FARZAND - HAYoT GULI
Farzand Allohning neʼmatidir. Har bir inson farzandli boʻlar ekan, bu neʼmatni ato etgan Allohga behisob va adadsiz shukronalar aytadi. Ota-ona boʻlish har insonga qanchalik baxtiyorlik olib kelsa, shunchalik masʼuliyatni ham yuklaydi. Chunki farzandini odobli, yaxshi axloqli, ilmli, hunarli, insonlarning va jamiyatning biror koriga yaraydigan qilib tarbiyalash ota-onadan ulkan mehnat va mashaqqatni talab etadi. Hadisi shariflarda: "Hech bir ota-ona oʻz farzandiga goʻzal odobdan koʻra yaxshi narsa qoldirolmaydi”, deyiladi (Imom Termiziy). Demak, farzand neʼmatining shukri unga yaxshi odob, talim-tarbiya berish bilan ado etilar ekan. Yana bir hadisda Paygʻambarimiz: "Farzandlaringizni hurmatlang va ularning odobini goʻzal qiling", dedilar. Bola ota-onasi huzuridagi omonat boʻlib, uning qalbi pokiza gavhardir. U har qanday naqshni qabul qilaveradi. Agar yaxshilikka oʻrgatilsa, oʻshanday oʻsadi. Uning savobiga ota-onasi va ustozi sherik boʻladi. Yomonlikka oʻrgatilsa ham oʻshanday oʻsadi. Uning gunohiga ota-onasi va ustozi sherik boʻladi. Demak, farzandlarga yaxshi axloqlarni oʻrgatmoq, uni yomon balolardan saqlamoq, oʻtkinchi lazzatlarga qiziqishga odatlantirmaslik, zeb-u ziynatga ruju qoʻyishga qiziqtirmaslik joiz. Toki katta boʻlganida zeb-u ziynat ortidan yurib, umrini zoye qilmasin.
Ota-ona bolani kichikligidan, umrining avvalgi kunlaridan ehtiyotkorlik bilan kuzatib borishi kerak boʻladi. Qadim-da bir kishi farzandli boʻlganidan soʻng, bir olimning oldiga borib, bolasiga qanday tarbiya berish hususida maslahatlashibdi. Olim: "Farzandingiz qachon tugʻildi?" deb soʻrabdi. U kishi esa farzandi uch oylik boʻlganini aytibdi. Shunda olim: "Uch oyga kech qolibsiz", degan ekan. Hozirgi zamon olimlari esa bolaning tarbiyasini homila vaqtidayoq boshlash kerakligini uqtiradilar. Har qanday ishni ertaga yoki indinga qoldirish mumkin, biroq tarbiyani bir soniyaga ham, bir daqiqaga ham kechiktirib boʻlmaydi. Farzand tarbiyasi kundalik hayotimizda birinchi oʻrinda turmogʻi lozim. Zero, farzandlarimiz bizning kelajagimiz va ertangi kunimiz hisoblanadi. Bugungi kunda bunday muhim masala koʻpchiligimizning yodimizdan koʻtarilgandek. Hammamiz tirikchilikka oʻralashib, farzandlarimizga beeʼtibor boʻlib ketayotgandekmiz. Albatta, har bir ota-ona bolasiga yaxshi yedirib, yaxshi ichirgisi, yaxshi kiyintirgisi, farzand uchun yaxshi sharoitlar yaratib bergisi keladi va shu yoʻlda ertayu kech mehnat qiladi. Biroq ularga yaxshi tarbiya berish undan-da muhimroqdir.
Tarbiyaga boʻlgan beeʼtiborlik, masʼuliyatsizlik qanday oqibatlarga olib kelishini quyidagi hikoya orqali aytib oʻtmoqchimiz.
Gunohkor bir oʻgʻri yigitni dor tagiga olib kelishdi. Podshoh oʻlimi oldidan undan oxirgi tilagini soʻradi. Yigit onasini koʻrmoqchi ekanligini aytdi. Onani dor tagiga, oʻgʻlining oldiga olib keldilar.
- Onajon, - dedi yigit, - ogʻzingizni ochib, tilingizni koʻrsatsangiz, tilingizdan bir marta oʻpsam, boshqa armonim qolmaydi, - dedi. Bechora onasi bolamning oxirgi tilagi, deb ogʻzini ochib, tilini chiqarishi bilan yigit onasining tilidan bir boʻlagini uzib tashladi. Ona dodlagancha, ogʻzi qonga toʻldi. Buni koʻrib turgan odamlar oʻzi oʻgʻrilik qilgani yetmaganday, onasining tilini uzib tashlaganidan hayratda, qotib qolishdi. Podshoh yigitdan bu qilmishlari sababini soʻradi.
- Mening dor tagiga kelib qolishimga mana shu onam sababchi, - dedi yigit. - Agar birinchi marta yoshligimda, qoʻshnimning tuxumini oʻgʻirlab kelganimda meni maqtamay, ragʻbatlantirmay, jazolaganda, bu holga tushmas edim. Bu dorga osilmas edim. Chunki oʻshanda men yosh edim va onamning koʻrsatgan yoʻlidan yurar edim. Afsuski, onam shu tili bilan menga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatmadi.
Bu yerda: "otasi-chi?” degan savol tugʻiladi. Albatta, ota bola tarbiyasida asosiy oʻrin tutadi, lekin ota boladagi baʼzi oʻzgarishlardan bexabar qolishi mumkin. Negaki, ota koʻcha odami, ona esa doim bolasi bilan birga boʻladi. Yana bir tomoni borki, ona otaga nisbatan farzandga yaqinroq boʻladi. Xulosa qiladigan boʻlsak, farzandlarimizni mustahkam imon-eʼtiqod, chiroyli xulq-odob, aql egalari qilib tarbiyalashimiz zarurdir. Bunda ota-onalar masʼuliyati juda kattadir. Bunday tarbiya dinimiz taʼlimotlarida farzand tarbiyasining eng ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi. Zero, har bir ota-ona uchun farzandlarining kamoli, sof eʼtiqod, yaxshi odob egallashlari va ilmda peshvolik bilan ulgʻayishlari yuksak maqsad hisoblanadi.
Oʻktam QURBONIYoZOV,
"Noʻgʻoy eshon bobo" jomeʼ masjidi imom-xatibi.
(Foto - http://uzbekistonovozi.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶