ShOʻRVA
Bekatdagi yoʻlovchilarning hadeb:
– Qachon haydaysiz avtobusni? – degan savollaridan charchagan haydovchi yigit biroz tamaddi qilish uchun yoʻl yoqasidagi oʻrindiqqa borib oʻtirdi. Har yonga alanglab, har kuni ovqat olib keladigan xotinning yoʻlini qarardi.
– Xolajon, menga har doimgiday uchta belyashi bering, – soʻradi yigit. U choʻntagidagi pulga qoʻlini uzatar ekan, bexosdan, bu pul dadasining dorisiga deb qoʻygan eng soʻnggi puli ekani xayoliga keldi-yu, sekingina:
– Uzr xolajon, hozir qornim toʻq, belyashini keyinroq yerman, – dedi-da, koʻp yillardan buyon qadrdon boʻlib qolgan avtobusi tomon yoʻl oldi.
– Toʻxtang bolam, pulingiz kerakmas! Shu shoʻrvani yaxshilab ichib oling, xoʻpmi, har kuni belyashi tanovul qilaverish joningizga tekkandir deb, bugun shoʻrva ham olib kelgandim. Ayolning mehr aralash aytgan bu soʻzlari yigitga xuddi onasini eslatdi... U qoʻlidagi bir kosa qaynoq shoʻrvani xoʻplab-xoʻplab ichar ekan, oʻzini xuddi bolalardek his etdi. Bu holatni kuzatib kelayotgan “Inomarka” mashina ichidagi boshqa bir yigit oʻzicha gʻalati iljaydi. “Ha, oʻll, erkak boʻlib, qilib yurgan ishingni qara. Ertalabdan kechgacha moyga botib, kirakashlik qilib, ichganing shoʻrva boʻldimi?!”
U mashinasi gazini bosdi-yu, yoʻlni yeldek uchib kesib oʻtar ekan, bexosdanmi yoki ataydanmi, bosib oʻtgan balchigʻi haydovchi yigitning kosasidagi shoʻrvasiga sachradi. Yigit shoʻrlik boʻgʻzini toʻldirib kelgan alamni bazoʻr bosib, eshitilar-eshitilmas pichirladi: “Xudoga soldim...”
Birdaniga, quloqlarni qomatga keltirgan mashina toʻqnashuvining ovozi bu yerdagi shovqinni bir on bosib ketdi... “Boyvachcha”ning “Inomarka”si shundoqqina burilishda agʻdarilib yotardi. U qilgan ishi uchun astoydil pushaymon edi. Bu halokat oʻsha loy sachragan shoʻrvaning uvolimi, deb oʻyladi. Biroq afsuski, u endi haydovchiga turli taom olib bergan taqdirida ham chil-chil singan koʻnglini tiklab boʻlmasdi...
Aziza MADRAHIMOVA,
QDU talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶