OʻZBEK ELIGA EL BOʻLGAN OILA
Tumanimizning Bosuv mahallasida istiqomat qiluvchi oilalarning qay birida boʻlmang, suhbat asnosida, albatta, mahalladoshlarining oʻzaro ahil-inoqligidan, mehr-oqibatidan soʻz ochib:
– El-yurtdan ayirmasin, mahallamizda begona yoʻq, – deyishadi faxr bilan.
Biri-birini ogʻam, buvam, opam yoki ukam, singlim, deb chaqirishga odatlangan bosuvliklarning totuvligi va hamjihatliklari tufayli mahalla hududi kun sayin chiroy ochib, obod va farovon goʻshaga aylanib bormoqda. Aholisining asosiy qismini oʻzbek oilalari tashkil qilsada, mahallada istiqomat qiluvchi qozoq, qoraqalpoq millatiga mansub oilalarning safi ham yil sayin oshib borayotganidan ayonki, bu soʻlim goʻshadagi totuvlik tarovati ibratga munosib. Mahalla keksalarining esa tildan qoʻymay, faxrlanib aytib yuradigan bir hikmatli iborasi bor: “Qirga chiqsang – qardoshing, qurga tushsang – qurdoshing boʻlsin”, – deyishadi. Agar bu hikmatni mahalla keksalaridan biri, butun umrini taʼlim-tarbiya sohasiga bagʻishlagan, bosuvliklarning 3-4 avlodi vakillariga oq-qorani tanitgan 1-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibi Quvondiq ogʻa Tangriberganov hayotiga nisbat beradigan boʻlsak, faxriy ustozning nafaqat Bosuv mahallasida, balki tumanimiz, hatto mamlakatimizning turli hududlarida unga siltov boʻlishga tayyor qardoshi ham, qurdoshlari ham koʻpligidan dilimizda havas uygʻonadi.
Quvondiq ogʻa esini tanibdiki, Bosuv ovulida, shu el odamlariga dildosh va eldosh, doʻst-u qadrdon, qardosh boʻlib yashab keladi. Oʻtgan asrning 1948-yilida tavallud topgan Quvondiq ogʻaning otasini Eldan bova, deb siylashardi eldoshlari. Umri mashaqqatli mehnatda oʻtgan Eldan bova oʻgʻlining oʻqimishli boʻlishini orzu qilardi. Garchi Ikkinchi jahon urushidan keyingi ogʻir, yetar-yetmas yillar boʻlsa-da, oʻgʻlini zoriqtirmay voyaga yetkazgan fidoyi ota unga oq fotiha berib, azim Samarqand shahriga kuzatdi. Q.Tangriberganov 1966-71-yillarda Samarqand Davlat Universitetining kimyo-biologiya fakultetida tahsil oldi. Universitetni tugatib, oliy maʼlumotli kimyo-biologiya fani oʻqituvchisi sifatida Amu eliga qaytgan kuni hamon yodida: ovul keksalari uylariga yigʻilib, oq fotihalar berishgandi oʻshanda:
– Shu ovul-elatga el boʻlgaysan, unib-oʻsib, oʻzingdan tingaysan, oʻzbekning jigarbandi, qozoqning bovuri, qoraqalpoqning chirogʻi boʻlgaysan, Allohu akbar!
Koʻpning duosi koʻkartiradi, deyishadi, qozoq ogʻalarning suhbatlarida boʻlsangiz. Bu – Quvondiq ogʻaning hayotida namoyon. Umrining 41-yilini maktab taʼlimini rivojlantirish, yosh avlodni maʼnaviyatli, barkamol insonlar qilib tarbiyalash ishiga bagʻishlagan Quvondiq ogʻaning oʻzi ham, oilasi ham bugun el-yurt hurmatiga, eʼtiboriga munosib. Asli qozoq millatiga mansub Q.Tangriberganov oilasiga quchogʻini keng ochib kirib kelguvchi doʻst-u yoronlarining goh oʻzbek, goh qozoq, qoraqalpoq lahjalarida gurunglashganlarini koʻrsangiz, koʻnglingiz toshib ketadi.
Ular orasida keksa ustozning taʼlim-tarbiyasini olgan ota-bolalar, hatto ularning nevaralari ham bor.
– Odamni odamga, elni elga yaqinlashtiradigan – bu insonning xulqminazi, – deydi Quvondiq ogʻa. – Ota-bobolarimiz biri-biriga qardosh va qondosh-qarindosh, hatto qurdosh oʻtgan bu ovul ham, mahalladoshlarim ham men uchun jonday aziz qadrdonlarim.
Quvondiq ogʻaning umr yoʻldoshi Maryamjon momo Oʻrozboyeva ham oʻzi aytmoqchi, “nagʻiz qozoq qizi”. Uzoq yillar qishloq xoʻjalik korxonalarida hisobchi boʻlib ishlagan onaxon Quvondiq ogʻa bilan havasga loyiq oila qurib, 4 oʻgʻil, 2 qizni tarbiyali, odobli qilib voyaga yetkazishdi. Katta oʻgʻli Gulmurod Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligida ombor mudiri, ikkinchi oʻgʻli Aymurod Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qon quyish stantsiyasi bosh shifokori, taniqli jarroh, Rashidjon Qozogʻistonning Alma-ati pedagogika Universiteti talabasi, Hamidjon fermer xoʻjaligi ishchisi. Qizlari Elmiraxon bilan Maqsudaxonlar esa Quvondiq ogʻaning izdoshlari, ikkalasi ham oliy maʼlumotli kimyo-biologiya fani oʻqituvchilari.
Toʻy-maʼrakalarda “ustoz, toʻrga oʻting!” degan samimiy iltifotlardan koʻngli togʻday yuksalguvchi Quvondiq ogʻa hamisha tinch va osuda, biri-biriga qardosh, oqibatli insonlar mehridan obod yurtda yashayotganidan qalbi iftixorga toʻladi.
Farzandlari davrasida hovli-yu chorbogʻini qut-barakaga toʻla fayzli makonga aylantirib qoʻygan Quvondiq ogʻa uchun bogʻbonlik ham, dehqonchilik ham bobomeros qadriyat.
Tong bilan mahalla koʻchalarini birrov kuzatib, nonushta paytigacha tomorqa yerida ishlashni xush koʻradigan Quvondiq ogʻaning yerga mehri baland. Shundanmi, ogʻaning mehnatidan chamanday yashnagan bogʻ-rogʻini, tartib bilan ekilgan ekin-tikinlari, chorvasi-yu parrandalarini koʻrgan odam beixtiyor:
– Bu haqiqiy ziroatchilik fabrikasi-ku! – deya hayratlanishi tayin.
Roʻzgʻori boʻlak farzandlari ham, qizlari ham Quvondiq ogʻaning “ziroatchilik fabrikasi” mahsulotlaridan birday bahramand boʻlishadi. Roʻzgʻoring boshqa, oʻzingni-oʻzing epla, deyilmaydi, bu xonadonda. Balki ogʻaning barcha farzandlari jam boʻlishib, tomorqa-yu bogʻ yumushlarini birgalikda ado etishadi.
Qozoq xalqiga xos ajoyib bir udum bor: xonadonga kelgan mehmonga hurmat-izzat koʻrsatish, dasturxon atrofidagilarga choy uzatish, taom tortilgan tovoqni oʻrtadan olish marosimlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Tavozʼe bilan sutli qorachoy quyib berayotgan kelin mehmonlarning ham, uy egalarining ham piyolalarini almashtirib yubormasligi, taom tortilgan tovoqni mehmonlar oldidan olishda uydan ajib taʼzim bilan orqasiga tisarilib chiqib ketishi, mehmonlar tomonidan kelinning “poyi”, yaʼni ulushi sifatida tovoqda qaytarilgan goʻsht boʻlagini alohida ehtirom koʻrsatib qabul qilib olishi talab etiladi. Qolaversa, kelinmi, qizmi, oilaning barcha aʼzosi mehmonlar oʻtirgan uyga har kirganida taʼzim bilan salom berishlarining oʻzi qozoq oilalarida oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va odamgarchilik tamoyillarining ustuvorligidan dalolat.
Quvondiq ogʻa bilan Maryamjon momo esa ana shunday mehr-oqibatli oila qoʻrgʻonida, biri-biridan oʻqimishli, elim, yurtim degan, qalblari oʻzlari tugʻilib oʻsgan zaminga – Vatanga tutash farzandlari, nevara-yu chevaralari bilan tinch, osuda, baxtiyor yashayotganlaridan mamnun. Mamnun boʻlmasinlarmi? Albatta mamnun boʻladilar-da! El-yurtga aralashsa, ustoz, deb davraning toʻridan joy berib turishsa, biri oʻzbek, biri qozoq, yana biri qoraqalpoq va turkman qardoshlari eshigidan quchoqlarini keng ochib: “Quvondiq qardoshim!” deb tez-tez yoʻqlab kelib turishsa, ogʻirini yengil, mushkulini oson qilguvchi, aqlli-hushli, bir uy toʻla bolajonlari “bovajon!” deb evrilib turganlarida ogʻaning baxtdan yuragi toshib ketadi.
– Ming-ming shukur, – deydi otaxon koʻzlari quvnab. – Hamma narsam bor. Qoʻlimni qayerga uzatsam, yetadi, bolalardan koʻnglim toʻq. Nevaralarim ilmga intiluvchan, mehrli, mehnatkash, inson uchun bundan ortigʻi boʻlmaydi.
Bundan ortiq boʻlmas baxt-u saodat,
Oʻzimning qozogʻim, deb tursa oʻzbek.
Axir har qozoq ham oʻzbekka albat,
Bovurim-ay, desa bir qosh-u koʻzdek.
Qirdan birga oshar qirdosh va qardosh,
Bitta dasturxonda tuzi-namagi.
Qurlarda siltovdir, qadrdon qurdosh –
Har bitta qozoqning bor bir oʻzbegi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶