“OILA BOGʻI”NI BUNYoD ETISh UChUN QILIChBOY VA KUYuK KOʻPIR OVULLARI AHOLISIGA BEPUL MEVALI DARAXT KOʻChATLARI TARQATILDI
Biz yashab turgan Yer sayyorasining kelajagi bugungi insoniyatning ekologik madaniyatiga bogʻliq. Global ekologik muammolarni milliy va global miqyosda, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilangina hal etish mumkin. Shu bois mamlakatimizda ham Prezidentimiz tashabbuslari asosida "yashil" hududlarni barpo etishga eʼtibor qaratilmoqda. Bu ishlarga nafaqat davlat organlari va fuqarolar, balki nodavlat notijorat tashkilotlari ham munosib hissa qoʻshmoqda. Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan "Jayxun ilhomlari" nodavlat notijorat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan grant loyihasi ham aynan shu yoʻnalishda boʻlib, loyiha doirasida keng koʻlamli targʻibot-tashviqot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Yaqinda loyiha koordinatorlari tumandagi Qilichboy ovulida boʻlib, aholi vakillari bilan uchrashdilar. Uchrashuvdan maqsad ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablarini aholi orasida tushuntirishdan iborat boʻldi.
Uchrashuv avvalida Qilichboy ovul fuqarolar yigʻini raisining keksalar masalalari boʻyicha maslahatchisi Amina Yusupova ishtirokchilarga atrof-muhit va ekologiya bilan bogʻliq masalalarning dolzarbligini alohida taʼkidlab, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ovul hududida barpo etilayotgan bogʻ-rogʻlar haqida maʼlumot berdi.
"Jayxun ilhomlari" nodavlat notijorat tashkiloti aʼzosi, loyiha koordinatori Robiya Yoʻldosheva loyihani amalga oshirishdan koʻzlangan maqsad haqida toʻxtalib oʻtdi. Loyihaning bosh maqsadi iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq muammolarni hal etishga hissa qoʻshish, aholi ongida ekologik madaniyatni shakllantirish, ovuldagi har bir oilani oʻz "Oila bogʻi"ni yaratishga undashdan ibratdir.
Uchrashuv davomida tadbirda faol ishtirok etgan fuqarolarga "Oila bogʻi"ni tashkil etishlariga koʻmaklashish maqsadida mevali daraxt koʻchatlari bepul tarqatildi.
Shu kuni loyiha koordinatorlari tumandagi Kuyuk koʻpir ovulida ham aholi vakillari bilan uchrashdilar. Ovul fuqarolar yigʻini masʼullari va aholi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan uchrashuvda asosiy eʼtibor atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslar, xususan, suvdan oqilona foydalanish, yashil hududlarni kengaytirish, har bir oilaning oʻz bogʻini bunyod etish orqali ekologik vaziyatni sogʻlomlashtirishga hissa qoʻshishiga qaratildi.
Tadbir jarayonida ovul aholisining oʻz "Oila bogʻi"ni bunyod etishlariga koʻmaklashish maqsadida "Jayxun ilhomlari" nodavlat notijorat tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Ekologik madaniyat – sogʻlom kelajak asosi” nomli grant loyihasi doirasida bepul mevali daraxt koʻchatlari tarqatildi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar aholi ongida ekologik madaniyatni shakllantirish, shuningdek, ularning ekologiya va iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq bugungi global muammolardan xabardorligini oshirishga hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir.
Mahmudjon Shomurodov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶