24.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
24.09.2026, 10:40
Maqolalar 👁 295

XOTIRA BOR EKAN, TIRIKDIR ODAM!

XOTIRA BOR EKAN, TIRIKDIR ODAM!

Xotira. Xotira - oddiy soʻz emas,

Hayajonsiz aytib boʻlmas bu soʻzni.

Xotira bor ekan, oʻlimlar abas,

Xotira bor ekan, anglaymiz oʻzni.

Oliy toifali shifokor Tojiboy hoji Bozorboyev boshchiligida chiroqchilik doʻsti Oʻroqboyning yil fotihasiga joʻnadik. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani bosh shifokori Xolyor polvon Qodirov bizni iliq kutib oldi. Maʼraka tarqagach, polvonning xonadonida mehmon boʻldik. 94 yoshli onalarini ziyorat qilib, duolarini oldik.

“Chiroqchi tumanining hududi Andijon viloyatiga teng”, deb taʼriflaganlaricha bor. Koʻkdalaning bepoyon qir-dalalarining sof havolaridan simirib, Beglamishsoy elatiga yetib keldik. Oʻzbek xalqi 92 bovli urugʻining shevalariday har mintaqada urf-odatlar ham xilma-xil va bir-biridan goʻzal. Chiroqchida vafot etganiga toʻrt oydan oʻtgan moʻminning yil oshi Navroʻz arafasida berilar ekan. Qaygʻusi eski yilda qolib ketsin, yangi yilda shodlik kelsin, degan tilak va niyatda. Shuningdek, joriy yilda (Navroʻzdan Navroʻzgacha) tushgan kelinlarning hammasi Navroʻz bayramida qaytadan kelinlik liboslarin kiyib, xalqqa salom berar ekan.

Narigi chetini koʻz ilgʻamas Beglamishsoy adiri bayram taraddudi bilan gavjum. Chodirlar tikilgan, doshqozonlarda (ularda hozir ham yer oʻchoqlardan keng foydalanilar ekan) sumalak, palov, shoʻrva, qashqadaryocha jiz, tandir kabob, yaxna uchun goʻsht pishib yotir. Katta supa-sahna tuzatilib, ovoz kuchaytirgich, kolonkalar qoʻyilgan. Uloqchi ot mingan chavandoz polvonlar, oʻzbek milliy kurashining ustalari boʻlgan zabardast polvonlar jam boʻlmoqda, roʻyxatdan oʻtmoqda.

Xolyor polvon Qodirov uch marta Oʻzbekiston chempioni – nafaqat Qashqadaryo, butun Respublikaga tanilgan polvon. U bizning tumanimiz farzandi, atoqli polvon Elyor Masharipovning ham ustozlaridan biri. Navroʻz bayramini tashkil qilgan ham, mutasaddi ham Xolyor polvonning  oʻzi! Chavandozlar ham, polvonlar ham, hamqishloqlari ham ismini aytmasdan “polvon” desalar boʻldi – Xolyor polvonni tushunishar ekan, “Polvon doʻxtir” deb eʼzozlashar ekan!

Polvon doʻxtir sahna – supa oldiga oʻrnatilgan mikrofonga borib, Navroʻz bayramiga atalgan tabrik sheʼrini oʻktam, yangroq ovozda oʻqib berdi. Xaloyiq gulduros qarsaklar bilan olqishlab, polvonning tabrigiga hamrozlik izhor qildi. Bayramga Qoraqalpogʻistondan aziz mehmonlar tashrif buyurganini, ularga tabrik uchun soʻz berilishini eʼlon qilar ekan, xaloyiqdan bu narsaga qattiq eʼtibor berishlarini soʻradi va bizni mikrofon oldiga chaqirdi. Bir zum oʻng qoʻlini koʻtarib, turgan-u oʻtirganlarning diqqatini jamladi.

- Yodingizdami doktor Nazar Tovosharov?!

- Yodimizda! – guvillab javob berdi xaloyiq.

- Yodingizdami doktor Onaxon opamiz?!

- Yodimizda! – yana guvilladi xaloyiq.

- Mana bu kishilar – aziz mehmonlarimiz – ana shu Onaxon opamizning hamyurtlari boʻladilar, – deb Tojiboy hoji Bozorboyevga soʻz berdi. Xaloyiq tinimsiz qarsaklar bilan ehtirom izhor qilardi, bu bizni kuchli hayajonga solardi, Onaxon opaning buncha hurmat-eʼzozni qanday topganlarini bilgimiz kelardi. Bu bayram taassurotlarining oʻzi bir dunyo. 27 ta kelinchakni qator qoʻyib, kelin salomlar aytib, bayramga hissa qoʻshganimiz zavqi ham yana bir dunyo! “Qiz bola oilasining, elining yuzi!” deb bekorga aytmas ekan-da, xalqimiz.

Bizning yurtimiz qizi – bizning hammamizning opamiz, singlimiz haqida aytilgan mehrli, sogʻinchli gaplar bizni toʻlqinlantirmasinmi! Bu gaplarni hamyurtlarimiz bilan oʻrtoqlashishning ertasi-yu kechi boʻlmas, deb bugun sizlarga ham ilindim.

Hurmatli suhbatdosh, taqdir-nasiba ishi bilan Qashqadaryoga kelin boʻlib tushgan, xizmati, adab-u ikromi, xulqi, ibo-hayosi bilan yorining ham, el-u yurtining ham muhabbatiga, hurmat-ehtiromiga sazovor boʻlgan hamyurtimiz Enajon Toʻliyevaga bagʻishlangan maqolam muqaddimasini Xolyor Qodirovning “Shaʼm soʻnadi, ammo Siz emas” nomli xotira kitobidagi ushbu soʻzlar bilan boshlasam afzal boʻlar, deb oʻyladim:

“Nazar Tovosharov Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidan. Enajon Toʻliyeva Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumani, Qilichboy qishlogʻidan.

Ikkalasi birga turmush qurib, oilaning hamma qiyinchiliklarini teng baham koʻrib, uch oʻgʻil, ikki qizni tarbiyalab, elga qoʻshishdi.

Onajon opa (Enajonni chiroqchiliklar shunday deb eʼzozlashar ekanlar) asli Amudaryo tumanida tugʻilgan boʻlib, oliygohni tugatgandan keyin Chiroqchiga, Nazar aka xonadoniga kelin boʻlib tushdi. Ularning oilasiga hamma havas qilar, goʻyo ikkalasining mehrigiyosi odamni sehrlab qoʻyardi.

Chiroqchiga ishga oʻtkazishganda ushbu xonadonda yashab ishladim. Har tong uygʻonar ekanman, Nazar aka va Onajon opa choy damlab turgan boʻlardi. Opa juda samimiy, mehribon edi. Doimo meni “Ogʻa” deb chaqirardi. Tibbiyot sohasidagi bilimlarimni boyitishda oʻz maslahatlarini ayamasdi.

Chiroqchida Onajon opani juda sevishardi. Ayniqsa, Chiyal xoʻjaligida ishlaganda Onajonning tutingan opa-singillari shunday koʻp ediki, hozirgacha hammasi uni armon bilan eslashadi, qoʻmsashadi...

Amudaryo polvon qizi,

Palaxmon toshi boʻldi.

Chiroqchilik Nazarning,

Umr yoʻldoshi boʻldi.

 

Ishladi yuragidan,

Xalqqa berdi borini.

Hayotini baxsh etdi,

Hamda kasb-u korini.

 

Hamma havas qilardi,

Ortidan termulishib.

Er-u xotin yashardi,

Baxtidan oʻrgulishib.

 

Oʻttiz yil ishlab berdi.

Chiroqchining eliga.

Hamma havas qilardi.

Doʻxtir kelin feʼliga.

 

Erta tongdan kelardi,

Ish joyi – chillaxona.

Ish joyda ham Nazari,

Unga doim hamxona.

 

Birov aytmadi: “Attang,

Doʻxtir kelin-a, yomon.

Birovni ranjitmadi,

Shiori: “Omon-omon!”

 

Uch oʻgʻil, ikki qizni,

Tortiq qildi elimga.

Nima boʻldi, ne boʻldi:

Koʻz tegdi-ya kelinga?!

 

Kasal boʻldi qoʻqqisdan

Uning suyangan togʻi.

Oʻttiz yil sirlashgani,

Yostiqdoshi, oʻrtogʻi...

 

Jonida jon qolmadi,

Davo izlab chopishdi.

Toshkentda sihatgohda,

Davosini topishdi.

 

Nazar qaytdi ishiga,

Ravon boʻldi yoʻllari.

Yana baxtli hayot deb,

Sayrardi bulbullari.

 

Uch oʻgʻil uchta joyda,

Oʻqish, ishini qilar.

Ikki qizi – ikki uy,

Xudodan omad tilar.

 

Qoʻqqisdan kelgan ajal,

Sirtmogʻin solib qoʻydi.

Shunday goʻzal bekani,

Elimdan olib qoʻydi...

 

Joying jannatda boʻlsin,

Deyman har kun erta tong.

Qabring nurlarga toʻlsin,

Qadrdonim, Onajon!"

Menga ushbu xotira kitobini berayotib, el salomatligi uchun umrini baxsh etayotgan bu jussasi alp Luqmon, qalbi azamat, yuragi shoirona tuygʻu va muhabbatlarga lim-lim pahlavon, bu qashqadaryocha dangal, koʻkdalachasiga jaydari, bir necha sheʼriy, falsafiy kitoblar muallifi, Chiroqchining Pahlavon Mahmudi koʻz yoshlarini tiya olmasdi. Oʻzini xotirjam tutishga harchand uringani sayin diydasi erib borardi:

- Vafotidan bir necha kun oldin Nazar aka Sizga opangizning gapi bor ekan, - deb qoldi. Darrov bordik. Onam oʻzini bardam tutib gap boshladi. “Mendan yosh boʻlsangiz ham, Sizni ogʻa dedim... meni opa dedingiz. Men opalik qiloldimmi bilmadim-u, lekin siz ogʻalik qildingiz... endi yana bir marta ogʻalik qiling...

- Hoʻv opajonim-ov, hamisha opalik qilib keldingiz, bir mening emas, butun elimizning kelinigina emas, bekasi, opasi boʻloldingiz! Ne yaxshi niyatingiz boʻlsa aytavering, inshaalloh bajarishga intilamiz, - dedim.

- Mana Nazar ogʻangiz huzurida aytadiganim shuki, bu elda men undim, oʻsdim, mehr topdim, farzandlar suydim, xizmatim qadrlandi. Hurmat-izzat qozondim. Mingdan-ming roziman! Endi agar menga bir gap  boʻlib qolsa, suyagimni elimga yuboring, ogʻajon, elimga yuboring... Sizning qoʻlingizdan keladi... Qilichboy elimga yuboring... – dedi.

Biz Nazar ogʻa bilan taskinga ham soʻz topolmasdik... Shunday boʻldi... Ikkita mashinada bittasida mayitni, ikkinchisida oʻn toʻrtta shifokor kasbdoshlarini kuzatuvchi qilib, janozasiga joʻnatdim. Oʻzim ularning ham ishlariga masʼul boʻlib qarab qoldim... Koʻp oʻtmay Nazar ogʻani ham berib qoʻydik... Lekin ularning porloq xotirasi Chiroqchi xalqining yodida abadiy yashashiga ishonaman...

Bizning hamyurtimiz boʻlgan Enajon Toʻliyevani ardoqlagan elga, shu elning dongdor farzandi Xolyor polvon Qodirovga, ularning farzandlariga baxt-u saodatlar tilab, ushbu kichik maqolamni yakunlar ekanman, yurtimizning qizlari – opa-singillarimiz taqdir taqozosi bilan qayerda boʻlsalar ham Enajon (Onaxon) Toʻliyevadek oq yuzli, obroʻli boʻlgay, deb tilayman.

Yurtboshimiz inson qadrini ulugʻlashga eʼtibor berayotgani hikmatlarga toʻla ekanligiga iqror boʻlaman. Qirqta biri-biridan hurmatli shifokorlarni xotirlab bitilgan bu kitobda goʻyo eng katta ehtirom bizning hamyurtimizga koʻrsatilganday. “Shaʼm soʻnadi, ammo Siz emas” kitobida aytilganiday:

Xotira bor ekan, tirikdir odam,

Yo yaxshi, yo yomon saylanajakmiz.

Ona yer bagʻrida bir kuni biz ham,

Albat xotiraga aylanajakmiz.

Shunday ekan, bu qisqa umrda har xil fitna-fasod, fisqu fujurdan yiroq boʻlib, ilm-hunar oʻrganishga, yaxshilik binosini bunyod etishga bel bogʻlaylik, ana shunda Vatanimizga, millatimizga xizmat qilgan boʻlamiz.

Tursunboy ABDULLAYeV, mehnat faxriysi.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026