HAYoT FALSAFALARI
Hayotda baʼzan oʻz printsiplaringga oʻzing qarshi chiqishingga toʻgʻri keladi. Oʻzing yaratgan qonuniyatlarni oʻzing inkor etishga majbur boʻlasan. Nimadir qilishdan oldin kimlar bilandir hisoblashishga, ruxsat soʻrashga majburmiz.
Uyasiga don tashiyotgan chumoli rizqini qayerdan, qanday qilib, qancha miqdorda olib kelishini boshqa chumolilardan soʻramas, ehtimol? Kapalak qaysi gulga qoʻnishini, qayerga, qanday sayr qilishni boshqa safdoshlaridan soʻramasligi aniq. Chunki u bir kunlik umrini oʻzi xohlaganday yashashni biladi.
Jonzotlar erkin... ammo biz esa, odam boʻla turib odamlarning fikriga quloq tutishga, ayrimlarning chizib bergan chizigʻidan chetga chiqmaslikka va “buyruq”larni bajarishga majburmiz. Umr ana shunday katta va kichik majburiyatlardan tashkil topgan.
Inson naqadar ojiz...
* * *
Yaqin kunlardan beri uyimizga har kuni bir mushukcha mehmonga keladi. Koʻrinishidan daydi mushukka sira oʻxshamaydi. Eshigimiz tashqarisida poylab turadi-da, eshik ochilishi bilan uyga, ichkariga qarab yuguradi, shoʻrlik. Baʼzan esa, deraza ortidan bizni kuzatib oʻtirishi yuragimni ezadi.
Aslida mushuklarni unchalik yoqtirmayman. Ammo negadir shu mushukka mehrim tushdi. Rahmim keldi, mushukchani oʻylasam: sovuqda qanday hayot kechirarkan? Yoʻlda mashina “urib” ketmadimikan, degan savollar tinchlik bermaydi.
Essiz, hayvonot dunyosi! Ular insoniyatga tobe boʻlib yashashga mahkum. Tilsiz jonivorlar bersang yeydi, ursang... Odamlarda boʻlsa aql bor, farosat bor, zabon bor. Koʻngil bor, mehr bor, muhabbat bor. Lekin baʼzida ana shu mehrni, muhabbatni hayvonlarga berish u yoqda tursin, bir-birimizdan qizgʻonamiz.
Demak, odam boʻlib kelib, inson boʻlib ketish – qiyin, juda qiyin!
Aziza MADRAHIMOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶