SOʻNGGI PUShAYMON
Bir ish bilan navbat kutib oʻtirganimda, yonimga bir yosh ayol kelib oʻtirdi. U koʻrinishidan judayam xafa edi. Bir ozdan soʻng chuqur “uf”, tortdi-da oʻzi gap boshladi:
– Judayam charchab ketdim! – dedi u.
Uning gapirgisi kelayotganini sezib soʻradim:
– Tinchlikmi, nima gap?
Ayol toʻlib turgan ekanmi, hamdard topilganidan suyunibmi, yuzi yorishdi. Birinchi turmushidan bir bolasi bilan ajrashgan ekan va boshqa kishiga turmushga chiqibdi. Erining ham 3 farzandi bor ekan, u yana bir farzandni dunyoga keltiribdi. Oʻzi hech qayerda ishlamaydi. Erining topayotgani esa roʻzgʻorga zoʻrgʻa yetar ekan. Qisqasi, ayol ikkinchi turmushidan ham juda norozi.
– Ikkinchi marta turmushga chiqmasam boʻlar ekan, – pushaymoni ichiga sigʻmaydi ayolning. – Birinchi turmush oʻrtogʻim allaqachon uylandi. Agar oldinroq chaqirsa, qaytib borar edim, – deydi.
Men unga: – Oʻzing sal sabrli boʻlishing kerak edi, – dedim.
– Ikkala bolamni bir-biriga oʻgay qilib qoʻydim, ikkalasining otalari boshqa-boshqa. Hozirgi erim bir bolamni erkalatsa, birini turtadi...
Ayol oʻz xatosini tushunib turibdi, biroq endi kech, juda kech.
– Ikkinchi turmush qurishga shoshmaganimda bunday qiynalib yurmas edim, – deydi boshini chayqab.
– Salgina qanoatli boʻlganimda hammasi boshqacha boʻlardi...
Ha, azizlar, albatta, boshqacha boʻlardi, ayolning farzandlari ham biri-biriga oʻgay boʻlishmasdi...
Inobat Otajonova, 38-maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶