14.08.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
14.08.2026, 06:32
Qishloq xoʻjaligi 👁 4,835

200-YILLIK TARIXGA EGA KANAL

200-YILLIK TARIXGA EGA KANAL

Amudaryo oʻtmishda Gixon, Jayxun, Oksa, Omuyya, Omul, Araks, Xorazm daryosi, Urganch daryosi, Gushuy, Vaxsh, Umid daryosi deya atalganligi, u haqda, daryo bilan bogʻliq voha toʻgʻrisida yuzlab kitoblar yozilganligi, ilmiy tadqiqot ishlari olib borilganligi maʼlum. Oʻzbek, qoraqalpoq, turkman shoirlari Amudaryoga bagʻishlab sheʼrlar yozishgan, sanʼatkorlar kuy bastalab qoʻshiqlar yaratishgan.

Amudaryoning 2540 km uzunlikdagi ikki sohilidan yuzlab kanal, arna, yop-ariqlar qazilgan va ular tufayli voha gullab-yashnab kelmoqda. 160 km uzunlikdagi Shovot, 102 km uzunlikdagi Polvon, 90 km uzunlikka ega Gʻazovot, 140 km uzunlikdagi Yormish, 120 km uzunlikdagi Qilich Niyozboy, 70 km uzunlikdagi Lavzan arna-kanallari va shuningdek, Gavxoʻra, Qizketgan, Xonyop, Qirgʻizyop, Oʻrisyop, Qulobod singari mashhur yoplarning voha taraqqiyotida tutgan oʻrni va oʻziga yarasha barpo etilish tarixi bor.

Xorazmning mashhur miroblari Munis, Ogahiy, shuningdek tarixchi Bayoniy, V.V.Bartold, V.V.Tsinzerling, F.Morgunenkov, A.F.Varpatovich, Ye.N.Markevich, Yahyo Gʻulomov, Madrahim Mahmudov, Roʻzimboy Jumanazarov kabi olimlar tomonidan yaratilgan asarlarda daryo va kanallar tizimi qisman boʻlsa-da tasvirlangan. Biroq bu yetarli emasdek tuyuladi.

2015-yilda Xorazm vohasining sharqidan gʻarbiga tomon dalalarga xuddi insonning qon tomirlaridek obi hayot eltuvchi Qilich Niyozboy kanali bunyod etilganiga 200-yil toʻldi.

Xalqimizning buyuk mirobi Qilich Niyozboy nomi bilan ataladigan ushbu kanal Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Turkmaniston Respublikalari hududlaridagi muhim xalqaro obi-hayot, suv yoʻli boʻlib, uning uzunligi 120 km, eni oʻrtacha 80 metr, chuqurligi taxminan 2-3-4 metr keladi. Qilich Niyozboy kanalining boshsoqa qismida suv oʻtkazish imkoniyati sekundiga 110-120 metr kubga teng. Kanal hammasi boʻlib 70 ming gektardan ziyod yer maydonlarini sugʻorishga xizmat qilmoqda. Shundan 20,7 ming gektar yer Yangibozor, Gurlan tumanlarida, 16,7 ming gektar Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanida, 26,2 ming gektar Toshhovuz viloyatining Poʻrsi, Gubatogʻ tuman yerlari hisoblanadi.

Kanal 1939-40-yillarda hashar yoʻli bilan tozalangan va 1965-yilda qaytadan 7 kilometrlik suv olish Toʻrongʻi soqasi, 1969-yilda zamonaviy loyiha asosida qayta qurilib, foydalanishga topshirilgan.

Kanal Urganch tumanidagi Toʻrongʻi soqadan suv taqsimlovchi Qilichboy, 29.49.105-sonli, Jamshid, Boʻzyop, Tozaqaʼla, Turkman soqa kabi 10 inshoot-tarmoqlari orqali boshqarilib, muvofiqlashtirilib turiladi.

Maʼlumki, kanal qazilgan 1815 yilda hozirgi Amudaryo tumanida (oʻtmishdagi Xiva xonligining Mangʻit bekligi hududida) Qilichboy qishlogʻiga ham asos solingan.

Oradan vaqt oʻtib, Qilichboy qishlogʻi istiqlol davridayam taraqqiyot sari qadam qoʻymoqda. Mashhur mirob, elchi va davlat amaldori nomi bilan ataladigan Qilichboy qishlogʻi tumanda oʻz oʻrni va salohiyatiga ega. Asosiysi Qilich Niyozboy kanali hozirda ham tuman ahliga, Amudaryo tumanidan oʻtib, qoʻshni Turkmanistonga ham suv yetkazib, el-yurt obodonchiligiga xizmat qilmoqda.

Amudaryo tumani Qilich Niyozboy kanali orqali 7859 gektar yer maydonini sugʻormoqda. Ushbu kanaldan Shoʻryop, Aliliyop, Xolimbeg nomli yoplarga suv oʻtkazilib, ekin maydonlariga hayot bagʻishlanadi. Shoʻryopning uzunligi 21,5 km boʻlib, 1958 gektar ekin undan suv ichadi. Aliliyopning uzunligi 24,5 km boʻlgan holda, 1350 gektar yerni sugʻorishga xizmat qiladi. Xolimbeg yopining uzunligi 7 kmdan iborat. Ushbu yopdan 1485 gektar yer sugʻoriladi. Qilich Niyozboy arnasining Amudaryo tumanidan oʻtadigan uzunligi esa 20 km. dir.

Koʻpmillatli, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan ushbu qishloqda zamonaviy kollej, maktab, savdo doʻkonlari, aholiga maishiy xazmat koʻrsatish maskanlari, Qilichboy nomidagi paxta qabul qilish punkti, qishloq vrachlik punkti faoliyat koʻrsatmoqda. Qishloq bir necha mahalla, ovul fuqarolar yigʻinidan iborat.

Aynan Amudaryo boʻyida joylashgan va azim daryo nomi bilan ataladigan tumandagi Qilichboy qishlogʻining asoschisi toʻgʻrisida koʻpchilik faqat eshitgan, ammo u kishining miroblik va elchilik faoliyatidan bexabar boʻlishi mumkin. Shu bois, endi u kishining faoliyatiga kengroq toʻxtalib oʻtamiz.

QILICh NIYoZBOY - MIROB VA ELChI

1846-yil. Sankt-Peterburg. Qariyb toʻrt oyga choʻzilgan safardan soʻng Xiva xonligi elchilari Rossiya poytaxtiga yetib kelishgandi. Oʻsha davrdagi diplomatik anʼanaga koʻra, elchilar yoʻl mashaqqatlaridan charchab kelgani bois, bir necha kun hordiq chiqarishgach, oliy darajadagi qabul marosimi uyushtirilgan.

Xiva xonining elchilari Qilich Niyozboy va Shukurillaboy Miskinovlardan iborat hayʼat, oʻz-lariga ajratilgan qarorgohdan karetaga minganlaricha Qishki saroyga tashrif buyurishdi. Tabiiyki, Qilich Niyozboyning Rossiyaga birinchi tashrifi boʻlganidan, olgan tassurotlari-yu hayratlari ertakdek tuyulmoqda. Shukurillaboy esa savdogar boʻlganidan Eron, Rossiyaning Orenburg hududlarida bir necha bor boʻlgandi. Biroq Orenburg bilan Peterburgni taqqoslashning oʻzi boʻlmasdi. Qolaversa, karetaga birinchi bor minishlari. Shu boisdan har ikkala elchidagi hayajonlanish atrofdagi imperator amaldorlariga shundoqqina bilinib turardi. Biroq yoshi ellikdan oʻtgan xivaliklarda did-farosat, hushyorlik ustunlik qilib, oʻzlarini bir zumda tutib olishdi.

Karetalar elchilar tushgach, tezda orqalariga burilib, Qishki saroydan uzoqlashdilar.Rossiyadagi elchilik qoidasiga binoan, elchilarni olib kelgan kareta diplomatlar imperator huzuriga yoʻnalgach, Qishki saroydan uzoqlashib turishi lozim edi.

Tseremoniymeyster va ikki kamergerlar ularni karetadan tushganidan kutib olganicha imperatorning taxt zali tomon boshlab borishdi. Qishki saroyning savlati-yu muhtashamligi, ayniqsa koʻz oʻrganmagan turli haykallar va oltin bezaklar toʻla xonalardan oʻtib borishar ekan, xivalik elchilar imperatorning qudratiga tan berishdi. Chunki, Ichan Qalʼayu xonlarning qarorgohi boʻlmish Koʻhna Arkni Qishki Saroyga taqqoslab boʻlmasdi.

Ikki kamerger ikki tomonga burilib, taxt zaliga kirgan Qilich Niyozboy va Shukurillaboyga yoʻl boʻshatishdi. Shu payt qayoqdandir ularni Peterburg ostonasida kutib olgan, qarorgohga joylashtirganicha mehmonnavozlik qilgan, qabul marosimlaridagi qoidalarni tushuntirgan tatar yigiti paydo boʻldi. Tatar tarjimonning ular yonida paydo boʻlishi xivalik elchilarga daldadek boʻlib tuyuldi.

Qishki saroyning ular birin-ketin oʻtgan zallariga qaraganda, imperator Nikolay I oʻtirgan koshona bagʻoyat keng va baland, naqshinkor edi. Imperatorning oʻng tarafida imperatritsa hamda 28 yoshdagi valiahd shahzoda Aleksandr joy olgandi.

Tseremoniymeyster qoʻlidagi naqshinkor asoni polga urdida baland ovozda:

- Oʻrta Osiyodagi Xiva davlati elchilari Qilich Niyozboy va Shukurillaboy! - deya elchilarni tanishtirdi.

Har ikkala elchi oʻz ismlarini ruscha talaffuzda eshitishgach, tiz choʻkkanlaricha qoʻllaridagi Muhammad Aminxonning ishonch yorliqlarini boshi uzra koʻtarishdi. Rossiyaning tashqi ishlar ministri, imperator Nikolay I ning baland boʻyi, xushsuvrat chehrasi oldida pakana, koʻrimsiz boʻlib tuyulayotgan Karl Nesselrod yorliqni olib, imperatorga uzatdi. Naycha shaklida oʻralgan ipak qogʻozni qoʻliga ushlagan Nikolay I, uni oʻqish uchun graf Uvarovga uzatdi.

Graf Uvarov Xivadagi rus asiri yordamida ruschaga tarjima qilingan yorliqni oʻqib berdi. Yorliq imperatorga shon-sharaf bilan boshlanib, savdo aloqalarini yoʻlga qoʻyishni kuchaytirish, xorazmlik savdogarlardan Orenburgda olinadigan bojni kamaytirish, xonlik chegaralarida barpo etilayotgan rus qalʼa, istehkomlari qay maqsadda qurilayotganiga oydinlik kiritishni soʻrab, iltimos ohangida yozilgandi.

Yorliq oʻqib boʻlingach, imperator Nikolay I mamnuniyat bilan graf Uvarov uzatgan ipak qogʻozga bir zum koʻz yugurtirdi-yu, uni tashqi ishlar ministri Karl Nesselrodga uzatdi.

Shundan soʻng tatar tarjimon yordamida Qilich Niyozboy, Shukurillaboy va imperator, uning amaldorlari orasida oʻzaro muloqot boʻlib oʻtdi. Muloqotda ikkala davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivoj toptirish, Orenburgga va undan Rossiya ichkarisidagi shaharlarga keladigan xorazmlik savdogarlarga nisbatan bojlarni kamaytirish, Xivada saqlanayotgan rus asirlarini ozod qilish, Mangʻishloq va boshqa joylardagi istehkomlarning rus savdogarlari xavfsizligini oʻylab qurilayotgani kabi masalalar muhokama qilindi.

Muloqotdan soʻng imperator, tashqi ishlar ministri har ikkala elchi va tarjimonni Qishki saroyning kutish zaliga kuzatib qoʻyishdi. Tashqarida turgan kareta uchala musulmonni ularga ajratilgan qarorgohga kuzatib qoʻydi.

Bu orada qish fasli kelib, sovuq boshlangani sabab, to ayozli kunlar oʻtib ketgunicha elchilar Sankt-Peterburgda qolib ketishdi. Har ikkala elchi tatar tarjimon yordamida Pyotr I asos solgan shaharni hayrat bilan tomosha qildilar.

Nihoyat kunlar sal isiy boshlagach, 1847-yilning 25-aprelida elchilar ketishiga ijozat berildi. Elchilarga yoʻlga yetarli mablagʻ, sovgʻa-salom berib kuzatib qoʻyildi.

Tashqi ishlar ministri Karl Nesselrod janoblari ularga Xiva xoni Muhammad Aminxon uchun tayyorlangan maktubni berib yubordi. Maktubda shunday satrlar bor edi: "Sizning elchilaringiz Qilich Niyozboy va Shukurillaboy Miskinov bizning hukmdorimiz - imperatordan ham shuni eshitdilarki, Mangʻishloqda qurilgan harbiy istehkomdan hech bir tashvishlanmasangiz ham boʻladi. Bu istehkomning faqat savdo yoʻllarining xavfsizligini va tinch-osoyishtalikni taʼminlashdan boshqa maqsadi yoʻq. Maʼlumki, sizning savdo karvonlaringiz bu yoʻldan Astraxonga oʻtadilar. Shunday qilib sizning xavfsirashingiz asossiz” ("Pismo Gosudarstvennogo kantslera Nesselʼroda xanu Xivinskomu”, 26-aprelya 1847 g., № 1161 ).

Ana shu tariqa Qilich Niyozboy va Shukurillaboy Miskinov Peterburgdan 28-aprelda yoʻlga chiqqanicha, yoʻl mashaqqatlarini yengib, avgust oyi boshlarida Xivaga kirib kelishdi. Ana shundan soʻng maʼlum bir muddat elchilar oʻrnatgan aloqalar sabab, Rossiyaga boruvchi savdogarlarga bir muncha yengilliklar yaratildi.

1846-47-yildagi diplomatik aloqalar Rossiya-Xiva oʻrtasidagi yagona elchilik munosabatlari emasdi. Undan oldin ham, keyinchalik ham har ikkala davlat oʻrtasida elchilar bordi-keldisi boʻlib oʻtdi. Bunday diplomatik aloqalar Sankt-Peterburg barpo etilmasidan oldin Moskvaga ham uyushtirilgandi.

Elchi sifatida esa gʻoyatda farosatli, ziyrak insonlar tanlangan. Shukurillaboy Miskinov savdogar sifatida oldinlari Orenburgga qatnab, dovruq qozongan boʻlsa, Qilich Niyozboy qurgʻoqchil hududlarga suv olib borish niyatida arna-kanal qazdirishga bosh boʻlgan mirob edi.

Maʼlumki, qadimdan suv boʻylari insonlar uchun eng tabarruk joylar hisoblangan. Shuning uchun ham ajdodlarimiz daryo, kanal, arna, yop boʻylarida yashab, dehqonchilik qilishgan. Buni yaxshi bilgan Qilich Niyozboy yangi oʻzlashtirilgan yerlarda dehqonchilik qilish uchun suv olib kelish tashabbusi bilan chiqadi.

Bu paytda, yaʼni XIX asrga kelib Xiva xonligidagi oz muddat boʻlsa-da davom qilgan osoyishtalik sugʻoriladigan maydonlarni kengaytirishga sabab boʻlgandi. Xiva xoni Muhammad Rahimxon I qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish va shu joylarga turli urugʻ va qabilalarni koʻchirib keltirish siyosatini yurgizdi. Tabiiyki, yangi yerlarda dehqonchilik qilish uchun suv olib kelish kerak edi. Gurlan, Qiyot-Qoʻngʻirot, Mangʻit, Toshhovuz bekliklaridagi hududlarga suv olib borib, yerlarni oʻzlashtirish haqidagi Qilich Niyozboyning tashabbusi shu bois xonga maʼqul tushadi. Arna-kanal qazishga esa aynan Qilich Niyozboyni rahbar qilib tayinlaydi.

Baʼzi rivoyatlarga koʻra, bugungi Qilich Niyozboy kanali oqib oʻtadigan joylar qumloq, qoʻriq yerlar boʻlgan ekan. Bu joylarda faqatgina chorvachilik qilingan. Bir kuni Xiva xoni Muhammad Rahimxon I Qoʻngʻirot tarafga oʻtayotib, charchaganidan shu joyda toʻxtabdi. Xon va uning yonidagi amaldorlarni kutib olgan shu yerlik boy-badavlat el oqsoqoli -Qilich Niyozboy xonga ana shu tashlandiq yerlarni oʻzlashtirish, suv olib kelishni maslahat beribdi. "Siz ham shundagina choʻlda emas bogʻlarda hordiq chiqarib ketasiz. Xalq ham sizdan minnatdor boʻladi”, -degan ekan Qilich Niyozboy.

Xullas, tashabbuskor va tadbirkor Qilich Niyozboy rahbarligida 1815-yilda yangi kanal qazila boshlanadi. Tarixchi Bayoniy "Xorazm tarixi” asarida bu haqda shunday yozadi: "Kanalni Bogʻolondan (Gurlan tumanidagi qishloq tarmogʻidan - U.B.) yordirib, Qiyot ustidan oʻtkazib, boʻzga chiqarib, yoinki qalʼai Xitoyning janubiy hududidan (hozirgi Mangʻit tumanidagi qishloq chegarasidan - U.B.) ul ariqning oyogʻi Sharqravuqqa (Daryoliqqa) borurkim, oni Qilich arnasi derlar”.

Qilich Niyozboy kanal qazish tashabbuskori boʻlgani uchun yangi kanal ham aynan uning nomi bilan ataladi.

Qilich Niyozboy kanalidan chap tomonga Beshuyli, oʻng tomonga esa Gurlan, Nukus, Uygʻur, Polvonbek kanallari (yoplari) ajralib chiqqan. Bu kanal orqali Amudaryoning juda koʻp suvlari yerlarni sugʻorish uchun yetib boradigan boʻladi. Keyinchalik Xiva xonligiga kelgan Rossiyalik geograf A. V. Kaulbars Qilich Niyozboy kanalini koʻrib, hayratlangan va uni "kichik daryo - rechka” deb atagandi. Uning yozishicha, "Qilich Niyozboy va Yormish kanallarining irmoqlari boʻlgan, ularning oʻrtasida Daryoliq oʻzani boʻlgan”.

Ushbu kanal Daryoliqning oʻng qirgʻogʻi boʻylab ketgan qurgʻoq yerlarni sugʻorish uchun maxsus qazilgan. Bu bilan Xorazmning sugʻoriladigan yerlari ancha kengaytirilgan. Akademik Ya. Gʻulomovning yozishicha, "Kanal irmogʻidan 66 km. narida eski anʼanaga asosan qalʼa qurilgan. Kanal ham, qalʼa ham Muhammad Rahimxonning mashhur amaldorlaridan biri Qilich Niyozboy nomi bilan yuritiladi”. ("Xorazmning sugʻorilish tarixi” T. 1959. 227 bet.).

Shu tarzda qumloq va qoʻriq yerlar oʻzlashtirilib, tashlandiq holatdagi vayrona makonlar obod bogʻ-u boʻstonga aylanadi. Aynan ana shu kanal qazilgani sabab hozirgi Xorazm viloyatining Yangibozor, Gurlan tumanlari, Turkmanistonning Toshhovuz viloyatidagi, Qoraqalpogʻistonning Amudaryo tumanlaridagi ancha joylar gullab-yashnagan dehqonchilik oʻlkasiga aylantirildi.

Umid BEKMUHAMMAD.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi Harbiy xizmat – shaxsiy kamolot va mardlik maktabi 24.01.2025 SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR SARHADLARIMIZ DAXLSIZLIGI, ONA VATAN TINChLIGI YOʻLIDA XALQ VA ARMIYa – BIR TAN-U BIR JONDIR 14.01.2025 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning oldini olish mavzusida koʻrsatuv tasvirga olindi 12.05.2024 Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi Grant loyihasi doirasida yomon odatlar, erta turmush va oilaviy ajrimlarning sabab hamda oqibatlari haqida koʻrsatuv tasvirga olindi 15.08.2023 Saylov jarayonidan videolavhalar Saylov jarayonidan videolavhalar 24.10.2021 Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. Caylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni yuksak saviyada oʻtmoqda. 24.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 16-oktyabr kungi soni 17.10.2021 "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni "Zamin" informatsion dasturining 2021-yil 9-oktyabr kungi soni 11.10.2021 Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda Nazarxon ovuli oqar suv bilan taʼminlanmoqda 17.07.2021 Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) Amudaryo tumanida Ramazon hayiti keng nishonlandi (video) 14.05.2021 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining birinchi sessiyasi toʻgʻrisida AXBOPOT (+video) 15.01.2020 "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) "Munozara" koʻrsatuvining 20.12.2019 kungi soni (siyosiy partiyalarning tuman Kengashlari ishtirokida) 21.12.2019 XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) XALQAPO NOGIPONLAP KUNI MUNOSABATI BILAN TADBIP OʻTKAZILDI (+Video) 04.12.2019 IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) IChKI KOʻChALAPNI TAʼMIPLASh YuZASIDAN MAXSUS TAKTIK-OʻQUV MAShGʻULOTLAPI OʻTKAZILDI (+ Video) 04.12.2019 Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) Boʻzyop madaniyat markazi faoliyatidan lavhalar (video) 12.11.2019 Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) Vazirlar Kengashi Paisi Amudaryoda sayyor qabul oʻtkazdi (+video) 02.11.2019 Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) Amudaryoda ilgʻor fermerga "Cobalt" sovgʻa qilindi (+video) 06.10.2019 Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) Amudaryo tumanida oʻtkazilgan Mustaqillik bayrami – 2019 (Toʻliq video, Tas-ix) 03.09.2019 “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) “Mangʻit savdo kompleksi” MChJga qarashli bozor faoliyatidan lavha (+video) 13.08.2019 KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) KOʻP TAPMOQLI FEPMEP XOʻJALIKLAPI SAFI KENGAYMOQDA (+video) 31.07.2019 SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) SINFDOShLAR MAKTABNI BITKAZGANINING 40-YILLIGINI NIShONLAShDI(+video) 31.07.2019 MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) MAHALLADA JINOYaT MUHOKAMASI BOʻYIChA YIGʻILISh OʻTKAZILDI(+video) 31.07.2019 "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) "QALDIPGʻOCh" OPOMGOHI BU YILGI MAVSUMDA JAMI 500 NAFAP BOLALAPNI BAGʻPIGA OLDI (+video) 31.07.2019 Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? Hokim tashabbusi bilan tashkil qilingan kutubxonalar qanday faoliyat yuritmoqda? 13.07.2019 Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) Amudaryo tumani Davlat arxivi faoliyatidan lavha (video) 13.07.2019 Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) Qilichboy ovuli hayotidan lavha (video) 13.07.2019 Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) Elektr energiyasi bilan taʼminlash sifati yaxshilanmoqda (video) 13.07.2019 Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) Farovon mahallasida 72 ta zamonaviy uslubda qurilgan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi (+Foto, video) 01.07.2019 Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) Amudaryo tumanida Yoshlar kuni keng nishonlandi (Foto, video) 30.06.2019 TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI TUMANIMIZNING IKKI NAFAP OʻQUVChISI MAKTABNI OLTIN MEDAL BILAN BITIPDI 24.06.2019