Onam haqida qoʻshiq
Noanʼanaviy Doston
Oʻtmishdan bir lavha
Pastkkina ayvon muyushiga qurilgan qoʻl tegirmon sekin guvvilaydi. Bot-bot tegirmonning ovozi tinadi-yu yana bir maromda ishlayveradi. Tegirmonning guvillashiga monand tepadagi keragaga oʻrnatilib, bir uchi tegirmon toshining chetidagi teshikchaga tiqib qoʻyilgan chirach (tegirmonni yurgizib turuvchi yogʻoch moslama) ohista shaqillaydi. Oyoqlari tagiga xom gʻishtlardan tokcha qoʻyib olgan 9-10 yoshli qizaloq mitti qoʻllari bilan tegirmon chirachini har aylantirganida ojizgina "ih” deb qoʻyadi. Jajji qoʻlchalari bilan tegirmon toshining oʻrtasidagi oʻyigʻiga tez-tez don tashlaydi-da, yana jon jahdi bilan tegirmon toshini aylantiradi. Qizcha to onasi kolxoz yumushidan qaytguncha kuniga 5-10 kilo joʻxori yoki bugʻdoy donini tegirmonda un qilib qoʻyishi kerak. Aks holda onasidan gap eshitishi tayin.
Qizaloqning yelkalari, bellari zirqirab ogʻriydi. Qoʻllari qavarib ketadi. Tegirmon toshlari orasida ezilib, unga aylanayotgan donning miqdori kamaygan sari uning mitti joni qiynalib, hansirab qoladi. Tegirmon toshini koʻmib turgan unni yigʻib, onasi tashlab ketgan xaltaga solgunicha zoʻrgʻa chidaydi qizgina.
Baʼzan qazuv, baʼzan dala ishlaridan charchab qaytgan onasi roʻzgʻor yumushlarini bekam-u koʻst bajarib, ukalariga bosh boʻlib oʻtirgan Saragulni aslo erkalatmaydi. Xuddi shunday boʻlishi kerakday, roʻzgʻorning yuki ogʻir aravasini Sara qiz sudrashi shartday...
- Qiz bola qattiqchilikka chidasa, hayotda qoqilmaydi, bolam. Oʻzingga kuch-quvvat bersin...
Tozagul ena qizalogʻining yuragiga shunday dalda boʻlardi. Sara qiziga xamir qordirardi. Oʻzi tegirmonda tortgan unni qavariq qoʻllari bilan mushtlardi u. Tong bilan non yopishardi. Onasi nonushta paytida bolalariga nonni taqsimlab berardi. Tushlikda yana shu hol takrorlanardi. Kechki ovqatda dasturxonga non qoʻyilmasdi.
- Yotar qursoq (qorin demoqchi) yarim boʻladi, - derdi onajonisi.
Shunday derdi-yu koʻzlariga gʻirillab yosh kelardi. Shunda yoshgina qizaloq Saragul ich-ichidanezilib ketardi.
Qoʻllari mehnatdan boʻshamaydigan onasiga yuragi achishibmi, oʻzining zimmasidagi farzandlik burchlarini juda erta anglagan qizaloq 9-10 yoshidayoq kattalar bilan bab-baravar mehnat maydoniga kirdi. Uzun, sunbul sochlarini boshiga chambarak qilib, paxta terimida "avangard” boʻlganida bor-yoʻgʻi 10 yoshda edi u! Shu yoshidayoq uning suyagi mehnatda qotdi. Sabr suvini simirib, halol-u pokiza feʼli bilan qanoatga farzand boʻldi Sara qiz!
– Otang urushdan sogʻ-omon qaytsa, hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketamiz...
Urushning izlari
Onasi shirin umidlar bilan erkalardi baʼzan uni. Ana shu umidlar etagidan tushlarida gullar terardi Sara qiz. Uzun tunlar onasi bilan koʻsak chuvib oʻtirib uxlab qolardi qizgina. Doim bir xil tushlar koʻrardimi yo orzulari xayol koʻzgusida aks etardimi? Buni qizaloq tushunolmasdi. Es-es biladigan otajoni tushlarida askar kiyimida kirib kelardi uylariga.
–Otajo-o-o-n! –oʻz quvonch hayqirigʻidan uygʻonardi qizaloq. Va... Va hayolida yorqin bir qoʻshiq boʻy tiklardi:
Dunyo nurga toʻlib ketganday...
Yorishdi tun, zamin-u osmon.
Uy ham baxtga toʻlib ketganday,
Mening otam qaytdimi? Otam!
Bu hol har tong boʻlardi takror,
Umid gulin terib oʻsdi u.
Yettimidi? Sakkiz yil bedor,
Bolalikdan sagʻir oʻsdi u.
Oyoqlari ostidagi yer,
Toshday qattiq. Yurakka botdi.
Manglayidan tomchilagan ter,
Vujudida simobday qotdi...
Bolaligi tegirmon toshga
Muhrlanib qoldi beomon.
Boshlarini qoʻydi quyoshga,
Uni tashlab ketsa-da osmon.
Quyosh boʻldi unga qanoat,
Quyosh boʻldi hatto sabr ham.
Oʻshal sabr-qanoat, hayhot,
Azoblardan asradi har dam.
Bir tong suyunchi xabari bilan,
Yoyildi kun butun qishloqqa.
Yarim tan-u yarim dil bilan
Ota qaytdi qoʻltiqtayoqda!
Oyogʻ-u qoʻl ming bitta yamoq,
Koʻz kuladi, yurakda faryod.
Qirgʻinlardan yarim jon qaytmoq,
Nasib etmish otaga, hayhot!
Necha arslon doʻstin yoʻqotib,
Omon qaytgan ota kulmaydi.
-Qizim, – deydi, – mehnatda qotib,
Toblangan dil aslo oʻlmaydi.
Mehnat sening ulugʻ bayraming,
Kuch-qudrat ham, hurlik ham shunda.
Tinchlik bilan oʻtsa kunlaring
Shudir asl baxting aslida...
Tandir – olov ichiga kirib,
Oʻn bir yoshda nonlar yopdi qiz.
Onasining yonida yurib,
Oilaga boʻldi bir ildiz.
Ota oʻzin tiklab olguncha,
Oʻtib ketdi necha oy, yillar.
Saragul qiz boʻyga yetguncha,
Mashaqqatga tutashdi yoʻllar...
Ulgʻayish va yoʻqotish
Oh, Sara qiz! Bolalikning ertaklariga egiz, sirli koʻchalari bu qizginani tamoman unutdi. Chorlamadi sira. Yo chorlaganda tegirmonning chirachidan qoʻllarini uzolmadi Sara qizgina. Shu yoʻsin oʻtdi kunlar. Shu yoʻsin uni mehnat va mashaqqatga tutash yoʻllar oʻsmirlikning oʻyinqaroq oq, oydin kechalaridan ham chetlab, balogʻat pallasiga yetakladi. U enasining, onajonining, otasining tizzalariga bosh qoʻyib ertaklar tinglashdan, "Tohir-Zuhra”, "Yoriltosh”, "Yusuf va Zulayho”larning olamida yashashdan mosuvo, juda erta ulgʻaydi. Mehnatda pishib, hayot soʻqmoqlarida toblanib-toblanib ulgʻaydi qizgina.
Ulgʻayganin oʻzgalar bildi,
Olib ketdi "yor-yor”lar bilan.
Koʻkragiga tuzuvlar1 ildi,
Sochin yuvib guloblar bilan.
Yelkasidan togʻ qulab tushdi,
Kabutarlar qoʻndi boshiga.
Mehr nuri qalbiga tushdi,
Oʻsma suvi tegib qoshiga.
Bir uy toʻldi orzu guliga,
Baxtga elchi boʻldi Muhabbat.
Poyondozlar solib yoʻliga
Alloh berdi ulugʻ saodat.
Saodatki, umr ayvoni,
Oilasin quchdi farogʻat.
Farzandlarning mehr ummoni,
Dil uyini ayladi obod.
Toʻrtta qiz-u toʻrtta oʻgʻloni,
Xudoyimdan kelgan muruvvat.
Mehnat bilan fayzli qoʻrgʻoni,
Tan-jonida ajib halovat.
Ammo bir kun...Koʻngil bogʻini,
Ayoz urdi... Muzlar qotdi, muz...
Suyangani – Asqar togʻini
Yulib ketdi qahri qattiq kuz...
Bir-biridan murgʻak sakkiz jon,
Sakkiz bola qoldi eshikda.
Es bilgani boʻzlar! "Ota-j-o-o-n!”
Bilmagani uxlar beshikda.
___________________________________________________________________
1 tuzuv – Amu boʻyi ayollarining koʻkrakka taqiladigan kumush taqinchoqlar jamlanmasi.
Sakkiz oʻgʻil-qizning yukini
Yelkaladi mardona. Unsiz...
Yoshin artdi. Yurakdagini
Ichga yutdi oʻlguncha... Esiz...
Qirqqa kirib qirga yetganda
Uzun tunga asir qoldi u.
Boshlariga bolish botganda,
Dil sahrosi ichra toldi u.
Shunday oʻtdi hijron onlari,
Sinib ketdi oʻttiz ikki tish.
Kiprigida otib tonglari
Koʻzda qoldi armon toʻla tush.
Yuzlari oydan-da suluvroq edi...
Onajon! Onajonginam mening! Qishin-yozin yelkasidan ketmon, qoʻlidan oʻroq tushmagan mushtiparginam!
– Meni onam mehnat gazagida tuqqanlar...
Ovozingiz mahzungina, mayingina, qarashlaringiz hokisorgina edi. Asli shu mehnat Sizni ovutdi, dalda boʻldi. Aldamchi tuygʻular girdobiga tashlab qoʻymadi. Bu kuch, bunchalik fidoyilik qaydan, onajon! Bu –irodami? Yoki bu kuchning nomi – Qanoat! Yoki bardosh! Shu kuch Sizni asradi. Shu kuch umringizga HALOLLIK degan chiroy berdi. Serfarzand ona degan ayollik saltanatini berdi.
Koʻz oʻngimdan oʻtadi. Oʻtaveradi, tuzuvlarini shildiratgan ayollar , gulband1 taqqan ayollar... Ular goʻzal. Ulardan-da goʻzal, malikalarday sarv sumbatlisi – mening onajonim. Bilaklarini yashirib turgan yeng shimarilsa, sunbul sochlari yoyilsa, moʻʼjizadan yuragim hapriqib ketardi mening! Ketmon va oʻroq tutgan qadoq qoʻllarning bilaklari oppoq, tunday qora sochlarning har bitta tolasida sim-sim nur. Oftob bilan chalishadi ular! Tun pardasin koʻtarib, uzun, nayza kipriklariga kamon tortgan qoshlar hayot gurkirab turgan chaqnoq koʻzlarga panoh. Lolagun yonoqlarga nuqrarang taratib, juft lablar ostida tizilishgan inju tishlar, oppoq atirgulning latif gulbargiday dahan. Bularning barchasi bir ayol chehrasida, soxt-gumbatida, Onajonimda mujassam edi. Men bu goʻzallik taʼrifini keltira bildimmi? Yoʻq, deyman, yoʻq, azizlar.
Onaginam, deyman. Mehnatdan dagʻallashib ketgan qoʻllarini silab-silab, yuzimga bosaman. Bolalik shuurimda qolgan goʻzallik koʻz oldimda jonlanadi. Yuragimda nimadir "chirt!”uzilganday boʻladi.
– Qani, qani oʻsha goʻzallik? Oydayin yuz, sambitday sarvqad, quyoshday balqib turishlari qani? – deyman.
Bir hazin sas keladi. Juda olisdan. Juda hazin sas.
–Ular ayriliqqa asir damlarda qoldi! Qanoat, sabr va bardosh yoʻllariga toʻkildi-ku bu goʻzallik!
–Shundaymi...
Onajonim,
Asli oppoq edi bilaklaringiz,
Yuzingiz oydan-da suluvroq edi.
Mehnatga yukingan tilaklaringiz,
Barcha tilaklardan ulugʻroq edi.
______________________________________________________________________________________________________________
1gulband - Amuboʻyi ayollari boʻyinlariga taqib yuradigan munchoqmonand taqinchoq.
Dilbarlik, goʻzallik, nazokat - bari,
Oʻrnin berdilar-ku fidoyi onga.
Yoshlikning barq urgan chamanzorlari,
Aslo tutashmadi oʻtkinchi shonga.
Tunlar adashdilar. Kunduzlar sarson,
Mehnat kunlarining adogʻin yoʻyib.
Siz tonglar dalaga oshiqqan zamon
Sakkiz goʻdak qoldi ortda mungʻayib.
Olti milyon tonna yukning ostida
Tizlardan qon sizib, bukildi bellar.
Ellik yosh qaydadir, qirqning ustida,
Hassa tutib qoldi qadoqli qoʻllar.
Hamma joydan keng makon
Sodda onam! Hokisorgina, hammaga birday muloyim, mehribon onam. Nazarimda men oʻsgan ota makon hamma joydan keng edi. Xuddi onajonimning bagʻri kabi. Sakkiz farzandini – bir etak yetimchalarni oq yuvib, oq taraguvchi onajonimga intiluvchi qora-qura bolajonlari juda koʻp edi. Onajonimning ovsinlari – opa-singillariday oqibatli ayollar – Jumabika momom, Amina momom, qoʻshni Malika checha, Rahimboy, Hojiboy togʻalarimiz, Jumaboy akam va Chinnigul xolamning farzandlari biz bilan birga ulgʻayishgan. Onajonim ularni urushmasdilar, koʻkragidan itarmasdilar. Baʼzan oʻn besh-yigirma, hatto undan ham koʻproq bolalarni bir dasturxon atrofiga yigʻib, oshqovoq goʻmma, tuxum boʻrak, goʻja, joʻxori yorma, iyjon, zogʻora non pishirib berardilar. Ayniqsa, onajonimning iyjoni bilan piyozli patrak va zogʻora nonlari gʻoyat totli boʻlardi. Hovlidagi baland gujumlarga osilgan halinchaklar shamoli yuzimni silaganday, Onajonimning qoʻshiqlari qulogʻim ostida jaranglaydi:
Bu dunyoning yolgʻoni koʻp,
Osh, moyidan yovgʻoni koʻp.
Oʻynab-kuling bolalarim,
Yarim yoʻlda qolgʻoni koʻp.
Sakkiz bolam sakson boʻlsa,
Oʻgʻil-qizim oʻynab-kulsa.
Shudir osh-u moyim mening,
Suvi tiniq soyim mening
Taqdir ekan, yesir oʻtdim,
Shukur, yorugʻ kunga yetdim.
Sakkiz oʻgʻil-qizim endi,
El-u yurtga singib ketdi.
Armonimni aytib netay,
Barin tishda olib oʻtay.
Hasratlarim bosib yotgan
Changlarini olib ketay...
Dil hasratlarini, dardlarini tish yorib oʻzgaga toʻkmagan Onajonim-ay! Sogʻinib-sogʻinib, quvonchlarimni ichimga sigʻdirolmay borardim baʼzan ota makonimga. Baʼzan hayot zarbalaridan zard olgan koʻnglimni ochgani oshiqardim Onajonim bagʻriga! Mahzungina, muloyimgina soʻrashardi Onajonim:
– Keldingmi, bolalaring omonmi, ishlaring yaxshimi?
Oʻzimdan oldin bolalarimni , ishlarimni soʻrardi mushtiparim mening!
– Qora uzum pishdi, ol bolam!
Har gʻoʻrasi chelakday-chelakday uzumga qarab, mungʻayib qolardim.
– Otam ekkan edilar...
– Ha, bolam, otang ekkan edi, bir toʻyib yesang, tanangga kuch boʻladi.
Har gal bogʻimizda yangi mevalar pishganida, bilardim, onajonim ota uyidan ildiz otgan sakkiz nafar oʻgʻil-qiziga alohida-alohida ulush tugib, kutardilar.
–Oq shaftoli pishdi, kelmading.
–Oq shaftoli! Hali oq shaftoli pishdimi!? – yashnab ketardi dilim.
Dasturxonga qoʻyilgan lagan toʻla shaftolidan birini asta qoʻlimga olaman. Yegani koʻzim qiymaydi. Bolamga, bolalarimga ilinayotganimni sezadi Onajonim!
–Ol, toʻyib ye, tanangga quvvat boʻladi, otang ekkan shaftoli...
Bittasini olib tishlayman, xush taʼmidan tanam yayrab ketadi. Ketishimda bir chelakni toʻldirib shaftoli olib chiqadilar Onajonim!
–Bobosi ekkan shaftoli. Bolalaring ham totishsin...
Keyin ota makondagi bogʻda oq oʻriklar pishadi, husayni uzum, xirmoni uzum, nashvati, olma-yu anorlar... pishaveradi. Barchasidan onajonim har birimizga alohida-alohida ulush tugib qoʻyaveradilar. Barchasidan barchamiz toʻyib-toʻyib yeymiz-u oʻz bolalarimizga ilinamiz. Ota makonimdan onajonimning nevaralariga hadyalarini sevinib-sevinib olib ketamiz.
Bolalarim darrov bilishadi:
–Momomning olmalari!
–Momomning bogʻida shaftolilar pishibdi!
Xuddiki momosi bilan koʻrishganday, uning mehr quyoshidan bahra olganday, yayrab ketishadi bolajonlarim! Ularning qarsillatib olmani yeyishlaridan, oppoq shaftolilarni hidlab-hidlab suyunishlaridan yashnaydi dilim! Bunchalar shirin bu bolalar-ay! Xuddi onajonim meni sevganday, menga mevalardan ilinib turganday, men ham bolalarimga talpinib turganimni his etgan sari qalbim junbushga keladi. Onam ato etgan baxt bu ! Men onamdan oʻrgangan hayot falsafasi bu!
Yo bu mening iqrorimmi? Yoki koʻngil izhorim! Dilimda onamning qoʻshigʻiga monand tuygʻular junbushga keladi:
Bir parcha goʻsht edim tugʻilgan chogʻda,
Shunchalar asraldim issiq quchogʻda.
Asraldim jondayin jonda, qarogʻda.
Onajon, sevmoqni sendan oʻrgandim.
Osmonni keng, desam, oʻzing undan keng.
Qalbingda bir emas Quyosh, balki ming.
Oydayin balqishing olamlarga teng,
Olamni sevmoqni sendan oʻrgandim.
Oy koʻkka oʻrlaydi. Yulduzlar gʻujgʻon,
Bedorlik koʻshkida tunlar ham yolgʻon.
Subhidam koʻksidan gul terar mujgon,
Tonglarni sevmoqni sendan oʻrgandim.
Sahrolar bagʻrida kezganda koʻngil,
Sahroyi dilimda bir gul undi. Gul!
Deding sen: "Bu gulga hayotni sungil...”
Bahorday gullashni sendan oʻrgandim.
Koʻzimga tor kelib tursa-da olam,
Dastim yetmaganda ezgularga ham.
Sabr-u matonatni oʻzda etib jam,
Kenglikni, onajon, sendan oʻrgandim.
Jonim tigʻ ustida halak boʻlgan dam,
Toʻlgʻoqlar tishlarim toʻkib qoʻygan dam.
Bolam, deb jonimdan kechib turgan dam,
Hayotga qaytmoqni sendan oʻrgandim.
Dunyo bir aylanib kelganda, hatto,
Bor tirik mavjudot oʻzgarsa, hatto.
Bilaman! Shunda ham boʻlmaydi xato,
Bolam, deb dunyoni quchmoq irsiyat,
Ayolni tark etmas shu ulugʻ niyat!
Qarzdorlik
Onajonimning dugonalari koʻp edi: Tojigul, Oysha, Toʻlgʻon, Oʻrol, Malika, Hayitbika, Aqljon, Bibisora, Bikajon... Ularni sanasam, adashib ketaman. Ularning barchasi kolxoz ishiga birga borib, birga kelishardi. Dugonalarining barchasi serfarzand edilar. Hatto Toʻlgʻon dugonasining 10 nafar oʻgʻil-qizi boʻlib, bu jafokash ayol eridan 30 yoshning nari-berisida beva qolgandi.
Onajonimning dugonalari. Ularning barchalari fidoyi, mehnatkash, roʻzgʻor tashvishlari boʻylaridan baland ayollar edilar. Tez-tez yigʻilishib, bordi-keldilar qilib turishganlari uchun bir-birlarining oilalari haqida biz ham yaxshigina tasavvurga ega edik. Ulardan birontasi kasal boʻlib qolishsa, barcha dugonalar jamlashib, koʻrgani borishardi. Toʻy-maʼrakalar tashvishlari ham oʻrtada – dugonalar jam boʻlishib, toʻy nonlarini yopishardilar, boʻgʻirsoq va qatlamalar pishirishardi. Toʻyga atab yangi koʻrpa-toʻshaklar, yostigʻ-u koʻrpachalar qavishardi.
Esimda: men Toshkentga, oʻqishga ketadigan boʻldim. Uyimizga onajonimning dugonalari yigʻilib kelishdi. Onam palov damladilar, ayollar dasturxon tuzadilar. Ketar chogʻimda menga oq fotihalar qilishdi. Barchalari qoʻlimga 5-10 soʻm (oʻsha paytda bu katta pul edi) pul, bankaga joylangan tuxum, soʻyib, tozalangan tovuq goʻshti, meva-cheva tutqazishdi. Qoʻshnimiz Malika checha esa katta-katta ikki qovun koʻtarib kelibdi.
– Oʻzimizniki, birinchi pishgan gurvak, olib ket, - deydi-da roʻmoli uchini tishlab, qoʻshib qoʻyadi. – katta odam boʻlganingda eslab turarsan.
Eslash... Axir unutiladigan holatlar, voqealar, odamlar bot-bot eslanadi-ku! Men sizlarni qandoq unutayin, Onajonlarim! Onajonim bilan boʻylashgan, birga sirlashgan, hayotning shirin-achchiq sinovlari qoshida qadlarini bukmay tik turishgan mehribon, munis chehralarni unutmoq osonmi? Axir ana shu mehribonlarim bilan bogʻliq umrim lahzalarida onajonimning mardona qadam tovushlari, bardoshi choʻng yurak tugʻyonlari qolgan-ku! Bu munis chehralarda Onajonimgagina oʻxshash goʻzallik bor, mehr-muhabbatga yoʻgʻrilgan samimiyat bor, oddiylik, soddalik, hokisorlik, halollik bor! Meni, mening "men”imni ulgʻaytirgan kuch-qudrat hokim bu chehralarda. Eslash... Yoʻq, men bu chehralar – Onajonlar chehralarini bot-bot eslab turish uchun koʻzlarim qarogʻiga chizganim yoʻq, balki ularni jonimda asrab olib yurish uchun yuragimga jo etdim. Va bir umr Onajonlar qarshisida bosh egib turguvchi qarzdor Dil boʻldim. Zotan, onajonlarimiz haqini ado etmoqning uddasidan hech bir zot chiqa bilmagan va bu dushvordir.
ADOLAT IZLAGAN ONAM
"Olti milyon” degan balo dorigan,
Damlar bukib ketdi adl tizlarni.
Koʻrdim. Joʻyaklarda koʻzi yorigan,
Onalar zoridan qolgan izlarni.
Unutmoq osondir odamni odam,
Koʻngillar tosh qotib, koʻngillar muzlab...
Yillar sahrosida bahoriy olam –
Onalar yodini urmaydi kuzak...
Onam-ay, yuragi qon boʻlgan onam,
Urushning zahridan yaralangan dil.
Ustidan samolyot zahar sochsa ham,
"Nega?” degan soʻzni aytolmagan til.
"Qazuvga-a-a!” – tong bilan chorlasa birgad1
Erkaklar bilan teng yumushga shoshgan.
Toʻnglarni2koʻchirib qabatma-qabat,
"Norma”, deb oʻzini mutlaq unutgan.
Oʻsha yillar... Laʼnati oʻsha yillarda,
Qish qirovi urdi gulgun yuzini.
Kolxoz yumushiga eltar yoʻllarda,
Ichiga yutdi u aytar soʻzini.
Bir kuni ichini
Kuydirgan tutun,
Olovga aylanib,
yondirdi koʻzin.
Oynai jahonda
Moskovlik xotun,
Yoqib, shodon kuldi
Oʻzbekning gazin.
________________________________________________________________
1 birgad – sheva, brigadir maʼnosida.
2 toʻng – sheva, muzlagan, muz qotgan yer.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶