MATONATLI UMR SOHIBI
Inson oʻz taqdir bitigi bilan tugʻiladi, deyishadi. Balki rostdir. Agar shunday boʻlmaganida har kim oʻz taqdirini faqat yaxshiliklar bilan bezab, dilida neki orzu-umidi boʻlsa, barchasiga toʻsiqlarsiz erishib yashar, hayot tashvishlariga oʻralashib, muammolar girdobida qolmasdi.
Amudaryo tumanining Xolimbeg elida tugʻilib-oʻsgan Otamurod bobo Matyoqubovning bolaligi qatagʻon siyosati avj olgan yillarga, oʻsmirligi esa ikkinchi jahon urushi davriga toʻgʻri keldi. 1930-yilda tavallud topgan Otamurod Matyoqubov oʻtgan asrning 30-yillaridagi nohaqliklarni, xolimbeglik bilimdon, boy-badavlat, tadbirkor insonlarni birin-ketin oʻz domiga tortgan qatagʻon siyosati azob-uqubatlarini oʻz koʻzi bilan koʻrgan. Birining otasi, birining akasi va qarindoshlari bemavrid qamalgan, Rossiyaning olis va sovuq Sibir oʻrmonlariga surgun qilingan, otilgan tengqurlarining ayanchli hayotlariga guvoh, qalblari oʻksik insonlar dardlariga sherik boʻlib ulgʻaydi. Ogʻir, tahlikali qatagʻon yillaridan qalblari yaralangan xalq uchun Ikkinchi Jahon urushi yanada ogʻir azob-uqubatlarni boshlab keldi. Ishga yaroqli xolimbeglik erkak zoti borki, barchasi urushga safarbar qilinib, qishloq huvullab qoldi.
Oʻshanda qishloq keksalari endigina 10-12 yoshga kirgan Otamurod va u tengi bolalarga bosh boʻlib, kolxoz dalasidagi ishlarni qoʻlga olishdi. Hayot goʻyo keksalarni yashartirib, murgʻak bolalarni juda erta ulgʻaytirib qoʻygan, mamlakatning gʻarbida ham, sharqida ham xalq taqdirning azob-uqubatlarga toʻla damlarini boshlaridan kechirishardi. Qishloq ayollari va oʻsmir bolalarga bosh boʻlgan keksalar yilning toʻrt faslida ham betinim mehnat qilishar, bahor-u yozda kunduzlari gʻoʻza parvarishi bilan band boʻlsa, kechalari oy yogʻdusida bugʻdoy oʻrogʻiga chiqishar, bu holat kuzda ham takrorlanib, kun boʻyi paxta terib, charchagan bolalar kechalari kattalar bilan bab-baravar sholi oʻrimiga chiqishardi...
– Xalq juda matonatli, sabr-toqatli, hamjihat edi, – olis yillarda qolgan azobli damlarni mahzunlik bilan eslaydi Otamurod bobo. – Hech kim “charchadim”, deb nolimasdi, minnat qilmasdi, aksincha, qilinayotgan ishlarda hissamiz borligidan quvonardik. Hamma borini oʻrtaga qoʻyib, birgalikda baham koʻrishardi. Bugungi yoshlarga biz bosib oʻtgan hayot yoʻli ertakday tuyuladi. Shukr, bugungiday toʻkin-sochin, farovon kunlarga yetdik. Bunday farovonlikni ota-bobolarimiz faqat orzu qilishgan.
Hayot mashaqqatlarida toblangan Otamurod Matyoqubov davrning tahlikali suronlarida juda erta ulgʻaydi. Bolaligi va oʻsmirligidanoq kolxoz dalasida kattalar bilan bab-baravar mehnat qilgan Otamurod Matyoqubov balogʻat yoshiga yetib-yetmay traktor ruliga oʻtirdi, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi tiklanish yillarida tun-u kun oʻzini ayamay ishladi. Oʻzi kabi mehnatkash, oilaparvar Yoqutjon Toʻrayeva bilan turmush qurdi.
Oila qoʻrgʻonining obodligi va farovonligi er-xotinning oʻzaro ahilligiga, mehr-u oqibati, fidoyiligiga bogʻliq. Bu jihatdan Otamurod ota bilan Yoqutjon ona hamjihatlikda bunyod etgan oila goʻshasi havas va ibratga munosib. Oddiy traktorchi va kolxoz ishchisi boʻlgan bu fidoyi insonlar 5 oʻgʻil va 3 nafar qizni oʻzlari kabi mehnatsevar, biri-biriga mehr-oqibatli, oilaparvar insonlar qilib voyaga yetkazdilar, ilm-u hunarli qildilar.
Bugungi kunda Otamurod boboning barcha farzandlari pir-u badavlat bobo va buvi maqomiga yetishganlar. Oilaning toʻngʻich farzandi Olimboy ogʻa umr boʻyi muhandis-mexanik vazifasida ishlab, ayni paytda keksalik gashtini surmoqda. Katta qizi Norguloy ham bir etak nevaraning sevimli buvisi, nafaqadalar. Yana bir oʻgʻli Qurbonboy ogʻa Andijon paxtachilik institutini tamomlab, ota-onasi mehnat qilgan Xolimbeg qishlogʻidagi sobiq Turkmaniston jamoa xoʻjaligida agronom boʻlib ishlab, tuman qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga munosib hissasini qoʻshdi, ayni paytda pensiyada. Egizak farzandlari Farhod va Shirin, Erkinoy va Tohirjonlar ham oʻzlarining halol va fidoyi mehnatlari bilan elda obroʻ-eʼtibor topgan ibratli oila sohib va sohibalari.
Inson hayot mashaqqatlarini, ogʻir mehnat damlarini oʻzining kuchli irodasi, sabr-qanoati bilan yengib, orzusidagi farogʻatli kunlarga yetganida yonida eng yaqin va aziz insonlari bilan birga boʻlishni istaydi. Lekin yuqorida aytganimizday, taqdir bitigimi, Yaratganning sinovimi, Otamurod Matyoqubov dorilomon kunlarga yetib, endi 40 yoshdan hatlaganida umr yoʻldoshi Yoqutjon onadan ayrilib qoldi. 8 nafar farzandini yolgʻiz tarbiyalab voyaga yetkazdi.
Farzandlari oq-qorani tanib, ulgʻaygach, ularni uyli-joyli qilishdek xayrli tashvishlariga yelkadosh boʻlsin, dedimi, qarindoshlari bosh boʻlib, uni Nurjida ismli ayolga uylantirib qoʻyishdi. 2013-yilda taqdir Otamurod boboning irodasini yana bir sinovdan oʻtkazdi. Haydovchi boʻlib ishlovchi oʻgʻli Aminboydan ayrilib qoldi. Oʻshanda 83 yoshga toʻlgan Otamurod bobo dunyolarga sigʻmay ketdi. Bor armonini ichiga yutdi, farzandlari, hali voyaga yetmagan, taqdirning bemavrid zarbasidan dovdirab qolgan nevaralarining koʻngliga taskin berish ilinjida tomorqaga bogʻlanib qoldi. Goʻyo oila qoʻrgʻonining bemavrid qulagan ustunlaridan biri oʻrniga yelkasini tutdi.
– Inson hamma narsaga chidashi mumkin, lekin farzand dogʻini koʻtarish qiyin. Taqdirimda bor ekan, shugina bolam nega mening izimda qolmadi, deb armon bilan yashab yuribman, – deydi mahzunlik bilan Otamurod bobo. – Aminboyning farzandlari bari aqlli, mehnatkash, oilaparvar. Shunisiga shukr qilaman, barchasi omon boʻlishsin.
Otamurod bobo ayni paytda 95 yoshga toʻldilar. 8 nafar farzandi salkam 20 baravarga koʻpayishgan. Bugungi kunda bu fayzli xonadondan Amu eliga chuqur ildiz qoʻyib, sermeva bogʻ-u chamanzorga aylangan baxtiyor oilalarda 35 nafar nevara, 110 nafar chevara, 3 nafardan ziyod evaralar el-yurtga munosib farzandlar sifatida kamolotga yetishmoqda.
– Bobomning hayoti biz uchun ibrat, – deydi Otamurod boboning nevaralaridan biri Jasur Otamurodov. – Qanday ishga qoʻl ursak-da bobomning fotihasini olishga intilamiz. Qiyinchiliklardan qoʻrqmaslik, hayot sinovlariga bardoshli boʻlishni, mehnatsevarlik va oʻtayotgan har bir kunimizni ezgu amallar bilan boyitib yashashni, vaqtning qadriga yetishni bobomdan oʻrgandik.
Darvoqe, 10 yoshidan front orti mashaqqatlariga kattalar bilan bab-baravar yelkasini tutgan, Buyuk Gʻalaba onlarini mehnat frontida qarshilab, balogʻat yoshiga yetmay turib kolxoz dalasida traktor haydagan, butun umr tuman qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdek ezgu maqsad yoʻlida fidoyi, halol mehnat qilib, Amu eliga mehr-muhabbat bilan singib ketgan Otamurodovlar sulolasini yaratgan boboning hayot yoʻli nafaqat uning avlodlari, balki har bir xolimbeglik, amudaryolik uchun haqiqiy ibrat va namuna maktabidir. Zotan, Vatan obodligi, xalq farovonligi uchun ezgulik yoʻlida matonatli mehnat qilgan insonlar hamisha qadrli, hurmat va eʼzozga munosib.
ROBIYa YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶