOGʻ YaRATSAK, TABIAT MUSAFFO BOʻLADI
Yaxshi niyat bilan koʻchat ekish, bogʻ-rogʻlar yaratish ota-bobolarimizdan kelayotgan yaxshi udumlardan biri, milliy qadriyatlardan biri hisoblanadi. Dunyo miqyosidagi global muammoga aylanib borayotgan ayni paytdagi ekologik vaziyatda yerga nihol qadash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini bugun davrning oʻzi koʻrsatmoqda.
Shu kunlarda yurtimiz boʻylab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan boshlangan ezgu anʼana – “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻchat ekish ishlari yana davom etmoqda.
Tumanimizda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 2021-yil kuz va 2022-yil bahor mavsumida 1 mln. 159 ming dona manzarali va mevali daraxtlar koʻchatlari ekish rejalashtirilgan. Shunga koʻra 2021-yil noyabr va dekabr oylarida 434 ming 600 dona manzarali va mevali daraxtlar koʻchatlari ekildi. Joriy yil bahor mavsumida esa 724 ming 400 dona manzarali va mevali daraxtlar koʻchatlari ekildi. Kuz mavsumi davomida esa 412 ming 800 dona manzarali va mevali daraxtlar koʻchatlari ekilishi koʻzda tutilgan sababli tumandagi barcha korxona-tashkilotlar fuqarolar yigʻinlari, qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklari bu ezgu ishlarda faol qatnashishmoqda.
Tuman hududiga Qoraqalpogʻiston iqlim sharoitiga mos keluvchi daraxt koʻchatlari tanlab olinib ekilmoqda. Koʻchatlar asosan tumandagi Oʻrmon xoʻjaligi issiqxonasida yetishtirilmoqda. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan ham maxsus issiqxonalarda 10 000 dona terak qalamchalari parvarish qilinib, kelgusi yilgi bahor mavsumi uchun tayyorlanmoqda. Ushbu daraxt koʻchatlarining oʻsishiga, rivojlanishiga, sugʻorish va agrotexnik ishlovlariga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Loyiha doirasidagi mevali va manzarali daraxt koʻchatlarining ekilishini va hisobotini yuritish boʻyicha maxsus shtab tashkil etilgan. Ushbu shtab masʼullari tomonidan barcha ekilgan koʻchatlar «Yashil makon» platformasiga kiritilib, hisoboti yuritilib borilmoqda.
Hozirda atmosfera asosan, avtotransport vositalari, turli zavod-fabrikalar va shu kabi qurilmalar chiqarayotgan chiqindi gazlar sababidan ifloslanmoqda. Biz atmosferani tozalaydigan, qayta havo ishlab chiqarib beradigan tabiiy imkoniyatlardan keng foydalanishimiz lozim. Barchaga maʼlumki, oʻsimlik va daraxtlar kislorod ishlab chiqaruvchi eng qulay va zararsiz vositadir.
Shunday ekan, koʻchat ekib, bogʻ yaratishga, atrof-muhitni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga har birimiz imkon boricha hissa qoʻshishimiz darkor.
Gʻ.Iskandarov. I.Kenjaboyev, Amudaryo tumani ekologiya boʻlimi inspektorlari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶