AYoL-QIZLARDA ILOHIY QUDRAT, MEHR-OQIBAT BOR
Qishloqqa enamni koʻrgani bordik. Endi omonlik soʻrashib turgan edik, qoʻshni uydan shovqin-suron eshitilib qoldi. Doyilarim bir-biriga maʼnoli qarab olib, bizlarni ichkariga boshladi. Oldimizga dasturxon yozilib, choy keldi. Boyagi shovqin tinmadi. Oxiri enam qoʻshni hovliga ketdi.
“Ne gap” deganday Abdulla doyimga qaradim. “Qoʻshnimiz ichib olib, quturib yurib, oʻzi bosiladi. Onam hozir tinchitib keladi”, dedi. Men “mast boʻlsa, enamga zarar berib yurmasin, boraylik”, dedim.
– Yoʻq, qoʻshni oʻzi yomon odam emas, har vaqt ichsa, shunday hunar koʻrsatib turadi. Uning oʻgʻli yoʻq, shunga siqilsa kerak. Oʻzi oʻqituvchi, bizlarni ham oʻqitgan, uch qizi bor. Hayron qolaman, uch qiz bergan Xudo oʻgʻil ham berar axir?. Qiz farzand emasmi? Qizning tirnogʻiga zor odamlar bor. Olim boʻlib, odam boʻlmagan inson-a, bilsang – qiz uyning farishtasi. Shunday qizlar bor – oʻn oʻgʻilga tatiydi. Otalariga oʻgʻil olib bermagan rahmatlarni olib beradi, – dedi doyim.
“Bekajon” gazetasi bir tanlov tashkil qilgan ekan. Har bir farzand otalari haqida yozish kerak. Juda xayrli ish. Natijasini oʻqib koʻrsam, 98 foiz ishtirokchi qizlar oʻz otalaridan buyuk fazilatlar topib, toʻlib-toshib iftixor bilan yozgan. Nega qizlarchalik oʻgʻil bolalar otalarini yaxshi koʻrmaydi? Qiz ota-onaga mehribon boʻladi. Aka-ukalarini qadrlaydi. Hayotni kuzatsangiz – shunday hodisalar koʻp.
Nukusdan qaytayotgan edik. Qipchoqqa kelganimizda, bir ayol qoʻl koʻtardi. Akam mashinani toʻxtatdi. “Opa yomgʻirda yoʻlga chiqibsiz-ov”, dedi akam. Ayol:
– Akamning bolalaridan xabar olib kelayapman, checham oʻtib qoldi. Olti bola yetim qoldi. Hafta-oʻn kunda kelib non yopib, kir-chirlarini yuvib ketaman. Bugun sal kech qoldim. Hali bolalarimni bogʻchadan olishim kerak edi, – dedi u qimtinib. Opani bogʻcha hovlisigacha olib borib qoʻydik. Oʻylayman, xotini qazo qilgan akaning akasi bordir, inisi bordir, ular ham shu yupungina kiyingan singilga shunday fidoyilik qila olarmikin?
Bir kuni sud binosi oldiga borib qoldim. Bir toʻda odamlar turardi. Ular ichida bir ayol eʼtiborimni tortdi. “Akamni nohaq qamashdi, bu tuhmat”, deb duch kelgan odamga osilib yigʻlayapti. Tushundim. Akani sudlashayapti, singil uchun aka aybsiz. Bilsam, aka pora bilan qoʻlga tushgan ekan.
Shahar markazidan doʻkon solish uchun sotuvga qoʻyilgan bir yerga aka-uka talabgor boʻlib qolibdi. Yer ukaga rasmiylashtirilibdi. Agar shu yer uka emas, opa yo singilga tekkanida darrov akaga inʼom qilgan boʻlar edi. Akam orqamdagi suyanchigʻim, suyangan togʻim, akam doʻkon solib, kerilib yursa, men quvonaman, degan boʻlardi. Bu mening fikrim.
Azizlar, inson umri qisqa, oʻlchogʻlik. Nega shu qisqa umrda bir-birimizni asramaymiz, borimizni tugʻishganimizga ravo koʻrmaymiz? Aslida ayol-qizlarni ojiza deymiz-u, ulardagi mehr-oqibatdan, qudratdan biz erkaklar oʻrnak olishimiz kerak!
Xumoyun AHMEDOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶