28.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
28.09.2026, 09:53
Maqolalar 👁 912

Hayoti ertaklarga koʻchgan xalq fidoyisi

Hayoti ertaklarga koʻchgan xalq fidoyisi

Gurunglari odamning joni boʻladigan kishilar koʻp. Shundaylarning biri, yaqin tanishim Jangaboy aka Rajabovga qoʻngʻiroq qilib:

– Jangaka, Toʻlqindagi Bekbergan Yeshmurodov deganni taniysiz-a? – dedim.

– Ha, albatta, u kishini “Bekash dev” desangiz, Qipchoq, Mangʻitda tanimaydigan odam kam. “Bogʻonali” mahallasidan. Toʻlqinlik injener deydilar u kishini, – dedi.

– Boʻlmasa, aka, bir gurunglashib kelaylik shu inson bilan.

– Boʻpti, sizlar dil qulfining kaliti boʻlasizlar, men suhbatning “oʻtyoqari”, – dedi hamishagiday quvnoq hazillari bilan Jangaboy aka. Telefonda Bekbergan akaning qulay paytini belgilab, bordik.

– Hech qanday tutum qilib yurmang, 10-15 daqiqa suhbatlashamiz, tasvirga olamiz, boʻldi, – dedik.

– Kelguncha oʻz erkingizda edingiz, mehmonlar, endi bizning ixtiyorimizdasiz, – dedi mezbon bir-bir quchoq ochib koʻrishar ekan.

– Mezbonlardan biri mehmondan shoʻrva qilaylikmi, palovmi, deb soʻraganida mehmon: “qozoningiz bittaginami?” degan ekan, – deb Jangaboy aka hammani kuldirdi.

– Xoʻp, suhbatni nimadan boshlasak ekan?

– Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar”ini bilasiz-a?

– Ha, oʻqiganman. Ajoyib kitob.

– Siz ham oʻtmish ertaklaridan boshlayvering. 1952-yilgi daryo toshqinidan boshlang, – dedi Jangaboy aka.

– “Dev”lar Sizga ertak, bizga chin, – gap boshladi Bekash aka. – Men 1936-yil Qipchoq elatining “Bogʻonali” mahallasida, tugʻilganman. Bobom Davlatmurod “dev”ni eslayman. Soqolli, savlatli odam edi. Aka-uka Yeshmurod, Yeshjon, Doʻsjon, Bekjon “dev”lar – hammasi oilasi bilan bir hovlida yashardilar. Katta dolonda yer oʻchoqqa doshqozon osilar, barchasi bir qozondan taomlanar edi. Onamni ham Shukur “dev”, der edilar (“dev”larning kelini ham “dev” boʻladi-da). U juda gʻayratli, oʻktam ayol edi. Oʻttizdan ortiq jonga ovqat pishirar, kichigi Begjon “dev” oʻt yoqar, kattalar yogʻoch tovoqda bir tovoq-bir tovoq yormani ichib qoʻyar edi.

Onamning aytishicha, keyinchalik Doʻsjon adliya sohasida ishlagan. Yeshjon frontga borgan, “ZiS - 355” mashinasini haydab Ikkinchi jahon urushiga joʻnab ketganicha bedarak yoʻqolgan.

Begjon duradgor, otam Yeshmurod kolxozchi boʻlgan. Onam toʻqqiz farzand koʻrgan, sakkiz nafar bolasi turli kasalliklardan vafot etgan. Mening ismimni Berkbergan (mahkam, mustahkam qilib bergan maʼnosini anglatadi) qoʻyganlarining sababi - oʻlmasin, mahkam boʻlib yashasin, deb tilaganlar, keyinchalik Bekbergan tarzida yozilib ketgan. Maktabga borgunimcha meni odamlarga koʻrsatavermasdan (koʻz tegadi degan irimda) yurganlar. 4-sinfdaligimda otam vafot etdi. Onam ikkimiz qoldik. Onam tongda ishga ketar, shomda kelardi. Men maktabdan kelib mol boqardim. 13-14 yoshlarimda choʻt qoqib, hisob-kitobni bilganim uchun uyimiz yonidagi idoraga chaqirishdi. Hisob-kitob yuritib, maʼlumot (svodka) olardim, Qipchoqqa borib, har kungi maʼlumotni topshirardim. Onamga bir yarim, menga yarim mehnat kuni haqiga bugʻdoy, joʻxori berishardi. Onam bir amallab sigirlarni ikkita qildi. Sogʻib, sutini pishirib: “bolam, sut sovigach, koʻzalarga ivitib qoʻy”, deb ishga ketardi. Shomda kelib piyozli patrak nonni otashkurak ustiga qoʻyib, baʼzan tovaga solib pishirar edi, men turib qaymoq bilan yeb olardim va maktabga ketardim. Oshqozonimiz ham ogʻrimasdi.

Kenja aka degan kolxoz raisi toʻy berdi. Qurda oʻtirgan odamlarga ovqat tortildi. Shunda katta-katta yigitlar tovoq tortib yurgan odamlarning qoʻlidan tovoqni tortib olganlarini, tovoq qayerga tortilsa, odamlar qurni buzib, oʻsha yerga, tovoq tortganlarning izidan yurganlarini oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Hozirgi moʻl-koʻlchilikni isrofgarchilikka aylantirish katta gunoh.

Loydan qilingan poydevor ustiga tol taxtalari qoʻlda yorilib, tizib chiqilgan uyimizda besh xona boʻlib, ayvon oʻrtasiga oʻt yoqib isitardik. Tepada tuynuk boʻlib, xoda bilan itarib tuynukni ochardik. Tutun chiqib boʻlgach, xodani tortib, tuynukni yopardik. Choʻgʻga yaqinroq joyga somon toʻshab, usti-boshimiz bilan goh u yon, goh bu yon agʻanab yotamiz, somon ham 4-5 kunda qotib qoladi, yangilaymiz, chipta toʻshaymiz, shu tarzda qishdan chiqamiz. Hozirgiday koʻp xonadonlardagi tabiiy gaz, eshigimiz oldiga kelib turgan koʻmir qayoqda?

1952-yili Nazarxon ovulini suv (toshqin) oldi. Suv toshqinida aziyat chekkan aholiga yordam berish uchun Nazarxon ovuliga 300 nafar kishi joʻnatildi. Men onamning oʻrniga boradigan boʻldim. Uylar, cherdaklar suv tagida qolgan, odam boʻlsa, qutqarishimiz kerak. Odam yoʻq, tovuqlar, itlar, mollar bor edi. Tizzadan suv kechib borgan boʻlsak, qaytgunimizcha tomogʻimizga keladigan boʻlibdi. Kiyimimizni boshimizga koʻtarib kechasi bilan suv kechib, tongda qumga chiqdik. Hammamiz tappa-tappa tashlab, tushgacha uxlab qolibmiz. Oʻsha paytdagi rayijroqoʻm raisi Sulton Toʻramurodov bizlarni mashinalarga mindirib, uyimizga joʻnatdi. Ana shunda mashina haydashga havasim tushgan ekan. Kolxozdagi mashina haydovchilaridan biriga shogird boʻlib ishga kirdim. Gaz-P, ZiS-355, ZiL-150, Gaz-69 – shu zamondagi barcha rusumdagi mashinalarni haydaganman.

– Kezdim, armonim qolmadi, desangiz-a, – deydi Jangaboy aka.

– Motorli elektr stantsiya bilan ovulimizni yoritishda xizmatlarim bor. Sirtdan Nukus qishloq xoʻjalik texnikumida oʻqidim. Bitkazib, 1968-yildan nazoratchi-mexanik, ustaxona mudiri vazifalarida ishladim.

1975-1996-yillarda bosh muhandis lavozimida ishlab, nafaqaga chiqdim.

– Rosa paxtazorda javlon uribsiz-da.

– Paxta, chorva, yoʻl qurilishida, kolxozdagi barcha qurilishlarda biz ham bormiz.

–“Amudaryo haqiqati” gazetasining 2006-yilgi sonlaridan birida Qobul Shomurodovning lavhasida: “Texnika potentsiali jihatdan tumanimizda hech bir paxtachilik xoʻjaligi sobiq “Kommunizm” kolxozi (hozirgi “Toʻlqin” MMTP) bilan bahslasha olmaydi”, – degan jumla bor. Sizning xizmatlaringiz alohida taʼkidlangan.

– Toʻgʻri. Rahmat-e ukalar, qanday zoʻr odamlar bilan ishlashdik-a. Choʻtboy Usmonov, Raim Vaisov, Joʻlliboy Sogʻinboyev, Majid Matnazarov, Xolboy Boltaboyev, Kim Mark – bularning ishlarini qahramonlik, deb baholasa boʻlar...

– Ustoz-shogirdlar haqida ham gapirsangiz – deydi gurungni ishtiyoq bilan tinglarkan Ahmad Nafas.

– Mendan oldin rul tutgan, temir ushlaganlarning barini ustoz deb bilaman. Ularning koʻpchiligi boqiy dunyoda, oxiratlari obod boʻlsin! Shogirdlarim ham juda koʻp. Xitoyda Abdulla polvon Oʻrozimbetov, Tilovboy Xudoyberganov, Quvondiq Gʻaniyevlar bilan bir davrda ishladik. Hozirgi Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermonov ham oʻz faoliyatini sobiq Mangʻit sovxozida muhandislikdan boshlagan shogirdlarimdan.

Turkmanistonning Koʻhna Urganch, Toshhovuz, Boʻldimsoz tumanlarida, Xorazmning koʻp tumanlarida hamkasb shogirdlar bilan qalin aloqada boʻlib, tajriba almashib, ehtiyot qismlar olish-berish qilib turardik. Hozir ham koʻplari bilan bordi-keldi qilamiz.

– Hukumat tomonidan ham xizmatlaringiz baholangan boʻlsa kerak...

– Albatta, Xudoga shukur. Mashinada paxta terayotganimizda Sharof Rashidov, Qallibek Kamolovlar kelib, toza terganimiz uchun rahmat aytishgan! 1972-yilda “Mehnat Qizil Bayroq” ordeni, 1990-yilda “Mehnat faxriysi”, 1993-yilda “Xizmat koʻrsatgan kolxozchi” koʻkrak nishoni, bir necha faxriy yorliqlar “Ural” rusumli mototsikl, “Moskvich” avtomashinasi bilan mukofotlandim. Lekin bizlar mukofot olamiz, deb oʻylamasdik. Biz shu ishni vaqtida bajarishimiz kerak deb, yelib-yuguraverardik. Minnat neligini bilmasdik.

– Kichik “dev”lar qalay, ular ham sizdek mehnatsevarmi? – hazil ila luqma tashlaydi “oʻtyoqar”imiz.

– Xudoga beadad shukurlar boʻlsin! Rafiqam Enajon (ruhi shod boʻlgay) bilan birga 5 qiz, 4 oʻgʻil farzand oʻstirdik, 21 nevara, 20 chevaramiz bor. Oilada onaning oʻrni boʻlakcha. Ayolim vafotidan soʻng uylandim.

Rafiqam Malikani farzandlarim hurmat qiladi, “ena-ena”, deb parvona boʻlishadi. Toʻngʻich qizim Toʻlgʻonoy va Zulfiya, oʻgʻlim Baxtiyorlar qarilik nafaqasiga chiqdilar.

– “Dev” degan laqabni qanday olgansiz? – deydi qiziqib Ahmad Nafas.

– “Bogʻonali”, “Tuyoqli”, “Bosuv”, “1-Toma”, “2-Toma”, “Agronom” kabi ovullarda hoʻkiz arava, ot arava, eshak aravalarda dalalarga nombar (goʻngli tuproq) chiqarishgan. Yeshmurod “dev”ning otasi – katta bobomiz nombar toʻla hoʻkiz aravani 4-5 kishi aylantirolmay turganida bahslashib, bir oʻzi aylantirib qoʻygan ekan. Shundan soʻng “dev” laqabini olgan.

– Siz ham “dev”lik qilganmisiz?

– Men ham joʻralarimning qistovi bilan qurli toʻyda kurashga chiqqanman. Xoʻjaylidan kelgan atoqli polvonni yiqitganimda kadxudo mukofotga bir qoʻy bersa, toʻyning sozandalari, Hayitboy masxaraboz, Chovdir doirakash, Murod surnaychi, Hayitboy surnaychilar ham bir qoʻy olib bergan. Mahalladoshlar, tengqur joʻralar rosa ziyofat qilganmiz. Shu sabab meni ham “dev” deyishgan.

Bundan tashqari, paxta qurtiga qarshi va defoliatsiya davrida samolyotlar bilan dori sepilardi. Biz esa qoʻlda boʻyonni chelakka botirib dori separdik. Ukrainadan kelib samolyotda dori sepadigan uchuvchilar: “hali ham tirikmisizlar?” – deb hazillashardilar. Shunga qaraganda biz “odam dev”lar ertaklardagi devlardan ham qoruvli boʻlgan ekanmiz-da!

Bekbergan ogʻaning hikoyalari haqiqatan ham bugungi davr yoshlari uchun ertak edi.

– Bugungi oʻzgarishlarni biz tushimizda ham koʻrmas edik, –deydi u zavqlanib. – Klubga yigʻilib ovozsiz, ovozli kinolarni koʻrib, angrayib oʻtirardik. Hozir esa mana bu qoʻl telefonida dunyoning u chetini ham bemalol koʻraverishadi, oʻqiyman, ishlayman, deganning zamoni keldi hozir. Puli yetmay turganga kredit bersa, oʻzimizda oʻqiysanmi, chet eldami – marhamat, deb tursa, bunday xalqiga gʻamxoʻr davlat qayerda boʻlgan? Buning qadriga yetishimiz, shukur qilishimiz kerak. “Kichik dev”larga (nevara-chevaralarini nazarda tutmoqda) har nafas aytadiganimiz shu.

– Qani, endi ular bilan ham salomlashaylik, kichik “dev”lar ham kelsin...

Bekbergan akaning oʻgʻil-qizlari, nevara-chevaralari zalni toʻlgʻazishdi.

– Hali koʻplari kelmadi, bori bilan salomlashib qoʻyaverasizlarda.

Bekbergan aka va Malika onaning farzandlariga Jangaboy aka savol yoʻllaydi.

– Kimsizlar?

– “Dev”larmiz! – bir ovozdan javob berishdi.

– Baxtiyor, Toʻlgʻonoy, Zulfiya, Bahodir, Zulxumor, Bahrom (joyi jannatda boʻlgay), Sharofat, Ikrom, Gulistonlarning oʻgʻil-qizlari, nevaralarining, kuyovlar-u kelinlarimizning tugʻilgan kunlarini nishonlayversak, yarim yil bayram bilan oʻtadi bizda, Xudoga shukur!, – deydi Bekash aka.

– Sizni yoshday koʻringaningizga ota demay, aka deb ataymiz, – deydi Ahmad Nafas.

– Bu yil yozda otamning Ming oylik toʻyini nishonlaymiz, Xudo xohlasa, ana shunda kelib ota deb ataysizlar-da! – deydi jarangdor ovozda shoʻx nevaralaridan biri.

– Hammamizni omon-eson yetkazsin oʻsha kunga! Shunday tilak bilan xayrlasharkanmiz, elimizda qanchalik koʻp oddiy, lekin ulugʻ insonlar umr kechiradilar-a, deymiz bir-birimizga.

Bunday fidoyiliklar Bekbergan aka va oilasining emas, butun xalqimizning tarixida bor-ku, ular haqida qancha yozsak ham oz, degan faxr tuygʻulari kechadi dilimizdan.

Tursunboy ABDULLAYeV, taʼlim faxriysi.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Bilim va imkoniyatlar maskani ▶ Bilim va imkoniyatlar maskani 24.09.2026 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi ▶ 14 nafar mahkum jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi 24.09.2026 Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi ▶ Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash boʻyicha koʻrgazmali seminar oʻtkazildi 24.09.2026 Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi ▶ Texnikumda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yigʻilish oʻtkazildi 23.09.2026 Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi ▶ Oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi 23.09.2026 Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi ▶ Bobur nomli ovulda 54 oila imtiyozli kredit evaziga oʻz ishini boshladi 23.09.2026 Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi ▶ Amudaryo nuroniylari yoshlar tarbiyasi boʻyicha aniq vazifalarni belgilab oldi 22.09.2026 Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi ▶ Qoraqalpogʻistonda 8 oyda 13,2 milliard soʻmlik noqonuniy elektr isteʼmoli aniqlandi 22.09.2026 Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi ▶ Deputatlar Amudaryo tumanida tibbiyot, ijtimoiy himoya va taʼlim sohalarini oʻrgandi 22.09.2026 Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda ▶ Suv taʼminoti inshootlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda 21.09.2026 Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi ▶ Xayriya tadbiri doirasida ehtiyojmand oilalar va nuroniylar holidan xabar olindi 21.09.2026 Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi boʻyicha respublika seminari boʻlib oʻtdi 21.09.2026 Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan ▶ Daryo boʻyi mahallasida ijtimoiy himoya ishlari manzilli yoʻlga qoʻyilgan 21.09.2026 Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda ▶ Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar ▶ Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi ▶ “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi ▶ Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi ▶ Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita ▶ Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari ▶ Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda ▶ Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot ▶ Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi ▶ Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi ▶ Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi ▶ Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda ▶ Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi ▶ Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi ▶ Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi ▶ Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi ▶ Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026