AHIL VA TOTUV IKKI XALQNING QARDOShLIK RIShTALARI MUSTAHKAM
Oʻzbekiston turli millat va elat vakillariga beshik, Vatan boʻlib kelayotgan muqaddas goʻshadir. Diyorimizda 130 ga yaqin millat va elatlar ahil-inoq va tinch-totuv yashab kelishmoqda. Har bir millatga xos boʻlgan urf-odat, qadriyat va anʼanalar saqlab qolinishiga, davom ettirilishi va rivojlantirilishiga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Yurtimizda boshqa millat vakillari singari turkman millati vakillari ham hamjihatlik, totuvlik bilan yashab, turli sohalarda faoliyat koʻrsatishmoqda. Oʻz mehnatlari bilan mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati yuksalishiga, rivojlanishiga munosib hissa qoʻshishmoqda.
Tumanimizning Amir Temur nomli ovulidagi “Mehnatkash” aholi punktida istiqomat qiladigan Bibizuhra Annasanova ham koʻp yillar xalq taʼlimi sohasida xizmat qilib, bolalarga taʼlim berdi. Qishloqdagi 25-maktabda 35-yil oʻqituvchilik qildi. Maktabga ilk qadam qoʻygan ovul bolalarining savodini chiqarib, turkman alifbosini tanitgan Bibizuhra ejega ovul ahlining hurmati baland.
– “Mehnatkash” aholi punktida 650 nafarga yaqin aholi yashaydi, – deydi ovul fuqarolar yigʻini raisi Oybek Yusupov. – Qishloqdagi 100 dan ziyod xonadonda 160 ga yaqin oila bor. Bibizuhra eje Annasanovaning oilasi qishloqdagi ibratli oilalardan. Farzandlarini ham yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalagan eje hozir nafaqat oʻgʻilu-kelinlari, balki elning ham ardogʻida.
Shu ovulda tugʻilib voyaga yetgan Bibizuhra Annasanovaning ota-onalari shu yurtni Vatanim deb, xalqni qon-qarindoshim deb yashagan oilalardan boʻlgan. Bu oila toʻy-maʼrakasi, urf-odati bir, tutumlari-yu, udumlari ham oʻxshash xalq bilan birga yashab, shu makonda eʼzoz topdi. Barcha imkoniyatlar yaratilgan shunday yurtda kamolga yetayotgan yosh Bibizuhra Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshib, yoshlarga taʼlim-tarbiya berish maqsadida oʻqituvchi boʻlishga ahd qildi. U oliygohni tugatib, ovuldagi maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ish boshladi. Endi ish boshlagan kezlarida shu ovuldagi turkman oilalaridan biriga kelin boʻldi. Uch farzandni dunyoga keltirgan Bibizuhra, negadir ogʻir betoblikka chalindi.
Betoblik holdan toydirgan Bibizuhra qattiq tushkunlikka tushib qoldi. Ammo u uch nafar qora-koʻzlari, oʻgʻillari uchun yashashi kerakligini his qilib, qaddini tikladi. Maktabda birga ishlayotgan oʻzbek, turkman hamkasblari unga dalda boʻlishdi. Oʻzini butunlay ishga bagʻishlagan Bibizuhraga maktabda oʻquvchilari, uyda esa farzandlari yupanch boʻldi.
– Bibizuhra eje farzandlariga ham ota, ham ona boʻldi, – deydi tuman Xotin-qizlar qoʻmitasining mutaxassisi Dildora Xudoyberganova. – Har birini hunarli, odobli va kamtarin insonlar qilib voyaga yetkazdi. Oʻz farzandlarining tarbiyasi bilan cheklanib qolmasdan, maktabda oʻquvchilarning ham savodini chiqardi. Ularga ilk bor harf oʻrgatib, qoʻliga qalam tutqazgan Bibizuhra ejedan ovul ahli juda minnatdor.
Bibizuhra Annasanovaning katta farzandi Vafo Rahmonov tumandagi mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xususiy korxonalardan birida hisobchi boʻlib ishlaydi. Ikkinchi farzandi Quvonchbek Rahmonov esa nonvoychilik qiladi. Oilaning kichigi Ravshanbek Rahmonov ham akasi Quvonchbek bilan nonvoychilik qilib, el koriga yaramoqda. Bibizuhra ejening kelinlari Mehrijamol, Shukurjon, Gulnurlar mohir toʻquvchi, tikuvchi, pazanda.
– Ota-bobolarimiz bu elni makon tutishganiga yuz yillardan ham oshib qoldi, – deya soʻzlaydi Bibizuhra eje. – Bu davr ichida oʻzbek va turkman millati ogʻa-inidek, qon-qarindosh boʻlib, mustahkam rishtalar bilan bogʻlandi. Anʼana va urf-odatlarimiz oʻxshash bu xalq bilan qiz olib, qiz berib quda-qarindosh boʻldik. Bizning udumlarimiz oʻzbekona udumlar bilan uygʻunlashib ketgan.
Ovulda yashayotgan turkman millati vakillari toʻy-maʼrakalardan boshqa paytda ham mehmon poyiga jonliq soʻyib siylashadi. Eng tansiq taomlari boʻlgan palovdan tashqari, chalpak, qatlama, kunjili goʻja, goʻshtli goʻjalar tayyorlab, dasturxonni toʻldirishadi. Oʻgʻil-qizlarini voyaga yetgunicha, albatta, biror hunarga oʻrgatishadi. Ayniqsa, qizlar toʻqish-tikishni puxta oʻrganib, oʻzlari uchun kelinlik sarpolarini tayyorlashadi. Bibizuhra eje oʻzi bilgan turkmaniy naqshlar toʻqishni ovuldagi oʻrganishni havas qilgan oʻzbek qizlariga ham bajonidil oʻrgatadi.
Eje ovulda oʻzbek va turkman oilalarining ikki xalqda bir xil boʻlgan “Qiz chiqarish” toʻylarida qiz uzatilayotganda laparlar aytib, fayz kiritadi. Oʻz laparlarida qiz uzatish momolardan qolgan meros ekanini kuylab, ota-onasiga tasalli beradi va kelin boʻlmishning borgan xonadonida unib-oʻsib, uvali-juvali boʻlib ketishiga tilak bildiradi. Faqat qishloqdagina emas, ovulda oʻtadigan turkman va oʻzbek milliy bayramlarida ham Bibizuhra Annasanovaning tashkilotchiligini, faolligini koʻrish mumkin. Tuman miqyosida oʻtkaziladigan Navroʻz, Mustaqillik bayrami tadbirlarida darhol ovul ayollarini toʻplab, qoʻshiq va laparlar bilan birga dasturxonga ham ikki millatning milliy taomlarini tayyorlashga kirishadi.
Biz tashrif buyurgan kunimiz Bibizuhra ejening xonadonida qoʻni-qoʻshni, quda-qarindosh, doʻst-yorlar jam boʻlishgan ekan. Oʻtgan yili uylantirgan kichik oʻgʻli Ravshanbek farzandli boʻlib, ejening nevaralari yana bittaga koʻpaydi. Uning quvonchini birga baham koʻrish uchun kelgan mehmonlar bilan xonadoni toʻldi.
– Nasib qilsa, shu nevaram bir yoshga toʻlganida “Soch toʻyi”ni oʻtkazaman, – deydi quvonchini sigʻdirolmay Bibizuhra eje. – Bizda bir yoshga qadar bolaning sochi olinmaydi. Bir yoshga toʻlganida marosim oʻtkazilib, katta yoshdagi togʻasi bolaning sochiga qaychi tekkizadi. Buning maʼnosi shuki, bolaning togʻasiga oʻxshab baʼmani, el koriga yaraydigan yigit boʻlib voyaga yetishiga tilak bildiriladi. Bunday odat nafaqat turkman millatida, balki oʻzbeklarda ham bor. Udum va odatlarimiz oʻxshash oʻzbek xalqi bilan biz bir tanu-bir jon boʻlib ketganmiz.
Shoirlardan biri, oʻzbek-turkman xalqlarining doʻstlik va qardoshlik tarixini Amu daryosidan uzun, deya taʼriflagan edi. Darhaqiqat, bu ikki xalqning faqatgina urf-odati emas, madaniyati va tili ham bir-biriga yaqin. Amir Temur nomli ovulda ildizi bir daraxt kabi tomir otib yashayotgan Bibizuhra eje Annasanova, Tirkash ogʻa Omonov, Sattorbergan ogʻa Rahmonov, Odoy ogʻa Tilepov, Xolboy ogʻa Guvajanov kabi elda eʼzoz topgan insonlar ham yosh avlodga namuna boʻlib, ham bu ikki xalq oʻrtasidagi ahillik va totuvlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga hissa qoʻshib yashaydi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.
Maqola “Jayxun ilhomlari” NNTning “Oʻzbekiston – maftunkor diyor”
nomli davlat granti loyihasi doirasida chop etilmoqda.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶