AGRAR SOHA RIVOJI – TOʻKINLIK OMILI
Mamlakatimiz dehqonlari mustaqillik tufayli yerning haqiqiy egalariga aylandi. Dehqon yerga mehr qoʻyib, uni toʻyintirdi, yer esa dehqondan saxovatini ayamadi.
Agrar sohani isloh qilish, modernizatsiyalash, qishloq xoʻjaligiga yangi, zamonaviy tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha olib borilgan tizimli ishlar, fermerlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, qishloq joylarida mulkdorlar sinfini shakllantirish borasidagi siyosat natijasida biz uchun mutlaqo yangi boʻlgan, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati rivojlandi, don ekiladigan, poliz va sabzavot ekinlari ekiladigan maydonlar kengaytirildi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq muhtaram birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning fermer xoʻjaliklarini tashkillashtirishga eʼtibor qaratgani tufayli boshqa sohalar qatorida qishloq xoʻjaligi sohasida ham bir qancha ijobiy yutuqlarga erishildi. Fermerlik harakati yildan-yilga rivojlanayapti. Fermerlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga qoʻshayotgan ulushlari tobora ortib borayotganligini paxtachilik, gʻallachilik va boshqa sohalarda erishilayotgan yutuqlar misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin.
Yerlarning uzoq muddatli ijara mulki qilib berilishi va qishloqda bozor munosabatlarining joriy qilinishi fermer xoʻjaliklarini shakllantirish hamda rivojlantirishning eng muhim omili hamda asosi boʻldi. Fermer xoʻjaliklarining qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulushi 99,5 foizni tashkil qiladi.
Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning saʼy-harakatlari bilan fermerlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Shu kunga qadar fermerlarning haq-huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama rivojlantirish maqsadida Prezilentimiz va hukumatimizning oʻttizdan ortiq Farmon va qarorlari, oʻnga yaqin qonun va 4 ta Kodeksning qabul qilingani ushbu fikrimizni yaqqol isbotlaydi.
Mustaqillik yillari davomida qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar natijasida jamoa xoʻjaliklari tugatilib, ularning oʻrnida fermer xoʻjaliklari tashkil etildi. Ayni kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5430 ta fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 3682 fermer xoʻjaligi paxta-gʻallachilik, 321 tasi sabzavot va polizchilik, 377 tasi chorvachilik, 514 tasi bogʻ va uzumchilik, 326 tasi gʻalla va sabzavotchilik, 210 tasi boshqa yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatishadi.
Bu fermer xoʻjaliklariga jami 288 ming 898 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, ularda ishlovchi kishilar soni 12490 nafarni tashkil etadi.
Joriy 2016-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish boʻyicha manzilli Dastur qabul qilindi. Ushbu dasturga asosan Respublika boʻyicha jami 748 ta fermer xoʻjaliklarini koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga aylantirish nazarda tutilgan edi. Joriy yilning iyul oyiga qadar 433 ta koʻp sohali fermer xoʻjaliklari tashkil etilib, ulardan 429 tasiga imtiyozli kreditlar ajratildi.
Mamlakatimizda ichki bozorlarimizni sabzavot, kartoshka, meva va poliz mahsulotlari bilan yil mobaynida doimiy taʼminlash, shuningdek, chet el bozorlarini oʻtimli va raqobatga chidamli boʻlgan toza meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga chiqarishning koʻlamini kengaytirish va turlarini koʻpaytirishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 12-apreldagi "Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini sotib olish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori eng muhim ahamiyatga ega boʻldi. Ushbu qarorning ijrosini taʼminlash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qarori asosida 2016-yil hosilidan boshlab toza meva va qayta ishlangan meva-sabzovot mahsulotlarining "Oʻzagroeksport” ixtisoslashgan tashqi savdo kompaniyasi tomonidan tashqi sheriklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri eksport shartnomalari, shuningdek, fermer va dehqon xoʻjaliklari, agrofirmalar va qayta ishlash korxonalari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha eksport etilishi keng yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bunday tadbirlarning amalga oshirilishi aholi oziq-ovqat xavfsizligini toʻliq taʼminlash bilan bir qatorda noyob va betakror boʻlgan mahsulotlarimizning eksport hajmini bir necha barobar oshirish, mamlakatimizni dunyo oziq-ovqat bozoridagi yetakchi davlatlar qatoridan mustahkam oʻrin egallashiga imkon beradi.
Allambergan JUMANIYoZOV,

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶