OʻZBEKISTON FARZANDI EKANLIGIMDAN FAXRLANAMAN,deydi Pak Vladimir Aleksandrovich
Bu roʻyi zaminda turfa millatlar, turfa el va elatlar bor. Dunyoning qay bir joyida oq tanli qora tanlini irqiy jihatdan kamsitsa, qaydadir millatchilik nizolari tufayli insonlar biri-birini yanchib tashlashga tayyor. Ammo bizning Oʻzbekistonda, ming shukurki, millatlararo totuvlik tuygʻusi har bir qalbga, har bitta mahallaga, oilaga maʼnaviy kuch bagʻishlaydi. Shuning uchun ham mamlakatimizda salkam 140 ga yaqin millat vakillari ahil-inoq yashab, mehnat qilishadi.
Birgina bizning Amu elimizda 10 dan ortiq millat vakillari oʻrtasida xuddi tugʻishgan qarindoshlarday mehr-oqibat rishtalari bor. Mangʻit shahrining Navoiy nomli mahallasida yashovchi koreys millatiga mansub Pak Vladimir Aleksandrovich va uning rafiqasi Zoya Munlar oilasini koʻpchilik yaxshi tanishadi. Buning boisi bor, albatta. Chunki Vladimir uchun ham, Zoyaxonim uchun ham Mangʻit – kindik qoni tomgan tuproq, aziz Vatan. Ular ana shu muqaddas goʻshani dunyoning jamiki moddiyatlaridan ulugʻ tutib, mangʻitliklar bilan qon-qarindosh, doʻst boʻlib yashashdan maʼnaviy kuch oladilar.
– Ota-onam oʻzlarining bolalik davrlarini achchiq xotiralar bilan hikoya qilardilar, – deydi Pak Vladimir Aleksandrovich. – Chunki bobom va buvim qatagʻon qurbonlari boʻlishgan ekan. Barcha qarindoshlarimizni sobiq SSSRning turli oʻlkalariga surgun qilishganlarida bobom bilan buvimning taqdiri Qozogʻiston Respublikasi bilan tutashgan va shu yurtdagi sargardonlik yillarida otam Pak Aleksandr dunyoga kelgan.
Vladimirning otasi ulgʻayib, taqdir taqozosi bilan oʻzi tengi koreys qizi Kim Lyudmila bilan turmush qurishgan.
– Onam Kim Lyudmilani koʻpchilik tanirdi, – deydi Vladimir Aleksandrovich. – U umr boʻyi tibbiyot birlashmasida hisobchi vazifasida ishladi. Otam esa montyorlik kasbi bilan xalqimizga tanilgan juda mehnatkash inson edilar.
Rossiyaning Volgograd shahridagi telekommunikatsiya texnikumini tugatgan Vladimir Aleksandrovich hamisha el-yurt xizmatida. Umr yoʻldoshi Zoya Mun bilan ikki oʻgʻilni tarbiyalab, voyaga yetkazishmoqda. Katta oʻgʻli Andrey QDUning iqtisodiyot fakulteti talabasi, kichik oʻgʻli Aleksandr esa 30-sonli maktabning aʼlochi oʻquvchilaridan biri.
Vladimir Aleksandrovich bilan Zoyaxonimning oʻzlari hamisha hayotda amal qiladigan shiorlari bor:
– Insonning koʻngli toza, feʼli toʻgʻri boʻlsa, hech qachon, hech kimdan yomonlik koʻrmaydi, – deyishadi ular.
Haqiqatan ham bu xonadondan yaxshilarning aslo qadami uzilmaydi. “Vision” kompaniyasining dileri sifatida koʻpchilikning ogʻirini yengil qilishga hamisha intilib turguvchi Zoya Mun hayit va bayramlarda gul-gul ochilib, xalq sayillariga chiqishni, mahalladoshlarini muborakbod etishni xush koʻradi.
– Navroʻz – juda ajoyib bayram, ayniqsa, sumalak sayillari zoʻr! – deydi Zoya Mun mamnuniyat bilan.
– Bundan ham zoʻri – yetti yoshdan yetmish yoshgacha, keksa-yu yosh birgalikda koʻchat ekishgani, – deydi Pak Vladimir Aleksandrovich. – Oʻzbek xalqining samimiyligi, mehr-oqibati, saxovatpeshaligi Navroʻzda yaqqol namoyon boʻladi. Ana shunday yurtni mening Vatanim, deyish naqadar baxt. Biz oilamiz bilan Oʻzbekistonga farzand ekanligimizdan, oilamiz ana shu buyuk Vatan ichra kichik bir Vatan – farovon, obod, tinch goʻsha ekanligidan hamisha faxrlanamiz! Barcha yurtdoshlarimizni Navroʻzi olam bilan chin dildan muborakbod etaman. Mamlakatimizda DOʻSTLIK TINChLIK, TOTUVLIK, MUSTAQILLIK MANGU BARQAROR boʻlsin.
Robiya YOʻLDOShEVA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶