SASSIZ TUYFULAR
(Qahramon tilidan)
Hayot xuddi fortepiano kabi. Oq va qora klavishlar bizning umr yoʻllarimiz. Tiriklik musiqasi yangrashi bilan biz ularning ikkalasini ham bosib koʻrishimizga toʻgʻri keladi. Hayotda shunday insonlar borki, ular yulduzlarga oʻxshaydi. Qorongʻu tushishi bilan eng birinchi ular koʻrina boshlaydi. Men shunday insonlar toifasiga birinchi boʻlib, onalarni misol qilgan boʻlardim. Yana bilmadim. Balki mening oʻtmish varaqalarimdagi kechinmalar faqat shu inson bilan bogʻliq boʻlganigami? Otasiz ulgʻayish – azob. Agarda u tirik boʻla turib, sening har kuni kutishingni bila turib kelmasa, undan ham azob. U kishi bizni tashlab ketganida goʻdak edim. Mana hozir oʻn oltidaman. Esimni tanibmanki, onam yonimda. Otamning boshqasi bilan turmush qurishiga sababchi men. Negaki, mening oʻgʻil farzand boʻlishimni istagan ekan, buning ustiga tugʻma soqovman. Bunday bolani parvarish qilish kimga ham yoqadi deysiz?
Vaqtlar oʻtdi. Onam uy-roʻzgʻor tashvishi bilan tinim bilmasdi. Erta-yu kech ishlardi. Bu orada onamning ham sogʻligi yomonlasha boshladi. U kishi mendan berkitib , sezdirmaslik uchun yashirinib dori ichardi. Lekin men buni bilaman… Koʻrsam ham ayta olmayman. Qarindoshlar ham chetda qarab turmadi. Qoʻlidan kelganlar yordam berishdi.
Onam boʻsh vaqtlari boʻldi deguncha tikuvchilik qilar, menga oʻrgatishga harakat qilardi. Koʻzlari xiralashgani bois ignaga ip oʻtkazishga qiynalardi. Shuning uchun bu ish mening zimmamda edi. Oyim har safar ip oʻtkazganimdan keyin “rahmat, qizim” deydi. Koʻzimga yosh keladi. Nahotki men u insonga shuncha mehnatlari, mehrlari evaziga bir marta rahmat ayta olmasam? Shu kabi xayollar oʻyga toldiradi...
Hayot davom etaveradi.
Yana oʻsha tikuv mashinasi ovozi, yana oʻsha jimlik...
Sevara Ismoilova, QDU talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶