Oila – muqaddas qoʻrgʻon
ER TADBIRLI BOʻLSA...
Bugungi kunda oilalarning buzilib ketishiga baʼzan qaynonalar ham sabab boʻlmoqda. Ular bilan oʻtkazilgan suhbatlardan ayonki, oʻz fikrlarida qatʼiy turib olib, hech toʻgʻri yoʻlga yurmasliklari kishini hayron qoldiradi. "Kelin menga yoqsa, men qoʻygan shartlarni bajarsagina uni oʻgʻlim bilan yashataman, boʻlmasa yoʻq”, deyishlari hammasidan oʻtib tushadi.
Qaynona-kelin mavzusi – eski mavzu. Oilaviy urush-janjallarning kelib chiqish sababi chuqur tahlil qilinganda koʻproq qaynonalar tanqid ostiga olinadi. Bu hamma qaynonalar shunday, degani emas. Mahallalarda hayoti hammaga ibrat qaynonalarimiz juda koʻp. Kelinlarimizni ham oppoq, aybsiz deya olmaymiz.
Kelinni-ku yosh, dermiz, lekin uni yoʻlga soladigan odamning oʻzi yoʻldan adashgan boʻlsa nima qilmoq kerak?
Qaynona va kelin munosabatlari nikohning ilk kunidan boshlanadi. Ularning har ikkisi ham kuyovning rizosi va mehriga ega boʻlish uchun raqobatlashadi. Kuyovni biri oʻgʻlim desa, biri turmush oʻrtogʻim, deydi. Demak, qaynona va kelin oʻrtasidagi kelishmovchilikning sababi kuyov bola ekan, shunga koʻra, yigit oldin bir uyda yashab koʻnikmagan har ikki ayolga ularni chin dildan yaxshi koʻrishini, ikkisiga ham eʼtiborli va hurmati baland ekanligini yaxshilab tushuntirib qoʻymogʻi lozimdir.
Bundan tashqari, onaning oʻz oʻgʻli ustida koʻp haqlari borligi va uning oʻrni balandligiga hech qanday shubha yoʻq. Lekin bu boshqa haq egalarining haqini poymol qilish degani emas. Kelinning ham qaynona kabi oʻziga yarasha haqlari bor.
Erning oʻz ayoliga zulm qilishi ham sharʼiy jihatdan, ham aqliy jihatdan toʻgʻri emas. Er doim insofli va chiroyli muomalada boʻlishi lozim. Bir uyda qaynota qaynona, kuyov va uning aka-uka, opa-singillari tomonidan kelishib olib, kelinga zulm qilishlari va uni yakkalatib qoʻyishlari eng yomon pastkashlik, eng yomon zulm hisoblanadi. Baʼzan bunday vaziyatlarda kelinning oʻz joniga qasd qilish holatlari ham uchraydi. Erning gardanidagi eng katta vazifasi oʻz juftini sitamlardan himoya qilishidir.
Yosh oila sohiblari – kuyov yigit bir narsani yodda tutmogʻi kerak, oilaviy hayotda shunday ishlar borki, unga hatto ona ham aralasha olmaydi. Bunga shariat izn bermaydi. Masalan: er-xotinlikning oʻziga xos sirlariga hech kimning daxl qilishga haqqi yoʻq. Yana shunday ishlar borki, unda kelinning aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi. Masalan: kelin er bilan uning ota-onasi, aka-ukalari va opa-singillari ishlariga toʻsqinlik qila olmasligi kerak.
Shuning uchun kuyovtoʻralarga: "onang va ayoling oʻrtasidagi hamda atrofingdagilarga boʻlgan mehr-u muhabbatda tarozining ikki pallasini teng tut. Onang uchun solih farzand, ayoling uchun solih er siymosini amalda koʻrsat. Ikki ayol oʻrtasida mehr va salom tashuvchi elchi boʻl. Bu esa sendan himmat, ilm va biroz sabrni talab qiladi”, deymiz.
Birini qoʻyib, ikkinchi tomonga yon bosib, tarafkashlik qilishdan, qaynona va kelin oʻrtasidagi ishlarda qozilik qilishdan ehtiyot boʻlgan yaxshi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu uyida farzandlari bir joyga yigʻilib qolsa, kelishmovchilik chiqmasligi uchun ularni tarqatib yuborar edilar.
Xalqimizda "bekorchidan xudo bezor”, degan ibratli gap bor. Xulosa shuki, oʻgʻil-qizlar, kelinlar va qaynonalar bekorchi boʻlib qolganlarida albatta urush-janjal, kelishmovchiliklar yuzaga keladi. Demak, oilada erkak tadbirli, xushfeʼl boʻlsa, barcha koʻngilsizliklar ortga chekinib, oʻrtada ahillik hokim boʻladi.
Oʻktam QURBONIYoZOV, "Noʻgʻoy eshon” jomʼe masjidi imom-xatibi.
(Foto - http://www.uza.uz. Rasmdan bezak uchun foydalanildi)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶