Advokatura instituti takomillashmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda Advokatura instituti ham takomillashtirilmoqda. Zero Advokatura instituti fuqarolik jamiyatining muhim boʻgʻini hisoblanadi. Advokatura institutini takomillashtirishdan bosh maqsad bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash hisoblanadi.
Advokatura instituti haqida gapirishdan oldin avvalo “Advokatura” tushunchasiga huquqiy nuqtai nazardan sharh berib oʻtish masqadga boʻladi.
Oʻzbekiston Pespublikasini 1996-yilda qabul qilingan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra Advokatura — huquqiy institut boʻlib, u advokatlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, koʻngilli, kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga oladi. Advokatura Oʻzbekiston Pespublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Pespublikasi fuqarolari, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam koʻrsatadi deb belgilab qoʻyilgan.
Advokatura fuqarolik jamiyatini qurishda muhim ahamiyat kasb etuvchi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam koʻrsatuvchi institut hisoblanadi. Lekin shuni ham takidlab oʻtish joizki, advokatlar oʻz faoliyatini bekami koʻst amalga oshirishda bir qancha toʻsiqlarga uchramoqda. Bu toʻsiqlarni bartaraf etish asnosida Oʻzbekiston Pespublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5441 – sonli Farmoniga muvofiq 2018-yil 1-iyuldan boshlab advokat nizolarni sudgacha hal qilish, tomonlarni yarashtirish boʻyicha choralar koʻrish, shuningdek hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega boʻldi (Advokat tomonlardan birining vakili boʻlgan holatlar bundan mustasno). Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka oʻtash muddati olti oydan uch oyga qisqartirildi, bunda davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovkadan ozod etilish kabi yengilliklar berildi.
Bundan tashqari, advokatlik litsenziyasini tugatish uchun asos boʻladigan advokat tomonidan uzrli sabablarsiz oʻz kasb majburiyatlarini bajarmaslik muddati amaldagi uch oydan olti oyga uzaytiriladi. Sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish toʻgʻrisidagi ayblov hukmi kuchga kirgan taqdirda, sudya bir sutka ichida Oʻzbekiston Pespublikasi Adliya vazirligini va Advokatlar palatasini belgilangan tartibda yozma xabardor qiladi. Advokat tomonidan advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, advokatning kasb etikasi qoidalari talablari, advokatlik siri va advokat qasamyodi muntazam ravishda yoki bir marta qoʻpol ravishda buzilganda, advokatning shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan hamda advokaturaning obroʻsini tushiradigan qilmish sodir etilganda, shuningdek, litsenziyasining amal qilishi toʻxtatib turilgan shaxs litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga olib kelgan holatlarni litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilgan muddatlarda bartaraf etmaganda, litsenziyaning amal qilishini tugatish Oliy malaka komissiyasi xulosasiga asosan Oʻzbekiston Pespublikasi Adliya vazirligining murojaati boʻyicha faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
Farmonga muvofiq sohadagi yangiliklardan yana biri faoliyat yuritayotgan advokatlar va yangidan advokat maqomini olgan shaxslar Advokatlar palatasi tomonidan Adliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan har bir tanlangan mutaxassislik boʻyicha alohida litsenziya asosida yuridik yordam koʻrsatadilar. Bunda faoliyat yuritayotgan advokatlarning litsenziyalarini qayta rasmiylashtirish ularni tanlagan mutaxassisliklari boʻyicha qayta attestatsiyadan va yigʻimlarni toʻlashdan ozod etgan holda amalga oshiriladi, advokat maqomini olish boʻyicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartiriladi.
Yuqoridagilardan tashqari, advokatlarning oʻzlarining himoya ostidagi shaxslar bilan audio va videokuzatuv qurilmalari boʻlmagan maxsus xonalarda hamda begona shaxslarning ishtirokisiz oʻz vaqtida va hech qanday toʻsiqlarsiz uchrashishi taʼminlanadi, bunda advokat va himoya ostidagi shaxsning suhbatini uchinchi shaxslar eshitishini istisno etgan holda ularni vizual koʻrib turish imkoniyati saqlanib qolinishi shart, bundan tashqari, advokat oʻz professional faoliyatini amalga oshirishi uchun, Oʻzbekiston Pespublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasiga qatʼiy rioya etgan holda, sud binosiga kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini moneliksiz olib kirish huquqiga ega, yopiq sud majlislari bundan mustasno. Bunda qayd etilgan qurilmalardan sud binosi ichkarisida foydalanish sud jarayonini oʻtkazish tartibini buzmasligi kerak.
Farmonga muvofiq advokatlarning malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan, davlat va boshqa organlardan hamda korxona, muassasa va tashkilotlardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar yoki ularning nusxalarini olish uchun soʻrovlari soʻrov qabul qilingan paytdan boshlab koʻpi bilan oʻn besh kun muddatda bajarilishi shart, davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bundan mustasno deb belgilab qoʻyilgan. Advokat soʻroviga koʻra maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etmaslik, yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etganlikda aybdor mansabdor shaxslar advokatning sudga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaatiga asosan belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar. Sohadagi yana bir yangiliklardan biri advokatlik byurolarini taʼsis etgan advokatlar oʻz faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda oʻzlariga tegishli boʻlgan turar joylarida amalga oshirishlari mumkin, bunda ushbu turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish uchun noturar joy toifasiga oʻtkazish talab qilinmaydi.
Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar jamiyatimizda advokatura institutini rolini oshirish va fuqarolarimizni qonuniy huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda muhim asos boʻlib xizmat qiladi.
J.Bekimbetov, Amudaryo tumani Adliya
boʻlimi bosh maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶