21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 13:29
Siyosat 👁 3,626

UMUMIY OʻRTA VA OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMINING MAJBURIYLIGI

UMUMIY OʻRTA VA OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMINING MAJBURIYLIGI
— BARKAMOL YoSh AVLODNI TARBIYaLAShNING MUHIM OMILIDIR

Yurtimizning istiqlol yillarida bosib oʻtgan taraqqiyot yoʻliga nazar tashlasak, respublikamiz Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida milliy taʼlim tizimini mustahkamlash va takomillashtirish, yoshlarning har tomonlama yetuk, sogʻlom va barkamol boʻlib ulgʻayishi uchun barcha shart-sharoitni yaratishga yoʻnaltirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligi yaqqol namoyon boʻladi.

Mustaqillik eʼlon qilingan dastlabki davrdan Oʻzbekistonda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xususan, shaxs huquqining ajralmas tarkibiy qismi sanalgan bolalar huquqini taʼminlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Tarixan qisqa davrda mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda va bu dunyo hamjamiyati tomonidan munosib baholanmoqda.
Mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, "Nimaniki oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham maʼnaviy jihatdan sogʻlom qilib oʻstirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini koʻrish, dunyoda hech kimdan kam boʻlmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir”.
Oʻz-oʻzidan ayonki, eski tuzum davrida uzoq yillar davomida vujudga kelgan eski taʼlim tizimini tubdan qayta qurmasdan va isloh etmasdan turib, bu maqsadga erishib boʻlmasdi. Aynan shunday ezgu maqsadni roʻyobga chiqarish uchun davlatimizda yoshlarimizning istiqbolini taʼminlaydigan barcha tashkiliy-huquqiy choralar amalga oshirildi, muhim qonunlar qabul qilindi, davlat dasturlari hayotga tatbiq etildi.
Jumladan, fuqarolarning huquq va manfaatlarining qonuniy asosini tashkil qiluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanishi va maktab ishlari davlat nazoratida boʻlishi belgilab qoʻyildi.
Mamlakatimizning taʼlim tizimini izchillik bilan isloh qilish va bu sohadagi davlat siyosatini mustahkamlash borasida 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʻgʻrisida”gi va "Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunlari tarixiy qadam boʻldi. Mazkur Qonunning 3-moddasida taʼlim sohasida davlat siyosatining asosiy printsiplari, xususan, taʼlimning uzluksizligi va izchilligi, shuningdek, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining majburiyligi belgilandi.
Davlatimiz rahbarining uzoq va davomli maqsadlarni koʻzda tutadigan kontseptual gʻoyalari asosida ishlab chiqilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ijrosini taʼminlash jarayonida, 9 yillik umumtaʼlim maktab bosqichini va 3 yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim bosqichini oʻz ichiga olgan, mamlakatimizning rivojlanib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlashning uzluksiz taʼlim tizimi yaratildi. Shu asosda yurtimizda 12 yillik umumiy majburiy bepul taʼlim tizimi joriy etildi.
Taʼkidlash kerakki, taʼlim tizimi isloh qilinishi bilan birga, taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi ham har tomonlama mustahkamlanmoqda. Amalga oshirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar tufayli respublikada 1549 ta zamonaviy taʼlim muassasalari, shundan 1406 ta kasb-hunar kolleji va 143 ta akademik litsey barpo etildi.
Mazkur taʼlim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Jumladan, jihozlangan kompyuter sinflari, kutubxonalar, sport zallari, sektsiyalar, zarur boʻlgan inventar bilan taʼminlangan yotoqxonalar, oshxonalar oʻquvchilar ixtiyoriga topshirilgan. Yaratilgan bunday sharoitlarning barchasi oʻquvchilarning tanlangan yoʻnalish boʻyicha bir yoki bir nechta zamonaviy mutaxassislik olishga qaratilgan kasbga oid chuqur bilim olishlariga zamin boʻlib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, aynan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining koʻpchilik qismi respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan zamonaviy ilgʻor texnologiyalarga asoslangan korxonalarda mehnat qilib, jahon bozorida raqobatbardosh hisoblangan mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonining faol ishtirokchilariga aylandilar. Masalan, "GM-Uzbekistan” yopiq aktsiyadorlik jamiyatida ishlayotgan 7956 nafar ishchi-xizmatchining 2877 nafarini yoki 36,1 foizini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari tashkil qiladi. Yoki "Oʻzbekengilsanoat” kompaniyasi tizimidagi korxonalarda 15 ming nafardan ortiq, "Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi tizimidagi korxonalarda 2 ming nafardan ortiq kasb-hunar-kollejlari bitiruvchilari xizmat qilmoqdalar. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Shuningdek, umumtaʼlim tizimidagi islohotlar, taʼlimning zamonaviy ilgʻor uslublarining keng joriy qilinishi, taʼlim-tarbiyaga boʻlgan eʼtiborning tubdan yaxshilanishi oʻzining samarasini bermoqda. Oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirish darajasi va dunyoqarashi kengayib, ular xalqaro fan olimpiadalari, intellektual bellashuvlar, koʻrik-tanlovlarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari bilan Oʻzbekiston dovrugʻini dunyoga taratmoqdalar.
Oxirgi ikki yil davomida 33 nafar oʻgʻil-qizimiz jahon miqyosida oʻtkazilgan fan olimpiadalari va musobaqalarda oʻzining chuqur bilimi, intellektual salohiyati, teran fikrlari va oʻtkir tafakkuri bilan gʻoliblar shohsupasidan oʻrin egallaganligi mamlakat taqdiriga befarq boʻlmagan har bir inson qalbiga chuqur gʻurur va iftixor tuygʻusini baxsh etadi.
Yoshlarni sogʻlom turmush tarzi asosida tarbiyalash, ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va bevosita rahbarligida Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi taʼsis etildi. Yurtimizning barcha hududlarida, hatto olis qishloqlarimizda ham sport anjomlari bilan jihozlangan zamonaviy sport majmualari, muhtasham sport saroylari, stadionlar, jismoniy tarbiyaga ixtisoslashgan maktablar barpo etildi. Oʻquvchi va talabalarning uch bosqichli "Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va Universiada respublika musobaqalari muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda.
Eng muhimi, miqyosi va koʻlamiga koʻra benihoya ulkan boʻlgan bu ishlarning barchasi oʻzining salmoqli natijalarini bermoqda. Keyingi ikki yilda yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan Jahon va Osiyo chempionatlarida hamda boshqa yirik xalqaro bellashuvlarda 490 nafar yosh sportchilarimiz sovrinli oʻrinlarni egallagan boʻlsa, ularning 132 nafari barcha raqiblarini dogʻda qoldirib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildilar va Oʻzbekiston madhiyasini dunyo maydonlarida baland yangratish baxtiga muyassar boʻldilar.
Uzluksiz taʼlim tizimining yaratilishi va taʼlim sifatining tubdan yaxshilanishi voyaga yetmaganlarning bilim olishga va kasb-hunar oʻrganishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi, bu esa, oʻz navbatida, ularning bandligini taʼminlab, voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikni keskin qisqartirishga erishishga imkon berdi. Xususan, 2012-yilda 2000-yilga nisbatan voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilik 30,5 foizga kamaygan.
Bolalar, jumladan, oʻquvchilar orasida jinoyatchilikning kamayishi quvonarli hol, albatta. Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan yetarli nazorat boʻlmagani oqibatida ularning oʻquv muassasalariga bormasligi holatlari mavjudligi tashvishga solishi tabiiy. Jumladan, 2012 — 2013 oʻquv yilida 5 ming nafardan ortiq oʻquvchilar biron-bir uzrli sababsiz surunkali ravishda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga oʻqishga kelmagan. Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar va prokuratura organlari tomonidan koʻrilgan huquqiy choralar natijasida ulardan aksariyat qismi taʼlim muassasalariga qaytarildi.
Oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida umumtaʼlim maktablari va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari masʼul xodimlari tomonidan mashgʻulotlarga sababsiz kelmayotgan yoki muntazam ravishda qatnashmayotgan oʻquvchilarni aniqlash, hisobini yuritish va taʼlimga jalb qilish ishlari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi aniqlandi.
Masalan, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 27-sonli umumtaʼlim maktabi direktori Ye. Zairova va direktor oʻrinbosari M. Rajapovalar oʻzaro jinoiy til biriktirib, 2009-yilda Belgiya davlatiga ketgan 5-sinf oʻquvchisi D. Boymamatovani toʻrt yil davomida darslarga qatnashganligi va bilimi baholanganligi haqida jurnalga yozuvlar kiritib, sinfdan-sinfga oʻtkazib kelganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortildilar.
Davlat tomonidan bolalarimizning kelajagini oʻylab, qanchadan-qancha sarf-xarajat evaziga 12 yillik bepul oʻqishni tashkil qilib, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan, jahon ilgʻor taʼlim standartlariga mos bilim olish uchun sharoitlar yaratib berilsa-yu, bola kollejga bormasa, qani bu yerda tartib-intizom, qani masʼuliyat?! Nima uchun joylarda hokimliklar, oʻzini oʻzi boshqarish organlari, profilaktika inspektorlari, jamoatchilik, qolaversa, bola tarbiyasi uchun bevosita javobgar boʻlgan ota-onalar va boshqa masʼul shaxslar beparvolarcha qoʻl qovushtirib oʻtiribdi? Bunday beparvolik jinoyat emasmi?
Vaholonki, mamlakatimiz qonunchiligida 12 yillik taʼlim umummajburiy ekanligi belgilab qoʻyilgan boʻlib, qonunning mazkur talabi ijrosini qatʼiy taʼminlash barchamizning burchimizdir. Afsuski, baʼzi ota-onalar va mansabdorlar oʻzlariga yuklatilgan vazifalariga nisbatan bunday masʼuliyatsizlik uchun javobgarlikning mavjudligini unutib qoʻyganlar. Bu sohada prokuror nazoratini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilib, oʻtgan yilda va joriy yilning 5 oyida oʻquvchi va talabalarning oʻquv muassasalariga kelib-ketishini taʼminlash uchun masʼul boʻlsa-da, mansab vazifalarini lozim darajada bajarmagan 2 ming nafar taʼlim sohasi xodimlari intizomiy javobgarlikka tortilganlar.
Shu holatlarni inobatga olgan holda, umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini bitiruvchilarini keyingi oʻqish bosqichlariga jalb etish borasidagi qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozir joriy yilda maktabni bitirayotgan 530 mingdan ortiq oʻquvchilarni kasb-hunar kollejlari va litseylarga joylashishini toʻliq qamrab olish maqsadida joylardagi prokurorlarga mahalliy hokimliklar, taʼlim muassasalari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar xususida topshiriq yuborildi. Ushbu vazifani ijrosini taʼminlashning barcha choralari koʻriladi.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, oʻquvchi va talabalarning mashgʻulotlarga qatnashish davomatini taʼminlash faqatgina oʻquv muassasasi rahbarlari va oʻqituvchilari zimmasidagi vazifa emas, balki bu jarayon koʻp jihatdan ota-onalarga, ularning farzandi taʼlim-tarbiyasi bilan nechogʻli shugʻullanishlariga bevosita bogʻliqdir. Vaholonki, bola tarbiyasi ham qonuniy asoslarda, ham maʼnaviy-axloqiy jihatdan ota-onalarning fuqarolik va insoniy burchidir.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 47-moddasida ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar farzandlarining tarbiyasi va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan boʻlib, aynan shu asoslar bilan 2012-yilda va joriy yilning oʻtgan davrida 3,5 ming nafar ota-onalar javobgarlikka tortildilar.
Bundan tashqari, 250 nafar ota-onalarning muomala layoqati cheklangan yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan.
Bu borada bir misol keltirish oʻrinlidir. Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro
Ye. Sharipova spirtli ichimlik isteʼmol qilib, toʻqqiz yashar qizi L. Sharipovani muntazam ravishda urib, uning maktabga va koʻchaga chiqishiga toʻsqinlik qilgan va uzoq muddat davomida xonaga qamab, ustidan qulflab qoʻygan. Oqibatda qiz bunday shafqatsizlikka chidamasdan, oʻzini 3-qavatda joylashgan xonadonning balkonidan yerga sakrab, ogʻir tan jarohatlari olgan. Vrachlarning yordami bilan qizning hayoti saqlab qolingan. Onasiga nisbatan esa jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, javobgarlikka tortildi.
Oʻquvchilarning mashgʻulotlardagi davomati nazoratsiz qolishi, ularning uzrsiz sabablar bilan darsga qatnashmasliklari, hatto uzoq muddat davomida taʼlim muassasalariga umuman kelmasliklari farzandlarimizning jinoyat yoʻliga kirib ketishdek mudhish oqibatlarga olib kelmoqda.
Masalan, Buloqboshi tumanidagi iqtisodiyot va yengil sanoat kasb-hunar kolleji talabasi N. Toshtemirov umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari Sh. Qudratillayev va
Sh. Isoqovlar bilan jinoiy til biriktirib, savdo doʻkonidan 1,2 mln. soʻmlik uyali telefon apparatlari va ehtiyot qismlarini oʻgʻirlaganlar.
Sodir etilgan jinoyatlari uchun ushbu guruh aʼzolari jinoiy javobgarlikka tortildilar, albatta. Lekin afsus bilan taʼkidlash lozimki shunday nomaqbul guruhlarga kirib qolib, turli xil jinoyatlar, shu jumladan, ogʻir jinoyatlarga qoʻl urayotgan voyaga yetmagan bolalar borligi ularning taʼlim-tarbiyasidagi nuqsonlardan dalolat beradi. Bu haqda ota-onalar, oʻqituvchilar, sinf rahbarlari, taʼlim muassasalarining mansabdor shaxslari, qoʻyingki, barchamiz chuqur oʻylab, tegishli xulosa chiqarishimiz va bunday holatlarning oldini olish choralarini koʻrishimiz kerak.
Shu oʻrinda yana bir dolzarb masalaga alohida toʻxtalish lozim. Kasb-hunar kollejlarini tamomlagan farzandlarimizning mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlanishi ularning kelajak hayotda oʻz oʻrnini egallashlarida muhim ahamiyatga ega. Shu bois kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, tegishli mutaxassisliklar boʻyicha yangi ish oʻrinlari tashkil qilinmoqda.
Ammo nazorat tadbirlarida aniqlanishicha, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagani, bu jarayonda hisobotlarga qoʻshib yozish, tugatilgan yoki faoliyat yuritmayotgan korxonalar bilan soxta shartnomalar tuzish, bitiruvchilar hali ishga chiqib ulgurmasidan shartnomalarni bekor qilish kabi holatlar mavjud. Bunday qonunbuzishlarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslardan 2300 nafardan ortigʻi intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortildilar, 74 ta holat boʻyicha esa jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Yoshlarni uzluksiz majburiy taʼlim bilan qamrab olinishiga salbiy taʼsir oʻtkazadigan muammoli holatlardan yana biri oʻquvchi qizlarni, shu jumladan, nikoh yoshiga toʻlmaganlarning erga berib yuborilishidir. Olib borilayotgan tushuntirish ishlariga qaramasdan, 2012 — 2013 oʻquv yilida litsey va kollejlarda taʼlim olayotgan 2114 nafar qizlar ota-onalari tomonidan erga berib yuborilgan, oqibatda ulardan 944 tasi oʻquv mashgʻulotlariga umuman qatnashmay qoʻygan.
Ushbu holatlar yuzasidan nikohga kirishgan shaxslarning, shuningdek, bunga yoʻl qoʻygan ota-onalar, taʼlim, diniy muassasa xodimlarining javobgarlik masalasi hal qilinmoqda. Lekin koʻrilgan choralar oʻzining yetarli samarasini bermayotganligi sababli bunday salbiy illatga nisbatan qatʼiyatlilik va talabchanlikni kuchaytirishimiz kerak. Shu oʻrinda alohida aytish kerakki, nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini buzganlik, yaʼni nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikohga kirishish, uni erga berish yoki uylantirish, shuningdek, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish uchun javobgarlikni belgilovchi normalar Oila Kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi va Jinoyat kodekslariga kiritildi. Bu oʻzgarishlar ham shu kabi huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qonunlar qabul qilinyapti. Lekin bu qonunlar haqida joylarda barcha fuqarolarimiz toʻliq bilmasligi ham mumkin. Shu sababli huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hokimliklar va tegishli jamoat tashkilotlari joylarda xalq orasida qonunlarni, ularga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartishlarni targʻib qilish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida aynan shu mavzuda tadbirlar oʻtkazish orqali tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib borishlari kerak. Fuqarolarning huquqiy madaniyatining oshishi bunday huquqbuzarliklarning oldini olish imkonini beradi.
Har tomonlama intellektual va jismonan rivojlangan yuksak aql-zakovatli, barkamol avlodni tarbiyalashdek ustuvor vazifaning naqadar muhim ekanligini har birimiz chuqur tushunishimiz, barcha saʼy-harakatlarimizni bunday muhim sohadagi qonunchilik talablarini toʻliq ijrosini taʼminlashga, shuningdek, mansab suiisteʼmolchiligi, poraxoʻrlik, firibgarlik va boshqa jinoiy faoliyatni istisno qiladigan sogʻlom muhit yaratishga yoʻnaltirishimiz zarur.
Yosh avlod tarbiyasiga har doimo eng dolzarb va ustuvor vazifa sifatida eʼtibor qaratib kelayotgan muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning "Barchangiz yaxshi bilasizki, kelajak avlod haqida qaygʻurish, sogʻlom, barkamol naslni tarbiyalab yetishtirishga intilish bizning milliy xususiyatimizdir. Bu muqaddas zaminda yashayotgan har qaysi inson oʻz farzandining baxtu saodati, fazlu kamolini koʻrish uchun butun hayoti davomida kurashadi, mehnat qiladi, oʻzini ayamaydi”, degan fikrlari xalqimizga xos yuksak insoniy fazilatlarning eʼtirofi boʻlishi bilan birga, barchamizni shu borada yanada faol ish olib borishga daʼvat etadi.
Darhaqiqat, xalqimizga xos ana shu oliy qadriyat har doim bizlarni yoshlar taʼlim-tarbiyasiga hayot-mamot masalasi sifatida eʼtibor qaratishga chorlashi shart. Zero, yosh avlodning jismonan sogʻlom, aqlan yetuk va maʼnan barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun barcha davlat idoralari va jamoat tashkilotlari, ona-yurt kelajagiga befarq boʻlmagan har bir sogʻlom fikrli fuqaro masʼuldir.
Istagimiz shuki, bu ezgu niyat har bir yurtdoshimizning yuksak insoniy va fuqarolik burchiga aylansin.

Rashitjon QODIROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori.

(Manba: http://xs.uz)
(Foto: http://fikr.uz)
🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026