MOʻYNOQ TAASSUROTLARI
Tuman Tibbiyot birlashmasi maʼmuriyati va kasaba uyushmasi Vatanimiz mustaqilligining 28-yilliga biz - tibbiyot xodimlari uchun munosib sovgʻa hozirladi: Bayram taʼtilida biz uchun Moʻynoqqa sayohat tashkil qilib berishdi. Safarimizni zamonaviy, ikki salonli “Yupeng” avtobusida amalga oshirdik. Oʻn ikki soat davom etgan sayohatda butun umrimizga tatigulik maʼnaviy ozuqa oldik. Vatanimizga muhabbatimiz oshdi.
XX asr fojeasi boʻlgan Orol dengizini koʻrish hammani qiziqtiradi. Shu bois Orol boʻyida koʻrganlarimni, his qilganlarimni badia tarzida yozishga qaror qildim. Yozganlarim oʻquvchilarga maʼnaviy ozuqa berishidan umidvorman.
Sayohatimiz bayramona bezatilgan, Qoraqalpogʻiston poytaxti Nukus shahridan boshlandi.
Biz poytaxtning goʻzal, orasta koʻchasidan oʻtib. Xoʻjayli tumaniga oʻtdik.
Xoʻjayli - Qoʻngʻirot ikki tomonlama beton yoʻli oʻzining keng va ravonligi bilan hayratga soldi kishini. Qoʻngʻirot-Moʻynoq yoʻli esa taʼmirtalab boʻlib qolibdi: buzilgan, oʻnqir-choʻnqir joylari bor.
Uzoq yoʻl yurib, nihoyat, Moʻynoq shahriga kirib bordik va yoʻl azobini tezda unutdik. Chunki koʻrganlarimiz dilimizni yayratdi. Har bir shaharning oʻziga xos qiyofasi boʻladi. Moʻynoq ham uzoq yoʻlimiz poyonida oʻziga xos goʻzal va maftunkor qiyofada koʻz oʻngimizda gavdalandi.
Uzoqdan baland tepalik koʻrindi. Tepalik ustiga bir yodgorlik oʻrnatilgan ekan, oq yelkanli kema. Tepalik atrofida xitoy devorini eslatuvchi tik jarlik – dengiz sohili. Bizni shu tepalikka boshlashdi. Bu tepalik avvallari Moʻynoqning porti boʻlgan joy ekan. Shu joyda 1960-yilgacha bandargoh boʻlgan, odamlar shu joydan kemalarga oʻtirgan ekan. Hozir bu bandargoh yoʻq, lekin uning oʻrnida zamonaviy bino qurilgan. Oynavand bino tepasida ikki ayvonli minora qad rostlagan.
Biz minora tepasiga chiqib atrofni tomosha qildik. Bu yer oʻziga xos sayyohlar oshyoni ekan. Atrof qamishdan yasalgan toʻsiq devor bilan oʻralgan, beshta chiroyli, oppoq oʻtov, favvora va hovuzi ham bor, yozgi shiypon qurilgan. Shu shiypon va oʻtovlarda sayyohlar tamaddi qilib olishlari, hordiq chiqarishlari mumkin.
Bizga ham 50 kishilik dasturxon bezatilibdi. Tamaddi qilib olgach, tepalikdagi qadim jarni tomosha qildik. Sal narida yangi zamonaviy “Orol tarixi” muzeyi qad rostlagan. Tepalik uch tomondan jar bilan oʻralgan. Oldin bu joylar dengiz boʻlgan, jarda uning toʻlqinlarining izi qolgan.
Tepalikning balandligi taxminan 300 metrga, uzunligi 600 metrga teng.
Tepalikdan dengizga tushish uchun zamonaviy temir konstruktsiyali zinapoya yasalgan. Zina pillapoyalaridan pastga - Orol dengiziga tusha boshlaymiz.
Mana dengiz tubi: u yerda oʻnta kema qumga koʻmilib turibdi, zang bosib, ilma-teshik boʻlib ketgan, faqat skleti qolgan kemalar. Atrofida chigʻanoq sochilib yetibdi.
Tepaga qaraymiz - sohil tepasida oq yelkanli kema viqor bilan qad rostlab turibdi. Yuqoriga shoshilamiz, oʻsha kema yoniga oshiqamiz!
Yodgorlikning kema qismi Orol dengizining 1960-yildan keyingi ahvolida soʻz ochadi. Orol qurigan, ammo umidsizlikka tushmaydi, oppoq yelkan dengizning qaytishiga ishonchni bildiradi.
Yodgorlik poyida toshga uch tilda: ingliz, rus va oʻzbek tilida lavhalar bitilgan. Oʻsha lavhalarni oʻqiymiz: “U bu yerga har kuni kelardi, har kuni kelib uning qaytishini kutardi, u esa kelmasdi. Bu ahvol uzoq yillar davom etardi. U esa har kuni “U keladi” deyishdan charchamasdi “U keladi, u albatta keladi!”. Juda sirli lavha, mavhum lavha, uni oʻqigan sayyohning boshi qotishi aniq: “Kim kimni kutmoqda?” lekin atrofdagi manzaralarning oʻzi sayyohni bu sirdan ogoh qiladi: moʻynoqlik keksa baliqchi dengiz sohiliga kelib dengiz qaytishini sadoqat bilan kutdi. Fojea roʻy berib, hamma shaharni tashlab ketganda ham keksa baliqchi qolgan, uning chaylasi va ikkita kemasi hamon saqlanmoqda. Oradan yillar oʻtib, keksa baliqchi bu yorugʻ olamni tark etdi, ammo uning avlodlari hali-hanuz sohilga kelib, qirgʻoqni tark etgan Orolga koʻz tikadi: “U keladi” deydi. Biz ham bu maxzun hikoya taʼsirida ufqqa tutashib ketgan taqir kengliklarga tikilamiz “U keladi!” deymiz.
Moʻynoq moʻʼjizakor goʻsha. Qurigan Orol qoldirgan yalangliklar shunchaki choʻl emas, u planetamizdagi hech bir choʻlga oʻxshamaydi. Bu yerda oʻziga xos sirli voqealar boʻlib turadi. Mana hozir ham bir nechta joyda havo girdoblari, toʻzonlar paydo boʻlayotganini koʻrayapmiz. Ular goh u joyda, goh bu joyda paydo boʻlmoqda. Baʼzan qoʻshilib, quyuq, tutun boʻlib, koʻkka oʻrlamoqda.
Baʼzilar bunday hodisani Orol ruhi, keksa baliqchi ruhi kezib yuribdi deb hisoblashdi.
Tepalikda aks etgan quriyotgan Orol, kema va oq yelkan duoga ochilgan qoʻl ramzidir goʻyo.
Moʻynoqliklar Orolning qaytishiga ishonishadi. Inson va dengiz ruhi kezib yurgan bu hududda boʻlgan har bir kishi bu duoga qoʻshiladi: “U qaytadi”, deydi, “u qaytsin”, deydi.
Kunning ikkinchi yarmida biz yangi Moʻynoqni koʻrdik, ekologiya muzeyida boʻldik.
Bu muzeyning bir qismi ochiq osmon ostida joylashgan ekan. Birinchi eksponat quriyotgan Orol: qurigan hovuz, hosil boʻlgan qoyalar, oʻlgan baliqlar, atrofdan qochib borayotgan tuyalar, uchib ketayotgan qushlar. Navbatdagi eksponatda charaqlab turgan quyosh – bu ertangi kunga ishonch, istiqbolga ishonch. Endi boshqa manzaralar beshta antiqa oʻtov: atrof eshiklari oynavand. Bu oʻtovlarda turli xil eksponatlar qoʻyilgan, Orolning tirik tabiati, Orolboʻyi xalqlarining madaniyati. Bu eksponatlarni oʻtov ichiga kirmasdan ham tomosha qilib oʻtish mumkin. Keyingi eksponat Orolning kelajagi: suvi toʻlgan, poʻrtana boʻlib mavjlanib turgan hovuz.
Maftunkor Orol, joʻshqin Orol! Ekologiya muzeyi ichiga kiramiz, zamonaviy zalda Orol va Orolboʻyining kechagi va bugungi kuni aks etgan. Devordagi monitorlarda Orol dengizi haqdagi barcha maʼlumotlar jonli aks ettirilmoqda. Ekologiya muzeyidan chiqib “Moʻynoq siti” boʻylab sayr qildik. Madaniyat markazi, Moʻynoq tekstil kombinati, baliq kombinati, stadion, amfiteatr, hamma qurilishlar oʻz nihoyasiga yetgan, zamonaviy jihozlangan. Hamma joy yam-yashil: archalar, gullar, chamanzor. Favvoralar koʻngilingizga yanada joʻshqinlik soladi. Cheksiz sahroda goʻzal kelinchakdek yasanib yotgan Moʻynoq koʻchalarini kezib, koʻnglimda bir sheʼr tugʻildi.
Koʻzi yumilgan Orol
Davr-u davroning keldi.
Soʻrab kelgan edim hol,
Shodlandim, koʻnglim toʻldi.
Bu ishlarning boshida,
Turgan ekan Yurtboshim.
Umring oʻtar osuda,
Holing soʻrar qardoshim.
Buloqlaring koʻz ochib,
Obi-hayot taratar.
Bugun bagʻring yam-yashil,
Koʻrgan koʻzni yayratar.
Qumga koʻmilgan kema,
Suv yuzini koʻrajak,
Bular toʻyu-tantana,
Orol suvga toʻlajak!
Yal-yal yashnagan Moʻynoq,
Orolga yuz chayajak.
Intilganga tole naqd,
Senikidir kelajak.
Ey Hayratiy, Moʻynoqning,
Gul yuziga boqib qoʻy.
Moʻynoq – Orol toʻyiga
Yangi qoʻshiq toʻqib qoʻy!
Tojiboy DOʻSANOV, tuman Tibbiyot birlashmasi shifokori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶