AJDODLAR MEROSI – kelajak poydevori
"Oʻz tarixini bilmagan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yoʻq”, – degan edilar muhtaram Prezident bobomiz Islom Karimov.
Oʻz tariximiz. Uning ichiga kirgan sari dilimiz faxr tuygʻusiga toʻladi. Ayniqsa, koʻhna Xorazm davlati tarixi juda teran. IX asr oxirlarida Xorazm iqtisodiy jihatdan tez rivojlandi. X asrga kelib Xorazm mintaqadagi eng yirik savdo markazlaridan biriga aylandi. Xorazm savdogarlari qoʻshni davlatlar bilan va Volga, Xazar va Bulgʻor podshohliklari, sharqiy Yevropaning slavyan qabilalari bilan ham savdo aloqalarini olib borganlar. Savdo-sotiqning yanada kengayishida, ayniqsa Urganch (Gurganj) muhim rol oʻynagan. Uning hokimi "Gurganj miri” deb ulugʻlangan. 995-yilda Gurganj miri Maʼmun ibn Muhammad Kat shahrini ishgʻol qildi va Xorazmning ikkala qismini birlashtirdi (Xorazm ilk oʻrta asrlarda ikkiga boʻlingan, birining markazi hozirgi Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumanidagi qadimgi Kat shahri boʻlgan, ikkinchisining markazi hozirgi Turkmaniston Respublikasi hududidagi Koʻhna Urganch shahri boʻlgan) va Xorazmshoh unvoniga sazovor boʻlgan. Shu tariqa Afrigʻiylar sulolasi barham topdi va Maʼmuniylar hukmronligi boshlandi. Koʻhna Urganch Xorazmning poytaxti boʻldi. Qisqa davr ichida Maʼmuniylar Xorazmshohlar davlatini ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan rivojlantirdilar. Maʼmuniylar davrida Xorazmda ilm-fan va madaniyat ravnaq topdi. "Maʼmun akademiyasi” ham oʻsha davrda tashkil etildi. Ushbu ilmgohda buyuk qomusiy olimlar ijod etgan oʻz kashfiyotlari, yutuqlari bilan Xorazmshohlar davlatining mavqeini yuksak darajaga koʻtarganlar va oʻzlarining bemisl ijodi bilan nomlarini abadiylikka muhrlaganlar. Bu abadiylikka muhrlanganlar roʻyxati buyuk bobomiz Al-Xorazmiy nomi bilan boshlanadi. Al-Xorazmiyning asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiydir. U 783 yilda Xivada tugʻilgan. Dastlab Xivada ilm olib, yetuk olim boʻlib yetishadi. Soʻng Oʻrta Osiyoning oʻsha davrdagi yirik ilm-fan markazlaridan biri Marv shahrida (hozirgi Turkmaniston Respublikasi hududi) ijodini davom ettirgan. U yerda koʻplab ustozlardan taʼlim olgan, bir qancha shogirdlar yetishtirgan, zamondosh olimlar bilan fikr va tajriba almashgan. 819-yildan boshlab esa Xalifa Maʼmun zamonida (813-833) Bagʻdodda faoliyat yuritgan.
Uning kashfiyotlari, matematikaga doir asarlari hamon ilmiy qimmatini yoʻqotmagan. "Al jabr” asarini yozishni Xorazmiyga Maʼmun ibn Muhammad buyuradi. Chunki, oʻsha davr muhitida insonlarga, ayniqsa, oddiy xalqqa yer oʻlchash, ariq chiqarish, bino qurish, merosni taqsimlash va turli hisob va oʻlchov ishlarida dasturilamal boʻladigan fan albatta zarur edi. Uning yirik kashfiyotlaridan biri "0”dan "9”gacha boʻlgan raqam bilan har qanday sonni yozish mumkinligini, uning murakkab rim raqamlaridan afzalliklarini isbotlab bergani va toʻrt amal bilan qoʻshish, ayirish, koʻpaytirish va boʻlish qoidalarini yaratganidir. Aslida "0” dan "9”gacha boʻlgan raqamlarni hindlar ixtiro qilgan, lekin keyinchalik ularni Al-Xorazmiy fanga kiritdi, ilmiy asosladi va boshqa olimlarga targʻib qildi. Dunyoda oʻz nomi fan nomiga aylangan allomalar juda kam. Algebra, algoritm atamalari Al-Xorazmiy nomi bilan bogʻliq. Bu hodisa bilan har qancha faxrlansak, har qancha gʻururlansak arziydi.
Al-Xorazmiyning geografiya, astronomiyaga, tarixga va boshqa sohalarga oid jami 20 ta asaridan 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Uning har bir qilgan ijodiy va ilmiy ishlari bugungi kun olimlari uchun muhim qoʻllanma boʻlib xizmat qilmoqda. Vatandoshimiz oʻz kashfiyotlari bilan tarixda oʻchmas iz qoldirdi. Al-Xorazmiy 850-yilda Bagʻdodda vafot etdi. Uning buyuk va oʻchmas nomini abadiylashtirish maqsadida koʻchalar, xiyobonlar, maktablar Al-Xorazmiy nomi bilan atalmoqda. Bundan tashqari, Xorazm diyorining Urganch shahrida mahobatli haykali qad rostlagan.
Biz yashayotgan yurt Alloh nazari tushgan zamin. Ajdodlarimiz ozodlik uchun qon toʻkkan zamin bu. Bizning ajdodlarimiz kimligi-yu, ularning qanday buyuk ishlar qilganini butun jahon biladi. Biz avlodlar, Oʻzbekiston nomini ajdodlarimiz kabi butun dunyoga taratmogʻimiz, Vatanimiz bayrogʻini yanada koʻklarga koʻtarmogʻimiz kerak. Zero, biz hech kimdan kam emasmiz.
Husan YOʻLDOShEV,
Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kolleji oʻquvchisi.
(Foto - http://www.darakchi.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶