21.09.2026
Til Oʻz Qq Yozuv Кирилл Lotin
Reklama banneri
Harf oʻlchami Rang Rasmlar
21.09.2026, 17:04
Fan va taʼlim 👁 224

ODDIY QIShLOQ OʻQITUVChISI

ODDIY QIShLOQ OʻQITUVChISI

Oʻtgan asrning 60-70-yillari qishloq yoshlari uchun oson boʻlmagan. Buni oʻrta avlod vakillari juda yaxshi bilishadi. Chunki aynan ana shu yillarda Oʻzbekistonda paxta yakkahokimligi davri hukm surgan, “qishloqda yashadingmi, texnika (toʻgʻrirogʻi, traktor) boshqarishni oʻrgan!” shiori ostida umumtaʼlim maktablarining yuqori sinf oʻquvchilari oʻsha paytdagi kolxoz-sovxozlar markaziy ustaxonalari qoshida tashkil etilgan qisqa muddatli mexanizatorlar tayyorlash kurslarida  majburiy ravishda oʻqitilardi. Paxta yigʻim-terimi pallasida esa ana shu mexanizatorlar tayyorlash kursi oʻquvchilari  mehnatidan kolxoz-sovxozlar suv tekin foydalanishardi. Hali 17-18 yoshga toʻlmagan oʻsmir  yigitlar traktor boshqarishar, terilgan paxtani qabul punktlariga olib borishda qatnashar, yarim kechalargacha dalalar boshida qolib, koʻsak chuvish kombaynlari toʻkkan koʻsakni varaxa agregatidan chiqarishda kattalar bilan bab-baravar mehnat qilishardi.

Shundanmi, Qangli elatidagi kolxozda paxtachilik brigadasini boshqargan mashhur  paxtakor (Alloh rahmat qilsin) Xudoybergan ota Matchonov har galgi paxta yigʻim-terimi mavsumida qora mehnatdan boshi chiqmaydigan farzandlariga jiddiy talab qoʻydi:

– Mening, onangizning umrimiz dalalarda oʻtayotir, texnikani oʻrganganlaringiz yaxshi, lekin sizlardan birdan-bir talabim – oʻqinglar. Ota-bobolarimiz “oʻqigan – oʻzadi”, deb bekorga aytishmagan. Qishloqni rivojlantirish uchun ham oʻqishingiz kerak! – dedi

qatʼiy.

Ular oilada 4 oʻgʻil, ikki qiz edilar. Toʻrt oʻgʻilning  uchinchisi boʻlgan Tozaboy ikki akasidan keyin otasining oʻgit-nasihatlariga amal qilib, umumtaʼlim maktabini tugatgan yiliyoq Toshkent shahriga yoʻl oldi. 1981-yilda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga oʻqishga kirgan Tozaboy oʻqish davomida otasining jamiki oʻgit va maslahatlari uning oʻz kelajagi yoʻlidagi orzu-intilishlariga tolmas qanot bagʻishlaganini his etdi. “Otam toʻgʻri aytadilar, oʻyladi u, – axir shajaramiz manglayiga “dehqon” deb  yozib qoʻyilmagan-ku, umrimiz dalada, Qangli qishlogʻidan narini koʻrmay oʻtib ketishimiz  – gumrohlik”. Tozaboy oʻqish jarayonida hamqishloqlari hayotiga oʻzgarishlar olib kirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodga Qangli qishlogʻi, Amudaryo tumani, qoʻyingki, Qoraqalpogʻiston bilan tutashib ketgan ona Yurt kengliklari, ana shu bepoyon Vatan shaʼnini yuksaltirish uchun oʻqib, bilim olish juda muhimligini anglatib yashash zarurligini chuqur idrok etdi.

U 1985-yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, ona qishlogʻidagi S.Toʻramurodov nomidagi sakkiz yillik maktabda ilk mehnat faoliyatini boshladi. Institut tahsili  boshqa, maktab hayoti tamoman boshqa olam edi. Chunki maktabning 5-sinfidan 8-sinf oʻquvchilarigacha kuzda paxta yigʻim-terimiga, bahor va yozda gʻoʻza parvarishiga jalb etilar, maktablarda har choraklik uchun belgilangan dastur asosidagi darslar oylab qolib ketardi. Nima, qilish kerak? Koʻpchilik Tozaboyga:

– Senga oson, oʻquvchilarning qoʻliga bitta koptokni berib, stadionga olib chiqsang, bas, dars oʻz-oʻzidan oʻtilaveradi, – deyishardi.

Negadir jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining ishiga koʻpchilik shunday yuzaki baho berishga odatlanib qolishgandi. Lekin  masʼuliyat yuki-chi? Aynan shu fanga ixlosi baland oʻquvchilarning qiziqishlari-chi? Ularning iqtidoriga loqayd qarab boʻladimi axir?

Tozaboy Matchonov bunday qarashlarni soʻndirish uchun ham butun vujudi bilan ishga kirishdi. U turli majburiy ishlarga jalb etilayotgan oʻquvchilarining jismoniy tarbiya fanini chuqur oʻzlashtirishlari uchun bor bilim va salohiyatini safarbar etdi. Qoldirilgan har bir darsni oʻquvchilar tez va qisqa fursatlarda oʻzlashtirishlari uchun sharoit yaratdi. Amaliy va nazariy dars-soatlarining uzviyligini taʼminladi. Ham sinfda, ham maktab  stadionida alohida iqtidorli oʻquvchilar bilan qoʻshimcha mashgʻulotlar olib bordi. Natijada shogirdlari orasidan sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalarning tuman, respublika miqyosida gʻoliblari, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari yetishib chiqdi.

Oʻz fani asoslarini puxta egallagan yetuk pedagog kadrlar taʼlim-tarbiya sohasida hamisha qadrlanadi. Bu borada Tozaboy Matchonovning ham bilim va salohiyatidan samarali foydalanishga intilgan maktab rahbarlari koʻp boʻldi. 1989-1994-yillarda u Amudaryo tumanidagi yetakchi ilm maskanlaridan biri hisoblangan 11-sonli umumtaʼlim maktabida, keyinchalik 29-sonli maktabda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi sifatida oʻz faoliyatini davom ettirdi. Oʻquvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar taʼsirchanligini oshirish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida sportga qiziquvchi yoshlarni atrofiga jamladi, kurash, shaxmat sporti toʻgaraklarini tashkil etdi. “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarida qatnashgan oʻquvchilari Amudaryo tumani birinchiligida, mazkur musobaqalarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdilar. 1994-yildan hozirgi kunga qadar 29-sonli maktabda faoliyat yuritayotgan oliy toifali oʻqituvchi Tozaboy Matchonovning oʻquvchilari deyarli har yili anʼanaviy ravishda oʻtkazilib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport  musobaqalarining doimiy gʻolib va sovrindorlari safidan joy olib kelishayotganining oʻzi oddiy qishloq maktabi oʻqituvchisining oʻz sohasining yetuk mutaxassisi ekanligidan yaqqol dalolat.

Xususan, Tozaboy Matchonov rahbarligidagi oʻquvchi-yoshlar qatorasiga 3-yilki, “Umid nihollari” sport musobaqalarida sportning yengil atletika, kurash turlari boʻyicha tumanda 1-oʻrinni, Respublika miqyosida faxrli oʻrinlarni egallab kelishmoqda. 2022-2023 oʻquv yilida esa “Besh tashabbus olimpiadasi”ning parashaxmat musobaqasida ham Tozaboy Matchonovning oʻquvchilari tuman gʻolibligini qoʻlga kiritib, musobaqaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida faxrli 3-oʻrinni egallashdi.

Dono xalqimiz tilidan-tillarga koʻchib, oʻz qadri-qimmati bilan hamon yuqori tutilguvchi bir hikmat borki, nazarimda ana shu hikmat Tozaboy Matchonov kabi fidoyi oʻqituvchilar shaxsiga qarata aytilganday. Yaʼni, “Ustozidan ilm olgan shogirdlari qator tursalar, ul ustoz chin ustozdir”. Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, Tozaboy Matchonovdan “ilm olib, qator turgan” shogirdlari behisob. Xususan, ustoziga havas qilib, jismoniy  tarbiya va sport sohasi fidoyilari boʻlib yetishgan shogirdlaridan Gulandom Xudoyberganova, Shohista Xudoyberganova, Goʻzal Yoʻldosheva, Javlonbek Xudoyberganov, Nigora Sultonmurodova, Nuriddin Qurbonboyev, ... yana qancha yoshlar jismoniy madaniyat mutaxassislari sifatida faoliyat yuritishmoqda. Oʻnlab shogirdlari Oʻzbekistonning turli hududlaridagi OTMlarda jismoniy madaniyat yoʻnalishi boʻyicha  tahsil olishmoqda.

Mana, 38-yildirki, Tozaboy Matchonov har tongni, oʻquvchilari davrasida kechadigan, biri-biridan qiziqarli dars-mashgʻulotlarini intizorlik bilan shodon qarshilaydi. Beixtiyor oʻquvchilik davrining deyarli uchdan bir qismi, balki undan-da koʻprogʻi  kolxoz dalasida oʻtgan damlarini eslaydi.

Oʻquvchilariga oʻtmishda qolgan oʻsha ogʻir damlar ertakday tuyulishi mumkin, lekin  bir necha oʻn avlod ana shunday ogʻir kunlar silsilasida yashab, mehnat qilgani, oʻqish uchun  intilgani – haqiqat.

– Sizlar uchun dorilomon zamona keldi, oʻqinglar, oʻqigan – oʻzadigan davrda  yashayapsizlar, – deydi mamnuniyat bilan va otasining oʻgitlarini shogirdlariga takror-takror eslatadi:

– Qishloqni rivojlantirish uchun ham oʻqish, ilm-u ziyo kerak, oʻqinglar.

Tozaboy Matchonovni koʻpchilik qattiqqoʻl, qatʼiyatli oʻqituvchi sifatida hurmat qilishadi. Balki shundaydir. Katta leytenant harbiy maxsus unvoniga ega oʻqituvchi boʻlganidanmi, oʻquvchilariga oʻz fanidan qatʼiy talablar qoʻyishga odatlangan Tozaboy Matchonovning shogirdlari jismoniy madaniyat fanini oʻzlashtirishda xuddi oʻqituvchisi kabi qatʼiyatli, intiluvchan. Ishda qatʼiyat va ishonch uygʻun boʻlsa, muvaffaqiyat sari yoʻl ochilaveradi.

Tozaboy Matchonov nafaqat hamkasblari va shogirdlari, balki oʻzi istiqomat qiladigan mahallada ham hurmat-eʼtiborga munosib, oilaparvar, mehribon va madaniyatli ota sifatida umr yoʻldoshi Zamiraxon Yernazarova  bilan biri-biridan oʻqimishli ikki qiz, bir oʻgʻilni kasb-korli qilib voyaga yetkazishdi. Shirin-shakar nevaralarga bobo boʻldi. Bir vaqtlar oʻzining xayolidan kechgan: “shajarasiga “dehqon” deb yozib qoʻyilmagan”ini aka-ukalari va oʻzi amalda isbotladi. Bugun uning oilasi haqiqiy ziyolilar bilan obod. Qilayotgan ezgu ishlari davlatimiz tomonidan eʼtirof etilayotgani, yuqori tashkilotlarning faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari bilan taqdirlanayotgani esa qalbiga quvonch bagʻishlaydi, ertangi kuniga ishonch uygʻotadi. “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” – umumxalq bayrami munosabati bilan oddiy qishloq maktabi oʻqituvchisi Tozaboy Matchonovning fidoyi mehnatlari davlatimiz tomonidan yana bir bor eʼtirof etilib, “Qoraqalpogʻiston xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Eʼtirof, hurmat, eʼtibor va ragʻbat – bu xalq ehtiromi, ishonchining yorqin ifodasi.

Zahiradagi katta leytenant, yuzlab yoshlarning sevimli ustozi Tozaboy Matchonov hamon postda – yosh avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlidagi eng masʼuliyatli, eng sharafli vazifani ado etishda hamisha sobit, hamisha qatʼiyatli. Ana shu tuygʻularga hamroh yashash esa uning ezgu aʼmoli.

 

Robiya YOʻLDOShEVA.

🎬 Videogalereya Barchasi →
Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda Chekka hududlar aholisi ham toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda 17.09.2026 Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar Sinfdoshlar 60-yildan keyin yana maktab binosida diydorlashdilar 15.09.2026 “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” loyihasi doirasida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi 14.09.2026 Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning muammolari manzilli oʻrganildi 11.09.2026 Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi Amudaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi 10.09.2026 Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita Sovitgichli omborlar – bozorlarda narx barqarorligini saqlashda muhim vosita 10.09.2026 Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari Sahna orqali fikrlashuv: muhokama markazida – ayol huquqlari 09.09.2026 Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda Oilaviy zoʻravonlikka qarshi mutaxassislar salohiyati oshirilmoqda 09.09.2026 Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 24-sessiyasi haqida axborot 08.09.2026 Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi Maktab oʻquvchilari uchun yoʻl xavfsizligi saboqlari oʻtkazildi 08.09.2026 Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi Nukusda yuk tashuvchi haydovchilar bilan targʻibot tadbirlari oʻtkazildi 08.09.2026 Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi Yangi kitoblar taqdimoti va ijodiy muloqot: Axborot-kutubxona markazida ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazildi 08.09.2026 Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda Mahalliy byudjet ijrosi: daromad, yer va mol-mulk soliqlarida barqaror oʻsish kuzatilmoqda 05.09.2026 Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi Bobur nomli ovuldagi koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi 04.09.2026 Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi Oʻyinga asoslangan taʼlim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik oʻyinlar festivali yuqori saviyada oʻtkazildi 03.09.2026 Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi Amudaryoda qutqaruv qismining yangi binosi foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi Elektr tarmoqlari filialida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama etildi 02.09.2026 Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi Bayram arafasida yangi binolar foydalanishga topshirildi 02.09.2026 Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi Mustaqillik bayrami arafasida frontorti mehnat faxriylari holidan xabar olindi 02.09.2026 Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi Umumtaʼlim maktablarida birinchi qoʻngʻiroq chalinib, Bilimlar kuni keng nishonlandi va yangi oʻquv yili boshlandi 02.09.2026 Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida yangi amfiteatr foydalanishga topshirildi 31.08.2026 Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida Respublikamiz faollari Mangʻit suv tozalash inshooti faoliyati bilan tanishdilar 31.08.2026 Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi Amudaryo tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlandi 28.08.2026 «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi «Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi 27.08.2026 Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida Mustaqillik bergan imkon: oddiy mexanizatordan yirik sanoatchiga aylangan fermer Yoqubboy Ashirovning faoliyati haqida 27.08.2026 Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi Amudaryo tumanida Mangʻit suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi 26.08.2026 Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi Xitoylik tadbirkor tomonidan Mangʻitda uy-roʻzgʻor buyumlari doʻkoni ochildi 19.08.2026 Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi Amudaryo tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati tahlil qilindi 19.08.2026 Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi Muddatli harbiy xizmatga chiqiriluvchilarni saralash tadbirlari boshlandi 17.08.2026 Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi Doʻrman ovuli misolida yoshlar bandligi boʻyicha respublika oʻquv seminari oʻtkazildi 17.08.2026