"Nima deyapti??? Otamni uylantiraman, deydi!!!"
Mahallamizda "baqiroq chol" laqabi bilan mashhur bir otaxon bor edi. "Baqiroq chol" mahallani boshida kimgadir gapirib kelayotsa, ovozi yetti mahallaga eshitilib, bolalarning hammasi qoʻrqqanidan tum-taraqay boʻlib qochishardi. Aslida esa, otaxon samimiy, bolajon inson edilar, rahmatlik. Aybi shuki, yoshligida qulogʻini kuchli shamollatib qoʻyib, kar boʻlib qolgan. Otaxon bilan baland ovozda gaplashishga odatlanib qolgan oila aʼzolari haligacha ovozlarini meʼyoriga tushirolmay halak.
Darhaqiqat, insonning asosiy sezgi organlaridan biri boʻlgan- yeshitish qobiliyati ham ulugʻ neʼmat! Uning qadriga yetish, quloqlarimizning bizga uzoq yillargacha xizmat qilishiga erishish oʻz qoʻlimizda. Axir, hech bir inson kar boʻlib qolishni yoki "nima deyapti?", "Nima deydi?" kabi savollarni takrorlab, odamlarni bezor qilishni yoqtirmaydi. Kun davomida koʻpchilik insonlar bilan muloqotda boʻlamiz. Shunday paytlarda muloqotdoshimizning "Tushunmadim?", "Gapingizni qaytadan takrorlab yuboring..." singari soʻzlari gʻashingizga tegishi aniq. Baʼzi hollarda esa, oʻzimiz kimningdir gapini chala eshitgandek boʻlamiz-u, eshitish qobiliyatimiz susayib ketmadimikin, deya xavotir olamiz.
Xoʻsh, inson quloq kasalliklariga chalinmaslik uchun nima qilishi kerak? Quloqchinlardan foydalanish oqibatlari? Shu va boshqa savollarga maqolamiz davomida javob olasiz. JSST maʼlumotlariga koʻra, eshitish qobiliyatining keskin pasayishi dunyo aholisining 5 foizida kuzatiladi. Quloq kasalliklari juda keng qamrovli roʻyxatdan iborat, shuning uchun mumkin boʻlgan muammo tashxisini shifokorga ishonib topshirish va internetdan yoki professional qoʻllanmalardan foydalanib, mustaqil javob izlamaslik kerak. Quloq kasalliklaridan saqlanish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
Sovuq va yomgʻirli ob-havoda bosh kiyim kiyish va sharf taqish;
Quloq kanalini tozalash uchun gugurt, qalam, skrepka, paxtali tayoqchalar va boshqa buyumlarni ishlatmaslik — bu faqat quloq oltingugurti ishlab chiqarilishini koʻpaytiradi, quloqdagi tiqin mavjud boʻlsa uni yanada ichkariroqqa siljitib yuboradi va tashqi quloqning tabiiy oʻzini-oʻzi tozalash jarayonini murakkablashtiradi. Bundan tashqari, quloq kanali va nogʻora pardasining shikastlanishi xavfi mavjud. Agar lozim boʻlsa, ushbu muammo bilan LOR shifokorga murojaat qilish kerak;
Burun-halqum va tomoqning oʻtkir va surunkali kasalliklarini eʼtiborsiz qoldirmaslik — ular quloqlarga tarqalishi mumkin. Davolanayotganda, birinchi navbatda, anʼanaviy tibbiyotga emas, balki shifokorning tavsiyalariga tayanish kerak;
Quloqchin (naushnik)lar haqida.
Quloqchinlarning foydali jihatlarini inkor etib boʻlmaydi. Lekin meʼyoridan oshib ketsa, judayam koʻp zararli oqibatlarga olib keladi. Quloqchinlarning asosiy zarari quloqning eshitish qobiliyati pasayishiga olib kelishidir. Quloqchinlar qulogʻimizda boʻlgan vaqtda kelayotgan tovush toʻlqinlarining masofasi qisqaradi. Bu degani quloqchinsiz biz normal holatda havodagi qarshilik bilan qulogʻimizga yetib kelgunicha, uning kuchi pasayadi. Quloqchin taqqanimizda esa masofa qisqarib, taʼsiri balandroq, kuchliroq boʻladi. Natijada, quloq nogʻora pardasining kuchli tebranishi va toliqishi hisobiga eshitish qobiliyati susayadi. Quloqchinlarni uzoq muddat taqib yurish mumkin emas. Koʻpi bilan 40 daqiqa yoki 1 soatgacha taqib, undan keyin yechib, maʼlum muddatdan soʻng yana taqish mumkin.
Dunyoda hali hech kim eshitish aʼzosi oʻrnini toʻliq bosa oladigan moslamani ishlab chiqara olmagan, shuning uchun har birimizga berilgan inʼomga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish zarur, -deydi mutaxassislar. Shunday ekan, yuqoridagi koʻrsatmalarga amal qilish avvalo oʻzimiz uchun foydali. Inson salomatligida barcha organlarning oʻz oʻrni bor. Shu qatorda quloqlarning ham oʻrni beqiyos. Befarq boʻlmang! Befarqlik nuqsonga aylanishi hech gap emas. Axir, keksayganda "baqiroq chol" yoki "baqiroq kampir" boʻlib qolishni xohlamaysiz-ku.
Aziza MADRAHIMOVA
Internet materiallari asosida tayyorladi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶