YILLAR ZAHMATIDA TOBLANGAN ShIFOKOR
Bismillahir rohmanir rohiym!
Inson! U Yaratganning noyob moʻʼjizasi. Umri davomida ne-ne sinovlarni, baxtli, baxtsiz onlarni boshidan kechirmaydi, deysiz? Agar kimningdir hayoti shunday qiyinchiliklar va mashaqqatli mehnat bilan yoʻgʻrilgan boʻlsachi, bunday inson oʻz umrining sarhisobidan, bosib oʻtgan hayot yoʻlidan rozi boʻladimi?
Men Abdulla Sadatdinov haqida koʻp eshitganman va bu mehnatkash insonni shaxsan oltmishinchi yillardan beri taniyman. Shu bois, tumanimiz shifokorlari haqida xotira kitobi yozishga kirishgan dastlabki kunlarimdayoq ana shu inson bilan atroflicha suhbatlashdim.
Toʻgʻrisini aytsam, toʻqson yoshni qoralab qoʻygan boʻlsalarda, hali yetmish yoshlardagidek koʻrinadigan tetik, yuz-koʻzlarini hanuz oʻziga xos nur, gʻayrat va shijoat tark etmagan bu otaxon shifokor bilan suhbatlashish maroqli edi.
Suhbatimizning asosiy mavzusini tumanimiz tibbiyotining yarim asrlik tarixidagi turfa voqealar, rahbarlar, kadrlar va ularning ish faoliyatlari haqida Abdulla akaning jonli guvoh va soha ustozi sifatidagi shaxsiy fikr va mulohazalari tashkil etdi.
Abdulla Sadatdinov oʻz hayoti va mehnat faoliyatida necha minglab dardmandlarning dardiga davo, xasta insonlarga esa shifo ulashgan qoʻli yengil shifokorlardan boʻlganligini amudaryoliklar yaxshi bilishadi. Uning koʻksida baʼzi bir insonlarga oʻxshagan qator-qator orden va medallar, davlat mukofotlari yoʻq. Biroq u oʻzining 50-yildan koʻproq davr mobaynidagi halol mehnatlari bilan allaqachon uni bilganlar qalbida oʻzining maʼnaviy haykalini oʻrnata olgan inson.
Abdulla Sadatdinov 1932-yilning 27-dekabrida Mangʻit shahrining Koʻhna qalʼa dahasida tavallud topganlar. Otasi Sadatdin bobo oʻz davrining xat-savodli, el nazariga tushgan insonlaridan boʻlganliklari boisidan farzandlari Abdulla va Saʼdullalarning oʻqishiga va kasb tanlashlariga oʻta jiddiy eʼtibor bilan qaraganlar.
Abdulla 1950-yilda Mangʻitdagi 1-sonli oʻrta maktabning 10-sinfini aʼlo baholar bilan bitirib, shu yilning oʻzidayoq Toshkent Davlat Tibbiyot institutining pediatriya kulliyotiga oʻqishga kiradi.
U 1956-yilda oliygohni muvaffaqiyatli bitirib, oʻsha paytlarda Xorazm viloyati tarkibida boʻlgan Mangʻit tumanining markaziy shifoxonasiga taqsimot hayʼatining yoʻllanmasi bilan ishga kelib, terapevt-shifokor vazifasiga tayinlangan.
Oradan oʻtgan yillar ichida uni rahbariyat qayerga ishga yuborsa, oʻsha yerda sidqidildan ishlayverdi, oʻqidi, oʻrgandi, tajriba orttirdi va xalqning jonkuyari boʻldi. 1957-yildan markaziy shifoxonaga yuqumli kasalliklar shifokori qilib tayinlandi. 1961-yildan esa uni yangidan tashkil etilgan koʻz traxomasi dispanserining bosh shifokori lavozimiga munosib koʻrishadi. Oʻsha yillarda koʻz traxoma kasalligiga qarshi yoppasiga dispanserizatsiya usulida aholini emlash tadbirlari respublika miqyosida oʻtkazilayotgan bir davr boʻlgan. Abdulla Sadatdinov dispanser rahbari sifatida kechayu kunduz tinimsiz ishlashiga, qoʻl ostidagi tibbiyot xodimlarini esa bir maqsad sari uyushgan holda ishga yoʻnaltirishiga toʻgʻri kelgan. 1963-yilning oxirlarida bu fidoyi inson Y.Oxunboboyev nomli qishloq uchastka kasalxonasiga bosh shifokor qilib ishga yuboriladi. Oʻsha paytlarda bu uchastka kasalxonasi faqat nomigagina kasalxona maqomini olgan boʻlib, xoʻjalikning qarovsiz holatdagi eski, uch xonali zax binosida joylashgan edi. Tez fursatlarda yosh va gʻayratli bosh shifokor kasalxona uchun sharoit yaratishni soʻrab tuman rahbarlari oldiga kiradi. Koʻzlagan maqsadiga erisha olmagach, hatto Respublika rahbariyatiga ham bu masalada yozma arznomalar qilib koʻradi. Oʻsha yillarda ana shunday jonkuyarlik va haqiqat uchun kurashgan, toʻgʻri soʻz kadrlar mahalliy rahbarlarga mutlaqo yoqmas edi. A.Sadatdinov el-yurt manfaatini koʻzlab qishloq joyda shifoxona binosi qurish masalasini koʻtarib chiqqanligi uchun ham mahalliy rahbarlarga yoqmay qolgan edi. Natijada shundan keyin aholi orasida tanilgan shifokor A.Sadatdinovni 1964-yilda hozirgi Choykoʻl ovuli hududidagi qishloq uchastka kasalxonasiga bosh shifokor qilib yuborishgan. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, 1966-yilda tumanda yangidan tashkil etilgan kolxozlararo kasalxonaga bosh shifokor qilib yuborishadi. 1967-yilning may oyidan esa unga sobiq Leninizm kolxozi hududidagi qishloq uchastka kasalxonasiga shifokor-venerolog sifatida buyruq tayyorlangan. Abdulla akani 1967-yilning iyulidan esa tuman Tibbiyot birlashmasiga boʻlim boshligʻi qilib ishga qaytarishadi. Keyinchalik 1969-yilning boshidan markaziy kasalxona rahbariyati tomonidan unga qarshi qoʻllanib kelingan davomli taʼqiblardan qutulish maqsadida oʻz xohishi bilan tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 1-bolalar bogʻchasiga shifokor boʻlib ishga oʻtadi.
Bolalari ulgʻaygani sari Abdulla aka va turmush oʻrtogʻining oylik maoshlari oila ehtiyojiga yetmay qola boshladi. Shuning uchun qoʻshnisi, mashhur yogʻochsoz usta Abdulla maxsumdan yogʻoch qoshiq va tovoq tuzatish sir-asrorlarini keksa shogird tezda oʻrganib oldi. Boʻsh vaqtlarida Abdulla aka bu ish bilan ham muntazam shugʻullanib, bola-chaqalariga halol rizq topib berganlar va ularni oliy oʻquv yurtlarida oʻqitganlar.
U oʻzi va oilasi uchun ham ishladi, mehnatdan halol rizq-roʻzini izladi, birovdan tama qilmadi. Men Abdulla akaning boshiga tushgan zahmatlarni, ehtimol, toʻla yoritib bera olmagan boʻlishim mumkin. Ammo keyingi yillarda mamlakatimizda inson haq-huquqlarining toptalishi va tahqirlanishlariga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilayotgani koʻngillarga taskin beradi. Sababi Abdulla aka hayoti timsolida bir inson shaxsiyati yotganligini hisobga olsak, mehnat jamoasidagi hamkasblari, qolaversa, kasbdosh shogirdlari uning taqdiriga befarq qaragani kishini ajablantiradi, rahbarlarning esa voqealar tizimini xolisona baholashdan koʻra loqaydligidan hayratlanamiz. Axir inson jamiyatda yashar ekan, oʻzi ishlab turgan mehnat jamoasidan chetda qolishi mutlaqo achinarli bir holat. Bundan ham yomoni, tumanda maʼlum va mashhur tajribali shifokorning taqdiriga befarq qaralgani, hatto shu kungacha bayramlarda, tantanali kasb bayramlarida toʻqson yoshni qoralab qolgan bir aziz keksa shifokorni biron marta ham jamoat tashkilotlari yoki soha maʼmuriyati vakillari tabriklashga, koʻnglini koʻtarishga eʼtibor bermaganidir.
Biz tumanimiz tibbiyotining chinorlari haqida asar yozishni rejalashtirgan va tumanimizda bilimdon va fidoyi shifokor sifatida tanilgan faxriy tibbiyot xodimi bilan bir qalamkash sifatida suhbatlashishga borgan edik. Ammo ushbu soha faxriylarining bunday holatiga duch kelib, oʻzimiz ham nihoyatda mulzam boʻlib qoldik.
Faqat muhim ishlardagina haqiqatni aytish va unga rioya qilish shart, deb oʻylamasligimiz kerak. Hamisha, hamma yerda, hatto eng arzimas ishlarda ham yolgʻonga yoʻl qoʻymay, haqiqatni aytmoq va unga qatʼiy rioya qilmoq lozim.
Gapning qisqasi, keksa avlodlarimizni hurmat qilish va ularni eʼzozlash, holidan xabar olib turish bu – oʻzbekona milliy qadriyatlarimizning ajralmas bir qismi. Bunga amal qilish esa barchamizning muqaddas burchimizdir.
Qodirbergan hoji.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶