Xonadon fayzi
Umrning oydin manzili
Tong. Hayotning eng sokin lahzalari. Zulmat bagʻrini yoritib, ona Zaminga marmar tusini berib, asta-sekin yorishayotgan tongning kumushrang nurlari zich yopilgan xonadon derazalaridan oqib kiradi. Bu manzaradan koʻngli togʻdek yuksalgan xonadon sohibi Yaratganning bu oliy mukofotiga peshvoz darvozani lang ochib yubordi. Hovliga ona tuproq va shu zaminda ungan turli giyohlar, bogʻlar ifori oqib kirdi. Unda ajib tarovat bor, qudratli sinoat hokim. Bu – hayot nafasi, umrning oydin manzili.
Tong nafasidan koʻksi togʻday yuksalgan xonadon sohibi yaqin oʻrtadagi masjid muazzinining kishi ruhiyatiga orom beruvchi ibodatga, hidoyatga chorlovchi ovoziga monand sajdaga bosh qoʻydi. Yaratganga hamdlar bilan duoga qoʻl ochdi.
- Iloho omin, yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod, oilamiz mustahkam, naslimiz bardavom boʻlsin. Koʻngillarni xotirjamlik, ruhi-tanimizni sogʻlik tark etmasin. Davlatimizni Allohning oʻzi ziyoda qilsin!
Tonggi namoz ibodatini ado etgan xonadon sohibi – keksa otaxon koʻngli xotirjam, hovliga, atrofga koʻrk bagʻishlab turgan dov-daraxtlarga, tobora yorqin manzara kasb etayotgan umrining oydin manzili – yangi kuniga shukronalar aytdi:
- Oʻzingga shukur, barcha ezgu neʼmatlaringga shukur!
Xonadon tarovati
Derazadan oqib kirgan tongning kumush nurlari harir darpardalarning nafis gullarini ohista silagach, beshikka bagʻrini berib, bir muddat koʻzi ilingan kelinchak ogʻushidagi goʻdakni uygʻotdi, goʻyo. Chaqaloq ingasidan olam yanada yorishganday, tong nurlari uyni toʻldirib yubordi. Kelinchak alla aytdi:
Bolam oʻsib polvon boʻlar-a,
Soʻzi elga alvon boʻlar-a.
Elim, degan arslonim, alla,
Uxla qoʻzim, darmonim, alla.
Allaning sehrimi, onaning nihoyatda yoqimli ovozimi gullar, giyohlar, bogʻlar, pishiqchilik fasliga kirgan huv poliz, momo Yer iforimi – uy va hovlini ajib tarovat quchdi. Bolasini allalab uxlatgan kelinchak chor-atrofni supirib-sidirdi, suv sepdi. Ushbu dam xonadon hovlisi yanada xush manzara kasb etdi: tong iforini simirib, latif bir goʻzallikka chulgʻangan hovli oʻgʻil-qizlar, nevaralarning baxtiyor ovozlariga belandi.
Oʻz zimmalaridagi tonggi yumushlarini ado etgan farzandlar birin-ketin baland ishkomlar ostidagi supaga, nonushtaga jam boʻlishdi. Dasturxon toʻrida, farzandlarining odob-ikromidan koʻngli togʻday oʻsib oʻtirgan xonadon sohiblari – keksa ota-ona duoga qoʻl ochib, dasturxondagi neʼmatlardan totingach, farzandlar, nevara va chevaralar hozirgina xonadon bekalari yopgan issiq patirni qaymoqqa botirib-botirib tanovul qildilar. Bunda jamul jam boʻlgan butun oila – keksa ota-ona, oʻgʻil-qizlar, nevaralar, nevaralarning beshikdagi bolalari – biri-biridan ungan toʻrt avlod hokim xonadonda men ajib bir fayziyob onni kashf etdim: bu – faqat va faqat oʻzbek oilalariga xos boʻlgan goʻzal qadriyat – ahillik, oʻzaro tugʻishganlik mehri!
Shu bois, bu xonadonning havosi, tongi, kunduzlari oʻzgacha – tarovatli! Bu xonadonda Oila degan buyuk saltanatning umri boqiy qonun-qoidalari oʻzgacha – ular odamiylik, mehr, insof, iymon va diyonat nurlari ila chulgʻangan!
Ana qarang, oilada eng avvalo hurmat va eʼtibor – xonadon farishtalari – keksa ota-onalarga, keksalardan keyin oilaning katta yoshdagi farzandlariga munosib. Farzandlar nevarali, nevaralar farzandli boʻlib, bir daraxtday ildiz otishgan. Oilada qaynotalar ahil, qaynonalar oqibatli, kelinlar, nevara-chevaralar mehribon, inoq! Bunday tarovat, bunday farogʻat faqat va faqat oʻzbek oilasi ichra mujassam!
Koʻngillar toʻq, turmush farovon
Keksalar duosini olib, dalasiga otlangan fermer oʻgʻilning, mahallaning qoʻli gul ayollarini atrofiga jamlab, tikuvchilik, qandolatchilik, nonvoylik yoʻnalishlarida firma ochgan tadbirkor kelin, biri quruvchi-muhandis, biri shifokor, oʻqituvchi va usta-hunarmand nevara-chevaralarning ish kunlari hamisha barakali, fayzli: Ana shu fayz-baraka katta xonadonning ahil hayotiga, turmush tarziga koʻchgan. Farzandlar, nevara-chevaralar uchun qurilgan qoʻsha-qoʻsha imoratlar, havaslarga munosib obodon turmush, biri-biridan huzurbaxsh umrning oydin manzillarida hokim bu fayziyob lahzalar. Ana shudir koʻngilning toʻqligi, turmushning obodligi! Axir fermer oʻgʻilning gʻallasidan ham davlatning, ham xonadonning ombori toʻldi: dasturxondagi non-u noz-neʼmatlar, qurgan imoratlari xonadonning oʻz mulki! Davlatmandlik bundan ziyoda boʻlarmi!
Tongini, mehnatga yor oʻtgan umrning bir kunini xotirjam, osoyishta oʻtkazgan bu katta xonadonning har bir aʼzosi ona zaminga oqshom choʻkayotgan lahzalarda yana jam boʻlishadi. Tongda xonadonning pir-u badavlat keksalari duosini olib dalaga, firmaga, maktab va shifoxonaga oʻz xizmat vazifasini ado etish uchun otlangan farzandlar chehrasi gulgun. Ular yana katta Oilaning ulugʻ sohiblari oldidagi farzandlik burchini ado etish uchun, oʻzlari ekib, oʻstirgan bugʻdoy unidan yopilgan boʻrsildoq nonlar taʼmidan, kelinlar pishirgan shirin taomlar totidan, eng muhimi, bir-birlarining mehridan, diydoridan bahramand boʻlmoq uchun ishkomlar ostidagi soʻlim supada jam boʻladilar. Bu – katta oiladagi azaliy qadriyat, bobomeros odat, hech bir millatda yoʻq udum! Roʻzgʻorlari allaqachon alohida boʻgan farzandlar tongda va shomda katta oilaning keksa sohiblari – ota-ona poyida tiz choʻkadilar. Bunday hurmat va ehtirom faqat va faqat bizning Oʻzbek oilalariga xos, oʻzbek millatiga munosib!
Oqshomgi dasturxonga fotiha oʻqilib, xonadon sohibi duoga qoʻl ochadi:
- Yurtimiz tinch, turmushimiz obod, elimiz farovon, tunlaringiz osoyishta, tonglaringiz xayrli boʻlsin. Alloh rizq-u nasibangizni ziyoda qilib, dasturxoningizda oʻz noningiz, oʻz noz-neʼmatlaringiz serob, el ichra oʻz nomingiz hamisha ulugʻ boʻlsin, bolalarim!
Farzandlar xotirjam, nevara-chevaralar oromda, kelinlar beshiklarini shod quchib, alla kuylashadi:
Ulkan uyning ildizi, bolam,
Elning erta, kunduzi, bolam.
Soʻzi ulugʻ karvon boʻl, alla,
Oʻz elingga posbon boʻl, alla...
Keksalarning duolari ijobat, deydilar. Ana shu duolar ila Oila obod, turmush farovon, koʻngillar toʻq. Ana shu duolar qanotida tong ila Oila ostonasidan hatlab, qadam qoʻyganimiz – ona Vatan tuprogʻi aziz, muqaddas. Hayot tashvishlaridan, ish va mehnatdan toliqib, oqshom payti "bismilloh” kalomi ila Oila ostonasidan hatlab, ota-onamiz bagʻriga oshiqib turishlarimizda goʻzal bir hikmat mujassam. Bu – ona Vatan - bizga har lahzada orom, baxt, koʻngillarimizga xotirjamlik ato etguvchi Oila – Oila saodati! Ushbu saodatli Vatan bor boʻlsin! Uning ostonasidan boshlanguvchi koʻzlarga tutiyo tuproq – ona Vatanning, Istiqlolning umri boqiy boʻlsin!
Men toʻrtta avlodning ahilligidan hayoti farovon, turmushi obod, umr manzillari oydin Oʻzbek Oilasining bir kuniga dildagi cheksiz havaslarimni Sizlar ila baham koʻrdim. Ilohim, atrofimizda ana shunday fayzga toʻla Oilalar koʻp boʻlsin! Ana shudir Vatanning buyuk kelajagi, Istiqlolning ufqi yorqin oydin yoʻllari!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶