ShOIR QALBIDAGI SOGʻINCh TARONALARI
Sogʻinch. Bu tuygʻu insonni oʻylatadi, soʻzlatadi. Baʼzan haroratli, qaynoq tafti bilan dillarga orom baxsh etadi. Baʼzan...
Baʼzan sogʻinch oʻti bilan kuydiradi odamni. Ayniqsa, yor va ona Vatan sogʻinchi yuraklarni kuydiradi, nigohlarni toldiradi, oʻrtab yuboradi.
Tursunboy Oʻrozimbetov (Alloh rahmat qilsin!) ana shu sohir tuygʻuni har xil holatlarda, bolalik, yoshlik va keksalik pallalarida oʻz boshidan oʻtkazgan, goh tugʻilgan ona yurtidan olisda, Rossiya oʻrmonlarida sobiq sovet armiyasi askari, goh ilm izlagan talaba boʻlib qadrdon Amu elini, kindik qoni tomgan tuproq hidi-yu, soʻlim bogʻ-rogʻlari tarovatini, jondan aziz xalqi, ovul-u mahallasini farzandlik mehri ila sevib va sogʻinib, talpinib yashagan beorom qalb sohibi edilar. Shoir ogʻamiz butun umrini yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishladi va butun umr boʻyi qalb kechinmalarini sheʼriy satrlarga jo etib, yaqinlariga, shogirdlariga nazmiy hadyalar ulashib yashadi. "Yoshlikdan birga oʻynab, koptok tepishgan” bolalikdagi doʻstlarini samimiy sogʻinch koʻshklarida ardoqladi shoir. "Baʼzan safarlarda birga yotib, tunlari davra qurib, gulxan yoqishgan” yor-u birodarlariga intilib, yuragida oʻtli sogʻinchlar asradi va doʻst-u yoronlarini birday samimiyat bilan uyiga chorladi:
"Bir keling uyimga, uylarim toʻlsin, sogʻinchdan giryona koʻzlarim toʻlsin”, - deya yaxshilarning poyi qadamlariga bor mehrini toʻshab, ashʼorlar bitdi Tursunboy ogʻa.
Shoirning "Armiyadan maktublar” turkum sheʼrlarini bir oʻqing-a!
"Qishloqda ham, armiyada ham,
Faqat sensan xayollarimda”
Koʻzlari qarogʻida asralgan yor sogʻinchi bor bu satrlarda. "Armiya bu – temir intizom”, - deya davom etadi shoirning "Armiyadan maktublar”i. Va ushbu turkum sheʼrlar nihoyasida sobiq sovet armiyasi bilan mustaqil Oʻzbekistonning milliy armiyasi oʻrtasidagi tafovutlarga toʻxtalarkan, bugungi Istiqlol farzandlari uchun yaratilgan shart-sharoitlardan koʻngli togʻday yuksaladi.
Shoirning "Xitoy qishlogʻim”, "Mehmonlar keldi”, "Jonajon oʻlkam”, "Ziyoda qizim”, "Seni izlab”, "Sogʻindim”, "Turkman qizga” kabi sheʼrlarida ham ona Vatanga muhabbat, otalik mehri, doʻstlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik gʻoyasi katta mahorat bilan kuylanganki, shoir sheʼrlarini oʻqish asnosida har bir satr ichra oʻzingizni, yurak talpinishlaringizni his etib turasiz. Xuddi shoir sizning eng qadrdon odamingizday, sirdoshingizday tuyuladi... Shoir satrlari ila qalbingizga joʻshqinlik inib, ona yurt kengliklari aro singib ketasiz goʻyo. "Paxtakor qiz” bilan dildan suhbat qurib, "Hasharchi doʻstlar” davrasi tomon oshiqasiz. Soʻng, soʻng dilingizni bayramona ruh chulgʻab oladi.
Yana bayram kelar, yurtga shon kelar,
Yigirma toʻrt yoshli Vatan gurkirar.
Tursunboy der, ilhom kelar, sheʼr kelar,
Shoirlarning qalam surishin koʻring!
Azizlar, dunyo – oʻtkinchi, dunyo – yolgʻonchi, - deymiz. Oʻtkinchiligi ayon, rost-u yolgʻoni noayon dunyo bu. Yoshlarning sevimli ustozi, qalbi hamisha uygʻoq shoir ogʻamiz kechagina biz bilan hamnafas edilar. Yaqindagina:
- Ulni – uyaga, qizni – qiyaga qoʻndirdim, endi ijoddan boshqa tashvishim qolmaganday, bir nazmiy guldasta tuzdim, nashriyotga topshirdim, xalqqa manzur kelarmikan? - deya oʻta kamtarlik bilan tahririyatga sheʼr keltirgan edilar-a. Shoir ogʻaning "Sogʻinch taronalari” ilk sheʼrlar toʻplamini varaqlab, muborakbod etgani shoshilganimizda esa... Tursunboy ogʻa Oʻrozimbetov ortida oʻtli sogʻinchlar qoldirib, olamdan oʻtibdilar.
Qoʻlimizda "Sogʻinch taronalari” bilan falakning gardishi oldida bosh egdik.
Afsus, Tursunboy ogʻamizga yanagi bayramlarda "qalam surish” nasib etmadi. Alloh shoir ogʻamizning oxiratlarini obod qilib, qolganlarga sabr va xayr-barokat bersin!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶