1945-yilgi Moskvada oʻtkazilgan Gʻalaba paradining ishtirokchilarida biri Amudaryoda tugʻilgan
... Urushni eslash ogʻir, umuman, oʻsha yillarda kishini quvontiradigan voqealar oz boʻlgan. Deyarli barcha oilalarga kulfat oralagan davrlar. Oʻsha suronli kunlar dahshatini his qila olsam-da, qiziquvchanligim sababli Ikkinchi jahon urushi Gʻalaba paradi ishtirokchisi, I, II, III darajali Ulugʻ “Vatan urushi” ordenlari sohibi, Xolimbeg qishlogʻining fidoyi farzandi, amakim Madamin Rajabovni urush xotirlalaridan gapirib berishga undadim. Uning hikoyasiga Siz ham quloq tuting:
– Bolaligim qiyin kechgan. Uni quvonib gapirib berolmayman. Lekin padari buzrukvorimiz Rajabboy ota biz farzandlarini ilmga, maʼrifatga qiziqtirgan inson edi. Oʻzi savodsiz boʻlib, katta er egasining qoʻlida ishlasa-da, bizlarning shu yoʻldan ketishimizni istamadi.
Shu bois, oldin boshlangʻich maktabda, soʻngra maktab-internatda saboq oldim. Oʻqishni bitkazgach, muallimlik qila boshladim. Falakning gardishini qarangki, otam jamoalashtirish yillarida shirkat xoʻjaligi raisi, soʻng uzoq yillar irrigator-mirob boʻlib xizmat qilgan.
Volidai muhtaramam Saodat aya toʻgʻrisida eng yorqin xotiralarni yuragimda saqlab kelaman. Mehnatkash, mushfiq, mehribon, jafokash ayol timsoli onamda mujassam edi.
Onam urush yillarida mendan qora xat kelganida yuragi dosh berolmagan. Mashʼum xatni oʻqib, shu joyning oʻzida bu dunyoni tark etgan. Oʻsha xatni koʻrsatishmaganida nima boʻlardi, axir men tirikman-ku, deb hayqirgim keladi baʼzan.
... Meni dastlab urushga olishmadi. “Oʻqituvchisan, sen front ortiga keraksan”, deyishdi. 1942-yilning iyunigacha maktabda ishladim. Nihoyat, shu yilning kuzida biz tengi yoshlarga ham navbat etib keldi. Frontga otlandik. Buxoroda qisqa fursatli tayyorgarlikdan soʻng asosiy janglar chizigʻiga etib keldik. Bu paytda nemis fashistlar Moskva ostonalariga yaqinlashib qolgan edi.
Biz qatnashgan Kalinin fronti mustahkam istehkomga ega, dushmanning hamlasini qaytara oladigan oldingi marrada edi. Bir kuni menga “til” olib kelish vazifasi topshirildi. Yoshman, quvvat bor. Sheriklarim bilan fashist ofitserini asir qilib tutib, olib kelayotganimizda otishma boshlandi. Men toʻsiq boʻlib, dushmanning oʻtishiga yoʻl qoʻymadim. Lekin ablahlar meni yaralashdi. Tutib kelgan asirimiz qimmatli maʼlumotlar berdi.
Bu voqea dovrugʻi butun 1131-oʻqchilar polki boʻylab yoyildi. Afsuski, bu paytda gospitalda edim. 1942-yilning 16-noyabridan 1943-yilning 23-yanvarigacha davolandim. Sogʻayib chiqqach, 155-maxsus Moskva diviziyasiga yuborishdi. Keyin esa saralangan boʻlinmada “Kursk xalqasi” olishuvida qatnashdim. Xalqadagi mislsiz hayot-mamot kurashidagi jasorati uchun bir guruh jangchilar qatorida meni ham birinchi darajali “Ulugʻ Vatan urushi” ordeni bilan mukofotlashdi.
Urushda nimalar boʻlmaydi. Urush odam, shahar tanlamaydi. Qancha shaharlar vayron boʻldi, koʻz oldimda qancha quroldosh doʻstlarimning joni uzildi. Bularni soʻz bilan taʼriflashning oʻzi qiyin. Qirq yil qiron kelsa ham, ajali etmagan oʻlmaydi, deganlari rost. Bir gal fashist roʻparamdan chiqib, pistoletdan oʻq uzmoqchi boʻldi, otilmay qoldi. Orqadagi quroldosh doʻstim meni muqarrar oʻlimdan saqlab qoldi, dushmanni er tishlatdi.
Behushlikdan xiyol oʻzimga kelganimda, shifokorning “oʻzbekning qonini quy”, deganini elas-elas eslayman. Ular meni shu yoʻl bilan saqlab qolishgan.
Menga 1945-yilning 24-iyunida Moskvada oʻtkaziladigan Gʻalaba paradida oʻzim jang qilgan Transilvaniya polkining bayrogʻini koʻtarib oʻtishni topshirishdi. Oʻsha daqiqalarda qanday hayajonlanganimni soʻz bilan ifodalashim qiyin.
... Urushdan 1946-yilning oktyabr oyida qaytib keldim. Yana muallimlik faoliyatimni davom ettirdim. Keyinchalik jamoa xoʻjaligida partiya tashkiloti kotibi vazifasida ishladim. 1947-yil Moskvada 9 oylik oʻquv kursida malaka oshirib kelganimdan soʻng, bir oz ishlab, 1949-1951-yillarda Toshkent oliy partiya maktabida oʻqidim. 1955-yildan boshlab yuqori rahbarlik lavozimlarida ishlay boshladim.
Vaqt – uchqur ot. Mana, oʻsha yillar ham tarixga aylandi. Baʼzan xayol surib, qaysi yuqori vazifalarda ishlashdan qatʼiy nazar, odamlarni rozi qila oldimmi, ogʻirini engil qilishga koʻmaklashdimmi, degan oʻylar girdobiga tushib qolaman. Balki keksalikdir, odam bunday paytlarda birga ishlagan doʻstlarini, elkadoshlarini sogʻinib qolarkan.
Gohida bevaqt oʻtgan quroldoshlarimni, yaqin doʻstlarimni, onaizorimni eslaganda yuragimni alam oʻrtaydi, koʻzlarimga yosh quyiladi. Ularning pok ruhlari oldida hamisha taʼzimdaman.
Shukrki, bugun baxtiyor, dorilomon zamonda yashayapmiz. Bu kunlarga etganlar bor, etmaganlar bor. Mustaqilligimizga koʻz tegmasin! Bu kunlarning qadriga etish kerak. Farzandlarimizga, avlodlarimizga har daqiqada ogoh turish, yurtimizni gʻarazli kuchlardan asrash toʻgʻrisida aytib turishimiz lozim. Oʻzbekiston – jannatmakon yurt. Qoʻshiqda kuylanganidek, bunday yurt yana qaerda bor? Uning koriga yarash, nufuzini tobora oshirish, boyligiga boylik, chiroyiga chiroy qoʻshish, asl fuqarosi boʻlish har birimizning farzandlik burchimizdir.
Eng muhimi, dunyoda tinchlik, barqarorlik boʻlsin! Alloh yurtimiz taraqqiyotini bardavom, xalqimiz ahilligini mustahkam aylasin. Biz keksa avlodning dildagi niyatimiz, duodagi tilaklarimiz ana shu...
Muallifdan: Hozir amakim Toshkent shahrida istiqomat qiladi, tabarruk 97 yoshdalar. Uning yurtimiz tinchligi yoʻlida koʻrsatgan qahramonliklarini tinglab, shunday ulugʻ insonning jiyani ekanimdan doimo faxrlanib yuraman.
Inobat RAJABOVA, 17-sonli maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶