TAʼNA
(Kichik hikoya)
Qator hovlilar oldidagi maydonchada oʻn-oʻn besh chogʻli bolalar lanka oʻynashardi. Ularning lan-kani har tepganida sanaganlari, biri-biridan oʻzganiga shodon qiy-qirganlari maydoncha chetida ularni mungʻayibgina kuzatib oʻtirgan Muhsinning havasini keltirardi. U oʻzicha bolalarga qoʻshilib sanar, xuddi oʻzi gʻolib kelgandek, baʼzan ular quvonishsa, beixtiyor yuziga tabassum yugurardi. Chor-atrofni gʻira-shiragina koʻroladigan bola tengqurlarining oʻyinini, oʻyin deb talashib-tortishishlarini aniq tasavvur eta olardi. Axir u ham oʻn yoshlarigacha ular bilan goh lanka, goh futbol, xullas, biri-biridan zavqli oʻyinlarni birga oʻynagan, loysuvoq tomlardan tomlarga sakrab, koʻcha changitib kattalarni bezor qilgan “askar”larning biri boʻlgan. Faqat...
Oʻshanda Muhsin toʻrt yoshlarda boʻlgan. Buvisining har doim avval chuqur xoʻrsinib, keyin afsus-nadomatlar bilan eslashicha, onasi daladan ishdan kelib, endi ovqatga unnamoqchi boʻlganida kuni boʻyi sogʻinib qolganigami, oyogʻiga oʻralashib xarxasha qilavergan, kartoshka artayotgan onasining qoʻlidagi pichogʻiga yopishganida onasi boshqa pichoqda ishini davom ettirgan. Shoshilinchda oʻgʻliga qarashga ulgurolmayotgan vaqtida Muhsinning uhhh... degan ovozidan yugurib kelib ... uning bir koʻzidan qon oqayotganini koʻrgan. Goh bir qoʻlidagi kartoshkaga, goh oldida turgan taqsimchaga urib oʻynab oʻtirgan bolaning koʻziga pichoq qanday qilib tegib ketganini oʻzi ham eslolmaydi. Xuddi tush kabi elas-elas esida qolgani... koʻzidagi ogʻriq zarbiga chidolmay yigʻlaganlari, kasalxonada enamga, uyimga ketaman, deb toʻpolon qilganlari... va doʻxtirlarning “Koʻzingga pichoq tiqmaganingda uyingda yurarding, joʻra” deya ovutganlari...
Muhsin esini tanibdiki, onasi uni doim avaylaydi, koʻngliga qaraydi, xuddi oldida aybdorday, aybini yuvishga chora topolmayotgan odamday yuziga tik qaray olmaydi. Buning sababini u vaqt oʻtgani sayin – koʻzlari xiralasha boshlaganida anglaganday boʻldi.
U aqlli bola edi. Enasining uzun tunlar sochlarini silab, yelkasiga qoqib, dunyoga soʻqir boʻlib kelib, yorugʻ olamning neligini faqat eshitib yashayotgan bolalar ham borligi, oʻzining harna boʻlsa-da koʻrayotganiga quvonishi lozimligini aytib ovutishlari baʼzan siqilgan damlarida yupanch boʻlardi. Onasining oldida oʻzini mudom yaxshi tutishga harakat qilardi, oʻzini deb onasining qiynalishini istamasdi. Biroq yerga ursa koʻkka sapchiydigan, hali bolalik shoʻxliklari tark etmagan oʻn ikki yashar bolaning taqdiriga tan berishi ham oson emasdi. Ayniqsa, maktabga borolmaydigan boʻlib qolgach, xira boʻlsa-da koʻrayotganiga qaramay, butun dunyoni zulmat bosgandek, cheksiz-chegarasiz zimistonda faqat yolgʻiz oʻzi qolib ketgandek juda azoblandi. Baʼzan qoʻliga tushgan narsani otib, urib, sindirib, zulmat qaʼrini yorib nurafshon, oppoq, oydin manzillarni izlab ketgisi kelardi. Bunday paytlarda uning koʻngliga qil sigʻmas, hech kimni yoniga yoʻlatgisi, hech kim bilan gaplashgisi kelmasdi. Shunda enasi... boshini xam qilganicha chorasizlik alamidan tili gapga aylanmay qolar, faqat qoʻllari bilan sochlarini, yelkalarini silardi. Shunda... shunda Muhsinning koʻngli biroz taskin topib, ovunib qolardi. Kechqurun onasi daladan horib-charchab qaytganida enasi ham, Muhsin ham bu haqda gap ochishmasdi... Ammo bugun... bugun uning murgʻak qalbidan otilib chiqqan isyon juda shiddatkor, juda ayovsiz edi: “Nega hamma koʻrgan dunyoni men koʻrolmayman? Nega hamma bolalar kabi men oʻynab-kulolmayman? Mening bunga haqqim yoʻqmidi?” Savollar javobi onasiga borib taqalib, yuragini badtar parmalab azoblar, badtar xunobi oshib telbalarcha oʻzini oʻtga, choʻqqa urgisi kelardi. Aslida u maydoncha chetida shunchaki tomoshabin boʻlib, maysalar ustida yonboshlab yotgandi. Bariga sinfdoshi Bekki (asli ismi Bekmurod, bolalar uni shunday atashardi) sabab boʻldi. Maydonchada lankadan zerikib futbol oʻyiniga oʻtgan bolalardan birining tepgan toʻpi shundoqqina Muhsinning oyogʻi yoniga kelib toʻxtadi. Shunda Bekki unga:
– Muhsin, menga ot, – deb qichqirdi. Bu paytda u toʻpni egilib olib maydoncha tarafga irgʻitgan edi.
– Senga nima dedim, menga otsang boʻlardiku, – dedi Bekki jahl bilan raqibi egallab olgan toʻp ketidan yugurib borayotirib. Keyin jahl ustida:
– Gapniyam kelib-kelib senga aytibman-ov, – dedi hammaga eshittirib. Bu gap Muhsinga xuddi “soʻqir boʻlsang ham senga aytibman-ov” deganday tuyuldi. Shunda... shunda birdan Muhsinning butun borligʻi boʻshashib, karaxt boʻlib qoldi. Endi zavq bilan maydonchada futbol oʻynayotgan tengqurlari ham, maydoncha chetidagi nimalar bilandir mashgʻul qizchalar ham unga xuddi tushidagidek, badtar xira koʻrina boshladi, quloqlarida Bekkining “kelib-kelib senga aytibmanov” degan soʻzlari qayta-qayta aks sado berar, har qaytalangan sayin ovoz tobora kuchayib, uni betoqat qilardi.
U bu azobga qancha dosh berib turdi, qachon uyiga qaytdi, oʻzi ham bilmaydi. Bilgani shuki, uyiga qaytganida onasi hovlida kuvi pishardi. Muhsinning avzoyini koʻrib, hayratlanganicha kuvi pishishdan toʻxtab, ayron yuqi qoʻllarini etakchasiga artdi-da oldiga yurdi. Nimadir deyishga chogʻlanayotgan edi, onasidan burun Muhsinning alamlari sirtiga otilib chiqdi:
– Nega bunday qilgansiz, ona? Yosh bolaning qoʻlidan bir pichoqni olib qoʻyish shunchalik qiyinmidi, qiyinmidi? Yo vaqtingiz yetmadimi? Yigʻlasam ham nega olmagansiz? Shunday qilsangiz – bir yigʻlab qoʻyardim-da ovunardim, endi umr boʻyi yigʻlaydigan boʻldimku, ona! Nega olmagansiz qoʻlimdan pichoqni?
Onasi beixtiyor turgan joyida vujudidan mador ketib oʻtirib qoldi. Yillar boʻyi koʻnglini kemirib kelayotgan armoni hozir oʻgʻlining tilidan taʼna toshlari boʻlib oʻziga otilayotgan edi...
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶