QALBLARGA BITILGAN USTOZLAR YoDI
Men har gal Qilichboy zaminiga qadam qoʻyganimda oʻzim uchun eng aziz va qadrdon insonlar hayoti bilan bogʻliq xotiralar uygʻonadi qalbimda. "Yuqori qishloq” mahallasining sertuproq yoʻllarini changitib oʻtgan bolaligim – begʻubor podshohligim, mening amrimni har doim vojib deb bilguvchi mehribonlarim qiyofasi koʻz oʻngimda gavdalanadi. Ayniqsa, menga oq-qorani tanitib, qalbimga maʼrifat nurlarini yoʻgʻirgan ustozlarim, ularning fidoyiliklari, biz oʻquvchilarini xuddi ota-onamizday mehr koʻshklarida avaylab, taʼlim-tarbiya berib ulgʻaytganlari, har birimizning kelajagimiz haqida qaygʻurib, yelib-yugurganlari yuragimda sogʻinch hissini uygʻotadi.
OTAMIZDAY AZIZ
XIDIR OGʻA
Xidir ogʻa Bobojonov (Alloh rahmat qilsin) haqiqatan ham otamizday aziz, bizga hamisha gʻamxoʻr nison edilar. "Oʻqigan – oʻzadi, - derdilar doim ustoz dars oxirida, - oʻzish – yugurib-chopish emas, hayotda ilgʻor fikrli inson sifatida shakllanish...”
Ustozning darslari kabi suhbatlari ham gʻoyat maroqli boʻlardi. Chunki Xidir ogʻa juda yoshligidan hayot sinovlarida toblangani, aʼlo oʻqigani, umumtaʼlim maktabining 7-sinfini imtiyozli tugatgani uchun oʻzi oʻqigan maktabda oʻqituvchilik qilgan, 1941-yildan 1943-yilgacha ikkinchi jahon urushi janggohlarida fashizmga qarshi kurashgani haqida oʻzi juda kam, juda kamtarona gapirardilar.
1943-yilda janglardan birida ogʻir yaralangan Xidir ogʻa ona qishlogʻiga qaytib kelib, yana yoshlarga taʼlim-tarbiya berishdek sharafli kasbini davom ettirdi.
Umrining asosiy qismini yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan ustozning koʻksini "Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi”, "Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari, bir necha jangovar medallar bezadi. 8-sonli umumtaʼlim maktabiga 40 yil davomida rahbarlik qilgan ustoz bu bilim maskani binosini qaytadan qurish, taʼmirlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlariga bosh-qosh boʻldi.
UDDABURON USTOZ EDILAR
Davlatboy aka Jumamurodov siymosida oʻta talabchan, qattiqqoʻl, shu barobarida mehribon va kuyunchak inson gavdalanadi. Davlatboy aka ham xuddi Xidir ogʻa kabi 7-sinfni tugatiboq oʻqituvchilar yetishmasligi boisidan 8-sonli maktabga boshlangʻich sinf oʻqituvchisi qilib ishga qabul qilingan. Ish faoliyatidan ajralmagan holda NDPIning matematika fakultetini tamomlagan Davlatboy aka 8-sonli maktabda yoshlarga hisob-kitob ilmidan saboq berdilar. Ustoz nafaqat jonkuyar oʻqituvchi, balki uddaburon tashkilotchi ham edilar. U bir vaqtning oʻzida oʻta qattiqqoʻllik bilan oʻquvchilarga matematika ilmini oʻrgatar, maktab oʻquv ishlari boʻlimiga rahbarlik qilar, maktabga tabiiy gaz tarmogʻi tortish, bogʻ yaratish, 10 gektarlik oʻquv-tajriba xoʻjaligi ishlarini yuritish bilan shugʻullanar va bularning barchasini qoyilmaqom qilib uddalardilar. Davlatboy akaning uddaburonligi tufayli maktab oʻzining 3 gektarlik mevazor bogʻiga ega boʻldi, hashar yoʻli bilan maktabga 5 ta qoʻshimcha sinfxonalar qurildi. Paxtadan olingan daromad hisobidan maktabning 20 nafar aʼlochi oʻquvchilari 1986-yilda Rossiyaning Moskva va Volgograd shaharlariga sayohatga borib kelishdi. Xalq taʼlimi aʼlochisi, "Mehnat faxriysi” va "Shuhrat” medallari sohibi Davlatboy aka Jumamurodov barpo etgan 3 gektarlik bogʻ hamon shovullab, ustoz bilan bogʻliq xotiralarni yodga solib, yaxshilik va ezgulik iforlarini taratib turibdi.
SAMIMIY INSON EDILAR
Maktabimizning bolalar yetakchisi Tursunboy aka Xudoyberganov deyarli har kuni bizning yurish-turishimiz, kiyinishimiz, muomalamiz, oʻqishimiz bilan qiziqar, maktabdagi ish kunini biz oʻquvchilarning ana shu jihatlarimizni nazorat qilishdan boshlardilar. NDPIning boshlangʻich taʼlim uslubiyati fakultetini tugatgan Tursunboy aka oʻz kasbining chinakam ustasi edilar. Biz bolalar bilan shugʻullanishdan aslo charchamaydigan ustoz bilan birgalikda turli bayram va tadbirlarga tayyorlanardik. Yangi sheʼrlar, ashulalar oʻrganardik.
Tursunboy Xudoyberganov bir qancha vaqt qoʻshni mahalladagi 63-sonli boshlangʻich maktabga direktorlik ham qilgan.
Oradan 40 yillik vaqt oʻtib, maktab tahsili davridagi xotiralarni esga olarkanman, Tursunboy aka hamon bizni tergab, maktabda, jamoat joylarida, oilada oʻzimizni qanday tutishimiz, dars tayyorlashda nimalarga koʻproq eʼtibor berishimiz kerakligi haqida uqtirayotganday, quloqlarim ostida ovozi jaranglaydi.
ALIFBONI SANʼAT DARAJASIDA OʻRGATGAN USTOZ
Sinfdoshlarimga qanday, bilmayman-u birinchi oʻqituvchimiz Abdulla ogʻa Eshniyozovning har bir soʻzi, har bir darsi hikmatlar xazinasi edi men uchun. Men 1-sinfga ilk qadam qoʻygan kunimni hamon ayricha bir hayajon ogʻushida eslayman. Oʻta sipo, orasta kiyingan Abdulla ogʻaning qadam tashlashlari, gapirishlari, dars jarayonini mohirona boshqarishlarining oʻzi bir sanʼat edi. Men ana shu ajoyib inson qoʻlida harf tanib, hayotni oʻrganish sabogʻini olganimdan hamonki faxrlanib yuraman.
Biz oʻz ona tilimizning goʻzal tovlanishlarini, qudratini 1-sinfdayoq, Abdulla ogʻaning darslari orqali his etganmiz. Shundanmikan, deb oʻylab qolaman baʼzan, bizning sinfimizda aʼlochilar koʻp boʻlgan.
MAʼNAVIYaT FIDOYISI
Sinfimizda oʻzbek tili va adabiyoti fanini qiziqib oʻqimaydigan oʻquvchi yoʻq edi. Hamma kitobxon, hamma havaskor shoir edi goʻyo. Adabiyot oʻqituvchimiz Ortiqboy aka Bobojonovning darslarini butun sinfimiz oʻquvchilari orziqish bilan kutishardi. Ustoz har bir darsga alohida tayyorgarlik bilan kelar, u kishining har bitta darsi goʻyo haqiqiy hayot manzaralari kabi bizni hayajonlantirib yuborardi. Ustoz Bobur gʻazallarini oʻqiganlarida beixtiyor ovozida titroq paydo boʻlardi. Tarixiy jarayonlar, asrlar tala-toʻplarida azob-uqubat chekkan maʼnaviyat fidoyilari haqida toʻlqinlanib soʻzlardilar.
Ustoz haqiqiy maʼnaviyat fidoyisi edilar. U kishining har bir qalbga qoʻshiqday yozilib qolgan adabiy suhbatlari oradan 40 yillik vaqt oʻtib ham hamon hayotimizda asqotayapti.
NOMLARI QALBLARGA
BITILGAN USTOZLAR
Bugun men olis Toshkent shahridan oshiqib, entikib ona qishlogʻim, oʻzim tahsil olgan 8-sonli umumtaʼlim maktabim tomon kelarkanman, aziz ustozlarim Rahim aka Qosimov, Erimmat aka Matchonov, Yoʻldosh aka Xoʻjanov, Qurbonboy aka Jumamurodov, Yoʻldosh aka Yusupov, Yangiboy aka Japaqov, Abdulla aka Oʻrozmetov, Yoʻldosh aka Otajonov, Oʻrozboy aka Qurbonboyevlarning aziz xotiralari oldida bir oddiy oʻquvchi sifatida bosh egaman. Chunki bu aziz insonlarning har birining mening hayotimda, taqdirimda oʻziga xos oʻrni bor. Ular menga va men kabi barcha sobiq sinfdoshlarimga nafaqat ilmiy-nazariy, balki hayot saboqlaridan dars berdilar. Hayotda oʻz oʻrinlarimizni topishimizda fidoyilik qildilar. Bu mehr-oqibatga timsol boʻlgulik insonlarni unutmoq osonmi, azizlar? Aslo! Chunki ularning fidoyiliklari bois, biz vatanga, xalqqa sodiq, ezgulikka qalblari payvasta avlod sifatida shakllandik, ulgʻaydik,... va oʻzimiz ham farzandlar tarbiyalab, shogirdlar yetishtirdik! Bugun qoʻlimizni koʻksimizga, boshimizni Qilichboy zaminiga qoʻyib taʼzim qilamiz:
Sakkizinchi maktab! Salom Qilichboy,
Sening mehring bilan kamolga yetdik.
Ona yurt ochmoqda kundan-kun chiroy,
Maʼnaviyat porlagan zamonga yetdik.
Qalblarga bitilgan ustozlar yodi,
Uygʻoq yuraklardan aslo oʻchmaydi!
Bahodir XUDOYBERGANOV,
"Qadriyat” gazetasi Bosh muharriri oʻrinbosari, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶