Tun ogʻriqlari
Soʻzlar yuragini his qilganmisiz, eshitganmisiz tuygʻular ovozini. Vujudingizga zaharli tigʻlar sanchilar pokiza tovushlar sadosida. Koʻngil manzilida kirlar yuviladi, zanglar koʻchadi, illat lashkari zaharlanadi. Tomiringizda tirilgan nurli qon oqadi. Nigohingizda goʻzal olam – yolgʻonlardan, yomonlardan olis olam. Ishq-muhabbat ziyosida koʻngilni qamal aylagan arzon, oʻtkinchi ogʻriqlar chekinadi. Ong koʻzlari ravshanlashadi. Bu –sheʼrning, sheʼriyatning lahzalik tashrifi.
Oʻqiyapman, titroq kipriklarim qadar. Oʻqiyapman hayajon, hayrat – ruhiyat zilzilasi. Shavkat Rahmon olami eshiklariga jasorat, isyon soʻzlari yozilgan. Nazarimda bu olam ismi Vatan, bu olamning har satrida inson tasviri. “Abadiyat oralab”– bu kitobni oʻqish ogʻriq, varaqlashning oʻzi joningizni ming bir olovda kuydiradi. Mutolaa – ogʻir jarayon. Ayniqsa, armonning, orzularning farzandiga aylangan ijodkor sheʼriyati yuragingizga osmon qadar togʻlar yukini qulatayotgandek his qilasiz oʻzingizni:
Xudoning hovlisida
Osmon toʻla havolar
faqat menga yetmaydi.
Bu misralarda tuygʻu bor. Bir inson umri hali yashashim, yozishim kerak edi deyayotgandek. Xasta jon ingrogʻi, hatto qoʻllar qalam tutishga ojiz, lablardan uchayotgan soʻzlar oppoq qogʻoz yuziga ohista qoʻnayotir.
Abadiyat oralab,
Oʻshga qachon yetamiz?
Oʻsh – Vatan timsoli. Vatan yuragiga ismini, umrini yozgan har bir inson abadiyatga daxldordir. Shavkat Rahmon sheʼrlari Vatanga yoʻl koʻrsatadi. Vatan unday, Vatan bunday, deb aldab yurmaydi. Vatan – sodiq farzandlari sabab ravnaq topadi. Shaytoniy kimsalar Vatan yuragiga tigʻ urgan. Tarix guvoh:
... Yaproqday sargʻordim buyuk urushda,
musulmon yoʻq edi, yoʻq edi millat.
Buyuk urush – Vatan erki, ozodligi. Buyuk urush – chin maʼnodagi samolar qadar ulugʻvor Vatan yaratish yoʻlidagi jang. Nega bu kurashda musulmon yoʻq, nega millat yoʻq?! Uzun savol. Javobini yurak bilguvchi savol...
Shahzod Anvar.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶