NAZARXON OVULIDAGI QIZILMIYa OʻSIMLIGI PLANTATsIYaLARI MUHOFAZASI NAZORATDA
Qizilmiya oʻsimligi yurtimizda koʻp uchraydigan foydali oʻsimliklardan biri sanaladi. Asosan tabiiy holda oʻsadigan qizilmiya oʻsimligidan tibbiyotda, sanoatning turli yoʻnalishlarida va hatto, qishloq xoʻjaligida ham keng foydalanilsa boʻladi. Shu bois bugungi kunda ushbu oʻsimlikka AQSh, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa koʻpgina davlatlarda talab yuqori.
Bu borada Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2021-2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tabiiy-xomashyo va mineral resurslarini chuqur qayta ishlash boʻyicha xomashyo bazasini kengaytirish hamda shu asosda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilingan edi. Hujjatga asosan qizilmiya ildizini yigʻish va qayta ishlash sohasida qizilmiya ildizi plantatsiyalarini, birinchi navbatda, uning mamlakatda oʻsmaydigan yangi turlari plantatsiyalarini tashkil qilayotgan korxonalarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash orqali qizilmiya ildizi xomashyo bazasini kengaytirish va boshqalar rejalashtirilmoqda.
Amudaryo tumanida ham “Jayxun Golden land” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan koʻp yillardan beri qizilmiya oʻsimligi ildizi quritilgan holda tayyorlanib, eksport qilib kelinmoqda.
12-iyul kuni Nazarxon ovuliga ushbu jamiyatga qarashli boʻlgan qizilmiya oʻsimligi yetishtirilayotgan plantatsiyalarga Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalari Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, Nukus ilmiy-tadqiqot instituti, Qoʻmitaning va Kadastr agentligining tuman boʻlimi masʼullari tashrif buyurdilar.
Plantatsiyalarda qalamchalar va urugʻdan yetishtirilgan qizilmiya oʻsimligini koʻzdan kechirish, muhofaza qilinishni nazorat qilish kabi maqsadlarda tashrif buyurgan masʼullar oʻsimlikning turlarini koʻpaytirish va parvarishlash boʻyicha muhim tavsiyalar berishdi.
Mazkur yilda jamiyat tomonidan 25 gektar maydonda qizilmiya oʻsimligi yetishtirilib, parvarish qilib kelinmoqda. Shunga koʻra yetishtirilgan oʻsimlikning ildizidan yil oxirida 300 tonna eksport qilish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblarga koʻra, rentabelsiz bir gektar maydonda 5-yil mobaynida qizilmiya oʻstirish uchun 12 million soʻm xarajat qilinib, 14 tonna oʻsimlik ildizini olish mumkin ekan. Jahon bozorida esa uning bahosi yuqori. Qolaversa, ekin poyasidan ham 8000 tonna quruq mahsulot olinadi. Yerning meliorativ holati yaxshilanib, unumdorligi ortadi, tuproqning shoʻrlanganlik darajasi 2,5 barobargacha kamayib, azot, gumus bilan toʻyinadi. Ildiz hosili yigʻishtirib olingan yerga boshqa ekin ekilmasa, zarur agrotexnika tadbirlarini bajarish orqali oʻsimlikni qayta tiklash va yer ustidan har yili, yer ostidan esa 4-yildan keyin yana hosil yigʻishtirib olish mumkin.
Masʼullar tashrif davomida qizilmiya ildizi jahon bozorida raqobatbardosh tovarga aylanib borayotgani, oʻsimlik ildizidan foydalanish koʻlami kengligi va mahsulotning shifobaxsh xususiyatlari jahon farmokologiyasi va oziq-ovqat sanoatida uni yetakchi oʻringa koʻtarilayotgani xususida soʻz yuritishdi. Prezidentning “2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmonini amalga oshirish maqsadida qabul qilingan qaror asosida qizilmiya ildizini yetishtirishni koʻpaytirish va koʻp bosqichli qayta ishlash boʻyicha investitsiya loyihalarining roʻyxati shakllantirilganligini taʼkidlashdi. Bu shu ish bilan shugʻullanuvchi dehqonlar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham, qisqacha aytganda, iqtisodiyotimiz uchun nihoyatda foydali ekanligini eʼtirof etishdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistoning turli mintaqalarida qizilmiya ildizini tayyorlash va qayta ishlash bilan shugʻullanadigan turli mulkchilik shaklidagi korxonalar soni ortmoqda. Ushbu korxonalarning aksariyati mamlakatimizda oʻstirilgan va qayta ishlangan qizilmiya ildizining 70 foizdan koʻp qismini xorijga eksport qiladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi ostida yangi bosqichga kirgan ushbu ishlar ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶