KOʻZGU XIPA TOPTMASIN!
Asrlar davomida millatlar, xalqlar oʻrtasida maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtaguvchi til – insoniyat uchun dunyoni anglash, tushunish vositasi hamdir. Demak, har qanday tilning jozibadorligi, qadr-qimmati oʻsha tilda soʻzlashuvchi xalqlarning oʻz ona tiliga eʼtibori, madaniyatli tarzda yondashuviga bogʻliq.
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri, Alloh rahmat qilsin, Erkin Vohidov oʻzining “Soʻz latofati” asarida oʻzbek tilining oʻziga xos jozibasi, sinonimlarga boyligi haqida faxr bilan soʻz yuritarkan, birgina “rang” soʻzi tilimizda 31 xil maʼno anglatishini birma-bir dalillab bergan edilar. Men har gal otashin shoirning ushbu asarini varaqlaganimda beixtiyor koʻnglimdan: “Tilimizning bu jozibadorligini qay darajada his etayotirmiz?” degan savol kechadi.
Haqiqatdan ham tilimizga eʼtiborlimizmi? Asrlar davomida millatlararo doʻstlik, qon-qarindoshlik aloqalarini bogʻlashda benazir vosita hisoblangan oʻzbek tilining qadr-qimmatini qanchalik his etayotirmiz?
Taʼlim muassasalarida, baʼzan tumanimiz ijodkorlari ishtirokidagi adabiy davralarda bir holatni kuzataman: oʻquvchi-yoshlar bilib-bilmay, hatto maʼnolarini anglab yetmay inglizcha, ruscha soʻzlarni tilimizga qoʻshib-chatib gapirishadi. Ayrim ijodkor yoshlar orasida ham shunga oʻxshash holatlar kuzatiladi. Katta yoshdagilar esa koʻproq ruscha soʻzlar bilan oʻz nutqlarini “bezab” gapirishni odat qilishgan.
Yaqinda kollejlardan birida oʻtkazilgan yigʻilishda oʻzim guvoh boʻlgan bir voqea yodimga tushdi: bir oʻquvchi qogʻozga katta harflar bilan “Men seni Love” deb yozib, orqasidagi qizga koʻrsatdi. Tabiiyki, qiz uyaldi, tadbir oxirigacha boshini koʻtarmadi. Men asta oʻsha oʻquvchi yigitning yoniga bordim. Oʻsha qogʻozni soʻradim. Yigit uyalish oʻrniga: “men notoʻgʻri ish qilganim yoʻq”, dedi yuzimga tik boqib.
Men unga qogʻozdagi yozuvning qanchalik notoʻgʻriligini, ikki millat tiliga madaniyatsizlarcha munosabati haqida tushuntirdim. Shunda oʻquvchi yigitning boshi egildi.
Aytmoqchimanki, baʼzi oʻquv muassasalarida xorijiy tillarni oʻqitish nihoyatda sust. Agar bu boradagi ishlar bugungi davr talablari darajasida boʻlganida edi, yoshlarimiz koʻkragiga turli ibosiz soʻzlar yozib qoʻyilgan futbolka va koʻylaklarni koʻz-koʻz qilib kiyib yurishmas, ona tilimizga xorijiy soʻzlarni qorishtirib muomala qilishmas edi.
Xalqimizda shunday hikmat bor: “Tilga eʼtibor – elga eʼtibor”, deydilar. Demak, bizning el-yurtga, xalqimizga mehr-muhabbatimiz – tilimizga qay darajada eʼtiborimiz, muomala madaniyatimizga, bu boradagi bilimimizga bogʻliq. Shunday deymiz-u, baʼzan idora-tashkilotlar, nufuzli firmalar, doʻkonlar, goʻzallik salonlari peshtoqlaridagi reklamalar, joy nomlariga koʻzimiz tushib, koʻnglimiz xijil tortadi. Eʼtibor bering: “Moxira go’zallik saloni” (aslida “Mohira” tarzida yozilishi kerak), “Gijduvoncha shashlik” (asli “Gʻijduvoncha kabob” emasmi?). Ayrim oshxonalar oldidagi reklama afishalarida shoʻrva – “shurpa”, chuchvara – “pelmen” tarzida gʻij-gʻij imlo xatolar bilan yozib qoʻyiladi. Qurilish mollari bilan savdo qiluvchi “Nur” savdo majmuasida shunday xabarnomani koʻrish mumkin: “Gipskarton... optom baxada” yoki yana bir bino peshtoqiga “Maloxat toʻy leboslari” tarzida imlo xatolari bilan yozilgan boʻlsa, shunday bir atama esa “Nevesta” toʻy liboslari saloni” deb yarmi oʻzbekcha, yarmi rus tilida yozilganiga nima deysiz?
Maktablarda, kollejlarda oʻquvchi-yoshlar, hatto kimligini ham anglab boʻlmaydigan qandaydir olimlarning fikrlari bitilgan shiorlarga koʻzimiz tushadi. Masalan, tibbiyot haqida, doʻstlik va tinchlik haqida, taʼlim va madaniyat, maʼnaviyat haqidagi allaqanday nemis, ingliz, rus yoki frantsuz, italyan olimlari bildirgan fikrlar. Axir aynan shu sohalarda dunyo tsivilizatsiyasiga juda katta hissa qoʻshgan buyuk olim-u ulamolar oʻzbek millatiga mansub emasmi? Nega yoshlarimiz tahsil olayotgan ilm maskanlarini Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Moturudiy, Navoiy, Bobur kabi bobolarimizning dunyo xalqlarining tillarida doston boʻlgan fikrlari, oʻgit va nasihatlari bilan bezab tashlamaymiz? Tilimizning serjiloligini, jozibasi-yu qudratini, oddiygina qilib aytganda, oʻzimizga, el-yurtimizga eʼtibor va muhabbatimiz bilan ifoda etish shunchalik qiyinmi? Qiyin emas, azizlar, faqat hafsala qilmaymiz bunga.
Oʻzbek tili – Oʻzbekistonda davlat maqomiga ega aloqa vositasi. Oʻzbek tili – millatimiz, xalqimiz hayotining koʻzgusi. U bizning yorugʻ yuzimiz, koʻrar koʻzimiz. Agar oddiygina atamalar, joy nomlarining yozilishida xatolar qilsak, nutqimizda oʻzga millat tiliga ham, oʻz tilimizga ham eʼtiborsizlik bilan aralash-quralash (balki yasama “til”dir) soʻzlar bilan muomala qilsak – bu avvalo, oʻta xunuk ish, qolaversa, bilimsizlik va maʼnaviyatsizlikdir.
Bas, shunday ekan, millatimiz, xalqimiz koʻzgusi, maʼnaviyatimiz koʻrki – ona tilimizning sofligi, jozibasi va goʻzalligi xira tortmasin!
Pobiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶