DOʻRMANLIK OTAXON BOGʻBON
Halol va fidoyi mehnatning mevasi shirin, natijasi esa rohat va farogʻatli boʻladi. Agar azim Qilichboyning Doʻrman ovulida yashovchi Otaxon bogʻbon Toʻrayevdan mehnat sizga nima berdi, deb soʻrasangiz:
– Koʻnglimga xotirjamlik, hayotimga fayz, xonadonimga roʻshnolik baxsh etdi, – deydi mamnuniyat bilan.
Darvoqe, Otaxon Toʻrayev esini tanigan kundan mehnatga oshno oʻsib-ulgʻaydi. Alloh rahmat qilsin, otasi Qutlimurod bobo usta-hunarmand edi. Qutim qoshiqchi, deyishardi uni. Nainki Doʻrman ovuli, balki atrof qishloqlarning aholisi ham Qutim bobo yasagan roʻzgʻorga zarur anjomlar – oshtaxta va oʻqlogʻi, yogʻoch qoshiqlar, yogʻochdan chiroyli ishlov berilgan bejirim tovoqlar, kuvi, keli va kelisopi kabi buyumlarni koʻpincha uylariga kelib olib ketishardi. Oilada oʻgʻillarning kattasi boʻlgani uchun Otaxon otasiga eng yaqin koʻmakchi-dastyor edi. Qutim boboning moʻʼjazgina tomorqasi esa qoʻshimcha daromad manbai boʻlibgina qolmay, farzandlari uchun oʻzaro mehr-oqibat hayot maktabi ham edi. Usta-hunarmandchilik yumushlari bilan bab-baravar tomorqa xoʻjaligini ham mohirlik bilan yuritgan Qutim qoshiqchining farzandlari biri-biridan mehnatkash, uyim-joyim, degan fidoyi insonlar boʻlib voyaga yetishdi. Ayniqsa, Otaxon yerga, bogʻdorchilik sohasiga mehr qoʻyganida hali maktab oʻquvchisi edi.
Oʻrta maktabni aʼlo baholarga tugatgan Otaxon Toʻrayev Navoiy Politexnika institutining qurilish fakultetida oʻqidi. Harbiy xizmatda boʻldi, bir necha yil Navoiy shahrida yashadi, oila qurdi. Bank xodimasi boʻlib ishlaydigan Rozajon bilan taqdirini bogʻlaganidan Allohdan rozi. Chunki umr yoʻldoshi nafaqat unga hayotda, balki har bir ishda yelkadosh boʻldi.
Institutni tugatib, jonajon qishlogʻiga qaytgan Otaxon Toʻrayev biroz vaqt sobiq M.Gorkiy nomli davlat xoʻjaligi hududida tashkil etilgan qurilish brigadasida katta usta vazifasida ishladi. Koʻplab qishloq xoʻjalik inshootlari, turar joylar qurilishida faol ishtirok etdi. Eh-he, qanchalab obodonlashtirish-qurilish ishlarini bajarishmadi. Bugun oʻzi bunyod etgan inshootlarni koʻrib, qalbi quvonchga toʻladi.
1990-yillardagi bozor iqtisodiyotiga oʻtish davri qiyinchiliklari barcha sohalar kabi qurilish sohasiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Qishloqlardagi qurilish brigadalari tugatilib, ayrimlari xususiylashtirildi, ayrimlari MChJ shaklida qayta tashkil etildi. Otaxon Toʻrayev ana shunday bir vaziyatda ish oʻrni qisqartirilishi tufayli maʼlum vaqt ishsiz qoldi. Lekin hech tushkunlikka tushmadi, vaziyatdan chiqishning birdan-bir yoʻli – tomorqa xoʻjaligini yuritish, deb oʻyladi. Umr yoʻldoshi Rozajon unga koʻmakdosh boʻldi. 35 sotix yerda dehqon xoʻjaligini tashkil etishdi. Avval qiynalishdi. Bolalari yosh, er-xotin koʻp yumushlarni qoʻlda bajarishdi. Yer yumshatib, mola sudrashdi, tomorqani daromad manbaiga aylantirgunlaricha tinib-tinchishmadi.
– Xudoga shukur, farzandlarimiz ulgʻayishib, mushkulimiz oson boʻldi, – deydi Otaxon aka Toʻrayev mamnuniyat bilan. – Ikki oʻgʻilni uylantirib, ikki qizimizni turmushga chiqardik. Hammalari oʻzlaridan tinib-tinchib ketishdi.
Bugun Otaxon aka bilan Rozajon opaning atrofida 9 nafar nevara parvona. Azaldan dehqonchilikka mehr qoʻygan Otaxon Toʻrayevni bugungi kunda Doʻrman ovulidagina emas, butun Qilichboy mavzesida mohir bogʻbon sifatida yaxshi bilishadi. Axir bogʻ yaratishning sir-asrorlarini hamma ham bilavermaydi-da. Bu borada Otaxon bogʻbonga teng keladiganlar kam.
Farzandlari ulgʻayib, yoniga kirgach, Otaxon Toʻrayev dehqon xoʻjaligiga yaqin hududdan 3 gektar yerni ijaraga oldi. Nihollar oraligʻini 8 metrdan qilib, eng sara mevali daraxt koʻchatlarini oʻtqazdi. Farzandlari va umr yoʻldoshi, ikki nafar kelini bilan birgalikda bogʻ uchun moʻljallangan yerni chimlardan, ajriq tomirlaridan tozaladi. Nihollar orasiga poliz va sabzavot ekinlarini ekishdi. Birinchi yili garchi, yaxshi hosil olishmasa-da, har holda yomon boʻlmadi, roʻzgʻori ancha baquvvatlashdi. Muhimi, yerning koʻrki ochildi.
– Yerga qancha koʻp ishlov berilsa, shuncha ochilishadi, – deydi Otaxon ogʻa. – Kuzda daraxt barglari yaxshi toʻkilgach, yerni shudgorlab, haydab qoʻyamiz. Ham yer yaxshi nafas oladi, ham toʻkilgan xazon-yaproqlar tabiiy biogumus – chirindi-oʻgʻitga aylanadi.
Otaxon bogʻbonning bogʻini aylanamiz. Oʻnlab navdagi olmalar, nashvati, nok, anjir va olxoʻri-yu shaftolilar shoxlari mevasini koʻtarolmay bogʻboniga taʼzim qilayotganday. Biz Otaxon akadan nega ayrim bogʻbonlar ishida kuzatganimizdan farqli, daraxtlar orasi ancha ochiq qoldirilganini soʻradik.
– Mevali daraxtlar, ayniqsa, olma daraxti bir-ikki yildan soʻng qariydi, – deydi Otaxon aka. – Bogʻda hosildorlikni bir maromda ushlab turish uchun mana bu 8 metrlik oraliqqa yangi nihollar oʻtqazamiz. Keksaygan daraxtlar oʻrnini shu tariqa toʻldiramiz. Ildizi quriy boshlagach, olib tashlab, oʻrniga ishlov beramiz, ham yer dam oladi, ham almashlab ekish texnologiyasi amalga oshiriladi.
Otaxon bogʻbon Toʻrayevning tajribasi qishloq yoshlariga ibrat. Uning bogʻidan havaskor bogʻbon yoshlarning qadami uzilmaydi. Olma-yu olcha, gilos, olxoʻri va shaftolilarning ertapishar, oʻrtaki va kechpishar navlari hosilidan har yili moʻl-koʻl daromad topayotgan oila aʼzolari ertagi kartoshkani bozorga olib chiqishganida hali ayrim tomorqachilar birinchi chopiqni boshlagan edilar. Otaxon bogʻbon esa 1 tonnadan ziyod ertagi kartoshkani yigʻib olib oʻrniga takroriy ekinni ekib qoʻydi. Xonadonning dehqonchilikdan tashqari oʻz chorvasi, parrandasi ham bor. Rozajon opa nevaralari bilan 80-100 ta xonaki tovuq, 10-15 ta kurkalarni parvarishlaydi.
Har kuni ikki-uch marta tovuq kataklaridan nevaralari bilan tuxum yigʻib oladi. Isteʼmoldan ortgani bozorni obod qiladi.
– Kurkaning koʻpayishi biroz qiyinroq, – deydi Rozajon opa. – Kamida bir oy alohida eʼtibor kerak boʻladi. Nevaralarim juda yaxshi koʻmakdosh. Tirik multfilm, deb rosa yaxshi qarashadi. Biri dinozavrlar desa, biri multfilm, deb atashadi, yaxshi-da, ularga ham zavqli, ham qiziqarli mashgʻulot.
Oilada Otaxon bogʻbon bilan Rozajon opaning oʻrni ham, hurmati ham baland. Kelinlari, oʻgʻillari, nevaralari – hamma oʻz ishini bilib-bilib, maromida bajarishadi. Bugun qancha meva sotildi, sabzavot va polizdan qancha daromad boʻldi, oila ehtiyojlari uchun qancha sarf-xarajat qilindi – barchasi hisob-kitob qilinadi. Halol mehnatning bahosi kun sayin oshib boraveradi. Turmushlariga ziynat bagʻishlab turgan har bir harakatda barakat, xayr borligini Otaxon bogʻbon ham, farzandlari ham yaxshi bilishadi.
– Shu tomorqaning fayzi-da, – deydi Otaxon bogʻbon mamnuniyat bilan. – “Neksiya” rusumli avtomobilimiz bor. Yillik daromadimiz ham yomon emas. Aytsam, koʻz tegadi-da!
Oila daromadi qanchalik ortib borgani sari Otaxon bogʻbon bilan Rozajon opaning ham orzu-havaslari koʻpaydi. Ketma-ket toʻrtta toʻy qilishdi. Ikki qizni uzatib, ikki kelin tushirishdi. Bu yogʻiga nevara toʻylari, deganday. Biri-biridan aqlli nevaralarni soʻzlatsangiz tillari burro: “Erta turganning, rizqi ziyoda boʻladi”, “Halol mehnat – keltirar rohat”, “Yerni boqsang, yer seni boqadi” kabi maqollarni qatorlashtirib tashlashadi. Bu jajji nevaralar ham ularning hayotiga ziynat bagʻishlab turgan halol mehnat insonni har qanday vaziyatda ulugʻlashini yaxshi anglashadi. Bu – oʻzbek feʼlining avlodlar tomirida gupurgani, oila qadriyatlarining hayotiy talqini!
Biz ijodiy guruhimiz bilan doʻrmanlik Otaxon bogʻbon Toʻrayev xonadonida boʻlganimizda halol mehnat qadrini ulugʻlab ulgʻayayotgan jajji nevaralari, farzandlari kamolidan koʻksi baland oddiy, oʻta kamtar, fidoyi va mehnatkash insonlar borligi uchun ham hayot naqadar zavqli ekanligini his etdik.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶