“TINChLIK UChUN KURAShIB, NIYaTIMIZGA YeTDIK”
Inson to hayot ekan, nafaqat oʻzi, balki oilasi, yon-atrofidagilar va butun jamiyatga oʻzini daxldor, deb biladi, yurt tinchligi, osoyishtaligi va farovonligiga hissa qoʻshishdek ezgu niyat bilan yashaydi.
Ikkinchi jahon urushi boshlangan vaqtda oʻzbekistonlik barcha ishga yaroqli erkaklarni qoʻliga qurol olib, Vatan himoyasi uchun, butun insoniyatni fashizm balosidan asrash uchun hayot-mamot janglariga kirishga undagan tuygʻu ham shu boʻlsa kerak. Sobiq ittifoq hududiga xiyonatkorona bostirib kirgan dushmanlar bilan boʻlgan janglar beayov, beomon boʻlmadi.
Oramizda oʻsha qirgʻinbarot urushdagi gʻalabaga munosib hissa qoʻshib kelib, mamlakatimizning bugungidek tinch va farovon boʻlishida ham xizmat qilib, ayni kunda davlatimizning, el-yurtning, oila aʼzolarining eʼtiborida, eʼzozida yashayotgan nuroniy keksalarimizning borligi har birimizni quvontiradi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ularning xonadonida boʻlib, suhbatlashdik.
Rajab Kazakov, "Doʻstlik” mahallasidan:
- Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk gʻalabaga bu yil 71-yil boʻlayapti. Men ayni kuch-gʻayratga toʻlgan yigit yoshimda hayot-mamot janglarida qatnashib, gʻalabaga oʻz hissamni qoʻshdim. Badanimga tekkan oʻq asoratlari tufayli 71-yildan beri sogʻligʻimda muammolar bilan yashayman. Biroq, afsuslanmayman. Chunki koʻplab yoʻqotishlar evaziga boʻlsada, dushmanni tor-mor qilib, nafaqat oʻz Vatanimizni, balki butun insoniyatni fashizm balosidan asrab qoldik.
Mamlakatimizda urush faxriylariga, keksalarga, mehnat fronti faxriylariga koʻrsatilayotgan hurmat-ehtiromlardan boshimiz koʻkka yetadi. Holimizdan doimo xabardor boʻlib, zarur paytda yordamga shay turgan tibbiyot xodimlaridan ham cheksiz minnatdormiz. Keksalarini aziz tutgan, eʼzozlagan yurtimizga koʻz tegmagay!
Sobir NURULLAYeV, Navoiy nomli mahalladan:

- Men urushga ketganimda 18 yashar yigit edim. Radioda beriladigan eshittirishlar orqali urush xabarlarini eshitib, yuragimizni vahm bosib borardi.
Shunday tahlikali kunlar mening koʻnglimda tezroq urushga borsam, dushman bilan olishsam, degan niyatni tobora avj oldirardi. Bu niyatim 1942-yilning koʻklamida amalga oshdi. Ollombergan Oʻrozoqov, Sobir Bobojonov, Davlatboy Bobojonov degan yigitlar bilan Mangʻit tumanidan chaqirilgan saf-saf yigitlar birga yoʻlga tushdik. Hali hozirgacha aniq eslayman, oʻsha vaqtda hech kimning koʻnglida qoʻrquv yo oʻz jonini asrash degan oʻy yoʻq edi, sidqidildan dushman bilan olishamiz, yengamiz deb niyat qilgan edik. Niyatimizga yetdik. Xudoga shukur, mana rohatini koʻrib yashayapmiz.
Har yili 9-may kuni xonadonimizda bayram boʻlib ketadi. Qarindoshlar, qoʻshnilar, farzandlarim, nevara, chevaralarim, butun el qutlagani chiqadi, doim holimdan xabar olib turadi. Ularning mehridan, gʻamxoʻrligidan kuch olib, 93 yoshimda ham bardam, baquvvat yuribman. Baliq ovlash eng sevimli mashgʻulotim, yana velosiped haydashni yaxshi koʻraman. Velosipedda ravon koʻchalarda sayr qilish, baxtiyor odamlar bilan salomlashib, omonlik soʻrashish qanday yaxshi! Shu mashgʻulotlar bilan sogʻligimni asrayman.
Rajab EShMONOV, "Xolimbeg” ovulidan:

- Men urushga 1942-yil 20-iyunda Mangʻit bozori oldidan joʻnagan edim. Tumonat odam yigʻilgan. Shunda bir harbiycha kiyingan yigit oldinga chiqib, chaqiriluvchilarning ism-familiyalarini oʻqidi va aravalarga mining, dedi. Aravada Gurlangacha, Gurlandan paroxodda Chorjoʻyga, keyin poyezdda Saratovga borib tushdik. Toʻrt oylik harbiy tayyorgarlikdan soʻng 1-Ukraina fronti tarkibidagi qismlardan biriga kelib tushdik va jangga kirdik.
Jang manzaralarini eslashning oʻzi ogʻir. Lekin hech kim nolimas, suvsadim, ochqadim demas, fikru yodimiz tuprogʻimizdan dushmanni haydab chiqarishda edi. Shu yilning dekabri oxirlarida bir kuni uyqudan uygʻonganday boʻlib koʻzimni ochdim. Qarasam, jang maydoni emas, gospitaldaman. Shundagina ogʻir yaralanganimni, bir necha kun shu yerda behush yotganimni angladim. Jarohatim ogʻir va koʻpligi sababli shu yerda bir yil davolandim va 1943-yil dekabrning oxirida uyimga qaytdim. Yarador boʻlib qaytib, dushman bilan gʻalabagacha olisha olmaganim koʻnglimda armon boʻlib qaytgandim. Kelib, 17-sonli maktabning yuqori sinf oʻquvchilariga boshlangʻich harbiy taʼlimdan dars berdim, yurtimiz oʻgʻlonlari koʻnglida Vatan himoyasi uchun qalqon boʻlishdek muqaddas tuygʻuni tarbiyalashga harakat qildim. Keyinchalik xoʻjalikda zootexnik, brigada boshligʻi boʻlib ishladim. Xudoga shukur, bugungi dorilomon kunlarga yetdik.
Rajab Yusupov, Qilichboy ovulidan:

- Men urushga 1942-yilda ketib, bir yarim yilcha olovli soʻqmoqlarda kechgan davrlarimni eslasam, bugungiday dorilomon, toʻkin-sochin, farovon kunlar uchun faxrdan koʻnglim toʻlib ketadi. Biz koʻrgan jabr, uqubatlarni, urushni endigi avlodlar koʻrmagay, deb yaratgandan tinimsiz tilayman. Ilohim, endi butun yer yuzida tinchlik boʻlsin!
Biz ovuldosh doʻstlar Hayitboy Omonov, Boltaboy Matirzayevlar urushga birga otlanganmiz. Xudoga shukur, urushdan omon elga qaytish uchovimizga ham nasib etdi.
Men 1943-yil oxirida yarador boʻlib qaytib keldim. Kelgach, yarimjonman demay, sobiq M.Gorkiy nomli sovxozda ishchi, tabelchi boʻlib ishladim. Toʻqqiz oʻgʻil, 2 qizning otasi boʻldim. Hozir 60 dan ziyod nevara, 20 dan ziyod chevaram bor. Atrofimda ota-ota, deb chugʻurlashib yurganlarida ularning baxtiyorligini, gʻam-tashvishsiz yashayotganini koʻrib, quvonchim ichimga sigʻmaydi. Ilohim yurtimizning tinchligi, osoyishtaligi boqiy boʻlsin, deyman!
Suhbatni Oygul RAJABOVA yozib oldi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶