“SEN” HAM, “SIZ” HAM BIR OGʻIZDAN ChIQADI
"Sen” ham, "siz” ham bir ogʻizdan chiqadi”, degan iboraning zamirida ulkan maʼno bor. Chindanda yaxshi gap ham, yomon gap ham bir ogʻizdan chiqadi. Lekin hayotda odamlar bilan doimo xush muomalada boʻlishga, bir-birovga yaxshi tilaklar aytishga ne yetsin!
Afsuski hayotda baʼzan buning teskarisiga ham duch kelamiz. Mening ushbu maqolani yozishdan maqsadim ham oʻzim yaqinda duch kelgan, meninggina emas, koʻpchilikning koʻnglini xira qilgan bir voqeani aytib berish.
Oʻsha kuni Nukusdan Mangʻitga qatnaydigan "Gazel” rusumli mashinaga chiqdim. Oʻrindiqlar orasida amudaryoliklarning poliz mahsulotlarini Nukus bozoriga sotish uchun solib olib kelgan idishlari, qilgan xaridlari joy olgan sumka-yu qoplar turardi.
Kun juda issiqligi uchun yoʻlovchilar tinmay yelpinishar, mashina yoʻlga tushaqolsa, deya betoqat boʻlishardi.
- Hayda oʻgʻlim, mana hamma oʻrindiqlar band boʻldi, - dedi oʻrta yashar kishi haydovchi yigitga. U kelib mashinasidagi yoʻlovchilarni sanab chiqdi-da yana nari ketdi. Shu orada yana ikki ayol keldi va mashina oʻrindiqlari band boʻlgani uchun oʻrtaga qoʻyilgan yogʻoch kursilarga joylashdi. Haydovchi yigit esa hamon pastda, mashinasiga yoʻlovchi chaqirish bilan band edi.
- Tavba, - dedi buni koʻrgan keksa ayol, - endigisini mashinangning tomiga oʻtirgʻizasanmi? Toʻldi-ku axir, hayday qol!
Ayolning gapidan haydovchiga goʻyo tok urganday boʻldi:
- Mamishka, bir oʻrinda oʻtiribsizma, oʻtirabering-da, – dedi oʻshqirib. - Ming xil toʻlovim bor mening. Ziyod odam olmasam, xarajatlarini koʻtarmaydi. Bilmagan ishingizga aralashmangda.
Oʻz farzandi tengi haydovchining zardasi ayolga ogʻir botdi.
- Hamma mashinalar koʻtarayapti xarajatini. Sen nafsingni tiyolmayapsan, - deb toʻngʻilladi ayol derazadan tashqariga qarab.
Xullas, yana ikki-uch yoʻlovchi mingach, mashinamiz Mangʻitga yoʻl oldi.
Menga negadir yoʻl ado boʻlmayotganday, vaqt juda imillab oʻtayotganday tuyuldi. Keksa ayolga, barcha yoʻlovchilarga bepisand qaragan, odobsizligi shundoqqina koʻrinib turgan hay-dovchini juda yomon koʻrib ketdim. Axir u onaxonga oʻzbekona urf-odatlarimizga koʻra xushmuomalalik bilan:
- Hozir, onaxon, hozir haydayman, - deb qoʻyaqolsa ham boʻlar edi-ku. Shu qoʻpol gaplari oʻrniga bir ogʻiz shirin soʻz bilan tinchlantirib qoʻysa boʻlardi-ku, shunday emasmi?
Yomon muomalasi sabab haydovchini faqat men emas, barcha yoʻlovchilar ham yomon koʻrib qolishdi, nazarimda. Oʻzining odobsizligi odamlarda qanday noxush taassurotlar qoldirganini oʻsha haydovchi kishi hech oʻylab koʻrdimikan? Goʻzal xulq-atvor kishiga ziynat bagʻishlashini his qilarmikan? Yaxshi muomala nahot shunchalar mushkul ish boʻlsa?
Sevara KAMOLOVA, Xolimbeg ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶