MAST QILUVChI IChIMLIKLAR IChISh ShARIATDA HAROM QILINGAN
Bismillahir rohmanir rohiym!
Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) choʻplar shaytonning ishidan iborat iflosliklardirki, undan chetlashingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz”. (“Moida” surasi, 90-oyat).
Xamr (aroq)dan chetlashishga boʻlgan buyruq oʻsha narsaning harom ekanligiga eng kuchli dalillardan hisoblanadi. Oyatda xamr (aroq) but-sanamlarga yaqin qilib keltiriladi. Vaholanki, but-sanamlar gʻayridinlarning ilohlari hisoblanadi.
“Alloh taolo xamrning harom ekanligini aytmagan”, –deya eʼtiroz qiluvchilar ham chiqishi mumkin. Ammo Alloh taolo xamrning haromligi sababli “undan chetlashinglar!” – degan.
Xamr ichgan kishi toʻgʻrisida Rasululloh (s.a.v.) hadislarida ham ogohlantiruvchi chaqiriqlari mavjud.
Jobirdan rivoyat qilingan bir hadisda: “Mast qiluvchi ichimlik ichgan kishiga Alloh taolo “Tiynatul xobal” ichirishini vaʼda qilgan”. Sahobalar “bu nima”, – deb soʻraganlarida Paygʻambarimiz: “Bu doʻzax ahlining (oqqan) teri yoki yiringi”, – deganlar. (Imom Muslim rivoyati).
Hozirgi davrimizda xamr va mast qiluvchi ichimliklarning turlari nihoyatda koʻpayib ketgan.
Rasululloh aytganlaridek: “Mening ummatim ichida bir toifa insonlar boʻladi. Ular xamr ichishadi. Ularni boshqa nom bilan nomlashadi”. (Imom Abu Dovud rivoyati).
Yana Paygʻambarimiz: “Har bir mast qiluvchi xamrdir. Har bir xamr haromdir”, – deganlar. (Imom Muslim rivoyati).
Inson aqlini chalkashtirib, mast qiluvchi har qanday yemish va ichimlikning ozi ham, koʻpi ham haromdir. Ularning qanday nomlanishidan qatʼiy nazar, mohiyat-eʼtibori va maqsadi bitta, yaʼni odamni mast-alast qilish. Shunday ekan, uning hukmi barchamizga maʼlum boʻldi.
Sharob ichgan bir odam mast boʻlib, yengil najosati bilan qoʻlini, yuzini yuva boshlabdi. Unga: “Nima qilayapsan?”, – dedilar. “Qoʻllarimni, yuzimni yuvmoqdaman”, – deb javob berdi u.
Bu hikoyadan maqsad ichkilik odamlarni qay ahvolga solishini koʻrsatishdir. Aybi bor odamlar bundan xulosa chiqarib, ibrat olishsalar kerak. Darhaqiqat, ichkilik insonning nomus va sharafiga eng katta dogʻ tushiruvchi vositadir.
Bir mast kishining yuzlarini koʻchadagi daydi it kelib yalay boshlabdi. Shunda mast itga qarab: “Ey afandim! Ey sultonim! Yaratgan seni muborak qilsin” – dermish. It esa uning yuziga siya boshlabdi. Itning bu ishiga ham mast kishi yana tashakkur aytarmish.
Ha, haqiqatdan ham mastlik aqlsizlikdir. U insonning aqlini shu darajada olib qoʻyadiki, mastlar bunday paytlarda nima qilganlarini va nima gapirganlarini aksariyat hollarda bilmaydilar. Nomus, or, sharaf kabi insoniy qadriyatlar unda mutlaqo yoʻqoladi. Aqlli odamlar bunday illatlardan astoydil saqlanishga, imkon qadar vaqt gʻanimatida ichkilikni ertaroq tashlashga qatʼiy kirishadilar va nihoyatda oʻlchovli boʻlgan oʻz shaxsiy hayotlarini ichkilik ogʻusidan asrab qolishlariga irodalari hali yetishadi, deb ishonamiz.
Qurʼoni Karimning “Moida” surasi, 90- va 91-oyatida: “Ey iymon keltirgan bandalar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimlik), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) choʻplar shayton ishidan iborat iflosliklardirki, undan chetlashingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da oʻrtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Yaratganning zikri hamda namozidan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?”, – deya uqtiriladi.
dini Paygʻambarimiz (s.a.v) davrlaridayoq may (aroq va mast qiluvchi) ichimliklarni ichishni taqiqlagan va haromga hukm qilgan. Bu taqiqlov oʻz navbatida asrlar davomida odamlarni yaramas, gʻayri-axloqiy ishlardan chetlashtira oldi ham.
Rivoyatlarda aytilishicha, “Toʻfon hodisasidan keyin Nuh kemadan tushib, kemasida olib kelgan mevali daraxtlarning koʻchatlarini yerga ekdilar. Koʻchatlar orasidan uzum koʻchatini topa olmadilar va oʻgʻli Somdan soʻradilar, u ham topa olmadi. Jabroil kelib: “Yo Nuh, uzum (tok) koʻchatlarini shayton oʻgʻirlagan, undan talab qilsang, topib berur”, dedilar. Shayton alayhilaʼananing iltimoslariga koʻra, Nuh uni tokzorga bogʻbon qilib belgilaydilar.
Tok koʻchatlaridan katta bogʻ barpo qilishadi. Shayton alayhilaʼana insonlarga oʻz yomonligini qilib, uzumzorni sugʻorganida uning suviga sherni soʻyib, qonini suvga aralashtirib oʻgʻitlash usulini ishlatadi. Keyin ayiqning qonini suvga qoʻshib oʻgʻitlantiradi va undan soʻng yoʻlbars hamda itni soʻyib ularning qonidan uzumzorni oʻgʻitlashni davom ettiradi. Boʻri va tulkini, choʻchqani va tovuqni ham soʻyib, ularning qonidan ham suvga aralashtirib, oʻgʻitlaydi. Tok koʻchatlari tez fursatlarda oʻsib, meva bera boshlaydi. Inson havasi keladigan darajadagi yetti xildagi hosildor uzum navlariga aylanadi. Shaytoni-laʼin bu uzumlardan sharob tayyorlab, undan insonlarga bera boshlaydi. Ana shu sharobdan kimda-kim ichsa, dastavval sherdek boʻkirib, kuch-quvvatga toʻladi, keyin yoʻlbarsdek gʻazabnok va shijoatli, ayiqqa oʻxshab boʻkiradi, boʻrilarga oʻxshab janjalkash va itlar singari urishqoqqa aylanadilar. Bora-bora tulkilarga oʻxshab har narsadan hadiksiraydigan va choʻchqaga oʻxshab axlatlar orasida ham agʻanab yotaveradigan, tovuqlarga oʻxshab toʻgʻri kelgan joyda boshini qanoti ostiga olib, uxlab qolaveradigan odatlar chiqaradi”. (Abu Homid Gʻazzoliyning “Hayot ul-qulub” kitobidan olindi).
Fiqh ilmining ulugʻlaridan biri Abu Lays Samarqandiy oʻzlarining “Tanbeh ulgʻofiliyn” nomli kitoblarida xamr ichkiligini ichib, mast boʻlgan odamlarda oʻnta yomon xislat zohir boʻlishini aytib oʻtganlar:
– ichkilikboz mast boʻlgach, unda yosh bolalarning tentakligi zohir boʻlib, koʻp kuladi;
– aqlsizlik va nodonlik qilib, moldunyosini oʻrinsiz sovurishni boshlaydi;
– qarindosh-urugʻlarining va doʻst-birodarlarining koʻngillariga tegib, ular bilan aloqalarini uzadi;
– Alloh taoloning ibodatlaridan va milliy qadriyatlarimizdan butunlay mosuvo boʻladi;
– ichkilikdan mast boʻlgan vaqtlarida har bir koʻrgan ayoli bilan zino qilishga moyil boʻladi;
– uning qalbida barchaga nisbatan yomon fikrlar uygʻunlashadi va bular unga oddiy bir holatdek boʻlib koʻrinadi;
– Allohning farishtalari ham uni himoyalashdan bezor boʻladi;
– shariat hukmiga koʻra, ichkilik ichuvchiga sakson darra urib jazolamoq buyurilgan. Ammo ushbu jazo berilmasa, u dunyoda uni yanada ogʻirroq jazo kutadi;
– uning yuziga osmon eshiklari yopib qoʻyiladi va uning duolari hamda savoblari qabul qilinmaydi;
– oʻlimi vaqtida iymonidan ajralish xavfi ham bordir.
Iloho, zoti poking, gʻafuru rohiymlik sifating, Paygʻambarimiz Muhammad Mustafoning (s.a.v.) haq-u hurmatlari uchun bizlarni shaytonning sharridan oʻzing panohingda asragin, oxirgi damda iymon gavharidan judo etmagin. Omin, birohmatika yo arhamar rohimiyn!
Qodirbergan hoji, islomshunos.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶