Aholini roʻyxatga olish tartibi, mohiyati va uning istiqbollari
Har qanday davlatning tarixi – bu, birinchi navbatda, unda yashaydigan xalqning tarixi, aholisining soni va tarkibi, uning iqtisodiy va ijtimoiy tavsiflarida oʻz ifodasini topadi. Aholi soni boʻyicha aniq va yaxlit maʼlumotlar aholini roʻyxatga olish asosida olinadi.
Aholini roʻyxatga olish yakunlariga qarab oʻtmish va hozirgi davr haqida fikr va mulohazalar yuritish hamda kelajakni prognoz qilish mumkin boʻladi.
Qator holatlarda aholini roʻyxatga olish – aholining yoshi, jinsi, milliy tarkibi, maʼlumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida maʼlumotlar olishning yagona manbai boʻlib xizmat qiladi.
Aholini roʻyxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini roʻyxatga olish qachondan oʻtkazila boshlangan?
Aholini dastlabki roʻyxatga olish qadimgi Gretsiya, Vavilon, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda oʻtkazilgan. Lekin, bu aholi roʻyxatlarining maqsadi aholidan soliq yigʻish, yaʼni boj olish hamda harbiy maqsad uchun aholi sonini aniqlash boʻlgan. Shuning uchun ham, bu aholi roʻyxatlarida asosan yerkaklar roʻyxatga olingan. Chunki, u paytlarda yerkaklarning iqtisodiy oʻrni yuqori boʻlgan, soliq toʻlashda faqat yerkaklar, yaʼni oila boshliqlari qatnashgan.
Aholini yeng birinchi rasmiy roʻyxatga olish 1790-yilda AQShda, keyinchalik 1800-yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801-yilda – Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada oʻtkazilgan. Ammo, bu aholi roʻyxatlari juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga choʻzilgan. Masalan, birinchi AQShda aholini roʻyxatga olish ishlari 18 oy davomida olib borilgan.
XIX asrga kelib, aholini roʻyxatga olish juda kengaydi. Qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Aholini roʻyxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borilishi yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 1870-1879-yillarda dunyoning 48 ta, 1890-yillarda yesa 57 ta davlatida aholi roʻyxati oʻtkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi roʻyxatga olingan boʻlsa, XX asr boshida 54 foiz aholi roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Ikkinchi jahon urushidan keyin, aholini roʻyxatga olish tizimi yanada takomillashtirildi. 1945-1954-yillarda – 151 ta davlatda, 1965-1974-yillarda – 179 ta davlatda aholi roʻyxati oʻtkazilgan. Hozirgi paytda, dunyodagi deyarli barcha davlatlarda aholini roʻyxatga olish ishlari olib borilmoqda.
Respublikamizda demografik jarayonlarning holatini oʻrganishda mamlakat hududida oʻtkazilgan aholi roʻyxati maʼlumotlari muhim ahamiyat kasb yetadi. Manbalarda keltirilishicha, Oʻzbekiston hududida dastlabki aholi roʻyxati 1897-yilda oʻtkazilgan boʻlib, ushbu roʻyxat maʼlumotlari XIX asr oxirida Oʻzbekistonda mavjud oilalar soni, aholi soni, yoshi va jinsi, yetnik tarkibi, tugʻilish, oʻlim kabi demografik jarayonlar haqida tassavvur hosil qilishga yordam bergan. Oʻzbekiston hududida keyinchalik 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989-yillarda aholini roʻyxatga olish ishlari tashkil etilgan.
H.Haytimbetov, Amudaryo tumani Statistika boʻlimi boshligʻi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶