2026-yilgi paxta hosili uchun mustahkam poydevor yaratilmoqda
Qishloq xoʻjaligi mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim va tayanch tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Bu tarmoqda yuqori natijalarga erishish, moʻl hosil yaratishning eng asosiy sharti esa, shubhasiz, yerga qadalayotgan urugʻning sifatiga bevosita bogʻliqdir. Shu maqsadda bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida boʻlgani kabi, Amudaryo tumanida ham 2026-yilgi paxta hosili uchun yuqori sifatli, serhosil va kasalliklarga chidamli urugʻlik chigit tayyorlash ishlari qizgʻin pallaga kirgan.
Mazkur jarayonlarning belgilangan standartlar va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida, tizimli tarzda olib borilishi ustidan davlat nazorati oʻrnatilgan boʻlib, bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi xodimlarining xizmatlari katta boʻlmoqda. Xususan, Inspektsiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi Amudaryo tuman boʻlimi mutaxassislari tomonidan bugungi kunda urugʻlik chigit tayyorlash jarayonlarining har bir bosqichi qatʼiy nazoratga olingan.
Inspektsiya tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlarining asosiy maqsadi – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi qabul qilingan 641-sonli qarori talablarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlashdir. Mazkur qarorda urugʻlik paxta xom ashyosini qabul qilish, uni talab darajasida saqlash, dastlabki qayta ishlash, urugʻlik chigit tayyorlash, uni maqsadli tarqatish va eng asosiysi, sifatini nazorat qilish boʻyicha bir qator aniq vazifalar belgilab berilgan.
Urugʻchilik borasida Amudaryo tajribasi
Aytish joizki, Amudaryo tumanida urugʻchilik sohasini rivojlantirishda mahalliy tadbirkorlarning oʻrni va tashabbuskorligi alohida tahsinga sazovor. Bu borada tumandagi “Amu sara urugʻlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati Respublikaga oʻrnak boʻlmoqda. Korxona rahbari Yoqubboy Ashirov oʻz faoliyatini 2009-yilda oddiy fermer sifatida boshlagan edi. Uning boshchiligidagi "Yoqubboy Ashirov" fermer xoʻjaligi bugungi kunda 114 gektar unumdor yer maydonida ilgʻor agrotexnik tadbirlarni qoʻllagan holda dehqonchilik qilib kelmoqda.
Yangiliklarga intiluvchan, izlanuvchan va hamisha oʻz faoliyatiga zamonaviy innovatsion gʻoyalarni, ilgʻor tashabbuslarni joriy etish orqali paxta va gʻalla urugʻchiligi sohasida yuqori natijalarga erishib kelayotgan bu fermer yanada ulkan maqsadlarni oʻz oldiga qoʻydi. U tumandagi urugʻlik paxta va gʻalla yetishtiruvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun yanada kengroq qulayliklar yaratish, shu bilan birga hududda paxta va gʻalla hosildorligini keskin oshirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshish maqsadida dunyo tajribasini oʻrganishga qaror qildi. Shu maqsadda u Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida boʻlib, u yerdagi tajribali xitoylik urugʻshunoslar faoliyati, zamonaviy urugʻlik tayyorlash texnologiyalari va laboratoriya jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Xitoy safaridan katta taassurotlar va aniq rejalar bilan qaytgan Yoqubboy Ashirov davlatimiz tomonidan tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan, xususan, moliyaviy qoʻllab-quvvatlash dasturlaridan samarali foydalangan holda tijorat bankidan 3 milliard soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻini oldi. Ushbu maqsad uchun oʻz hisobidan yana 3 milliard soʻmlik xususiy mablagʻini ham yoʻnaltirib, jami 6 milliard soʻmlik yirik investitsiya loyihasini amalga oshirdi. Natijada Xitoy davlatidan paxta, gʻalla va boshqa donli ekinlar urugʻlarini mahalliy sharoitda, yuqori aniqlikda qayta ishlaydigan eng soʻnggi rusumdagi zavod uskunalarini olib kelib oʻrnatdi. Aynan shu tariqa tumanda zamonaviy “Amu sara urugʻlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi yirik korxonaga asos solindi.
Texnologik jarayonlar: Yuqori sifatli navlar va zamonaviy ishlov berish tizimi
Jamiyat faoliyatiga nazar tashlaydigan boʻlsak, bu yerda ishlar tizimli va ilmiy asosda yoʻlga qoʻyilganiga guvoh boʻlamiz. Maʼlumotlarga koʻra, korxona tomonidan 2025-yil hosilidan tayyorlangan jami 535 tonna hajmdagi urugʻlik paxta xom ashyosi qabul qilib olingan. Bugungi kunga kelib jami 205 tonna urugʻlik chigit tayyorlanib, fotoseparatorlardan oʻtkazib, dorilangan va maxsus qoplarga solinib, ekishga tayyor holatga keltirilgan.
Tayyorlangan urugʻlik chigitning asosiy qismini mahalliy iqlim sharoitiga mos, qurgʻoqchilikka va turli kasalliklarga chidamli boʻlgan “Sulton” va “Ravnaq-2” navlari tashkil qiladi.
Korxonada urugʻliklarni saqlash jarayoniga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. 2026-yil hosili uchun urugʻliklarni dorilashda qoʻllaniladigan yuqori sifatli kimyoviy preparatlar va qadoqlashda foydalaniladigan qogʻoz qoplar zaxiralari avvaldan toʻliq yaratilgan. Eng muhimi, urugʻlik chigit saqlanadigan ulkan omborlarda hasharot va turli xil zararkunandalarga qarshi kimyoviy zararsizlantirish ishlari toʻliq va sifatli amalga oshirilgan.
Qoraqalpogʻiston boʻylab keng qamrovli taʼminot
“Amu sara urugʻlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashdi korxonada qayta ishlangan va yuqori texnologik jarayonlardan oʻtgan “Ravnaq-2” urugʻlik chigit navi koʻpchilik fermerlarning eʼtiborini qozongan. Shu boisdan ham, ushbu sifatli urugʻliklar nafaqat Amudaryo tumani ichki ehtiyojlari uchun, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasining qator hududlariga, jumladan, Shumanay, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Chimboy, Nukus va Taxiatosh tumanlaridagi fermer xoʻjaliklariga ham shartnoma asosida muntazam ravishda yetkazib berilmoqda. Bu esa oʻz navbatida butun Orolboʻyi mintaqasida paxta hosildorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Korxonada urugʻlik paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklaridan hosilni uzluksiz qabul qilish, ularni belgilangan standartlar asosida qayta ishlash va eng sara urugʻlarni ajratib olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ishlab chiqarish tsexlari, ayniqsa, paxtadan sara urugʻlarni avtomatik tarzda ajratib oluvchi murakkab mexanizmlarning benuqson va toʻxtovsiz ishlashi uchun zarur texnik shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, inson omiliga ham katta eʼtibor qaratilib, korxona ishchilari va mutaxassislari mavsum oldidan maxsus tayyorgarlikdan oʻtkaziladi. Ularga mehnat qonunchiligi talablari va texnika xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya etish yuzasidan zarur tushuncha va malakaviy tavsiyalar berildi.
Raqamlashtirish va sifat nazorati
Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish va mahsulotlarning shaffofligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 7-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻliklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni sohada yangi davrni boshlab berdi.
Ushbu farmon talablariga muvofiq, 2026-yil hosilidan boshlab yurtimizda urugʻliklarni yetishtirish va ularni realizatsiya sotish bilan shugʻullanuvchi barcha turdagi tadbirkorlik subʼektlari uchun qatʼiy talab oʻrnatildi. Yaʼni, raqamli QR-kodli yorliq bilan qadoqlanmagan hamda vakolatli organlar tomonidan beriladigan ijobiy xulosa olinmagan har qanday qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻliklarini tarqatish qatʼiyan taqiqlanadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – fermer va dehqonlarni sifatsiz, kafolatlanmagan va kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan qalbaki urugʻlardan himoya qilishdir. QR-kod orqali har bir xaridor urugʻning navi, qachon va qayerda ishlab chiqarilgani, uning unuvchanlik koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz smartfoni orqali soniyalar ichida bilib olishi mumkin.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Amudaryo tuman boʻlimi tomonidan aynan ushbu farmon ijrosini taʼminlash, noqonuniy va sifatsiz urugʻlar savdosining oldini olish boʻyicha hududda tizimli ishlar tashkil qilingan boʻlib, jarayonlar doimiy va qatʼiy nazorat qilib borilmoqda.
Gʻ.Bozorboyev, Agroinspektsiyaning Amudaryo tuman boʻlimi Qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari yetishtirilishi ustidan nazorat qilish boʻyicha bosh mutaxassisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶