Oddiy muallim
Otamizday aziz va mukarram
Oʻqituvchi va murabbiylarga bagʻishlayman.
Yorugʻ, sinfxona. Koʻzlarda hayrat,
Har bitta koʻngilda orzular qat-qat.
Tilga kirgan kabi oniy sukunat,
Sinfni mehrga toʻldirib lim-lim –
Olam sirlaridan soʻzlar muallim!
Kiprik qoqmay tinglar necha oʻgʻil-qiz,
Sinfda tugʻilar buyuklik soʻzsiz...
Kelajakka qoʻyib eng teran ildiz,
Qalblarga muhrlab dunyoviy ilm,
Orzular koʻshkida yashar muallim!
Biri shoʻx, birlari jiddiy bolalar,
Ishtiyoq, orzusi qatʼiy bolalar.
Ajdodlari gʻani, zakiy bolalar,
Zakovat ilmidan olishar taʼlim –
Oq, oydin yoʻllarga boshlar muallim!
Dunyo sirlarini anglamoq uchun,
Fikrni jamlasak kifoya bir zum...
Toʻrtta unsurda jam bu koʻhna ochun –
Suv, havo, tuproq va olov sirin,
Birma-bir ochguvchi oddiy muallim!
Bolasi qoqilsa, onalar giryon,
Otalar yuragi ogʻriydi shu on.
Ammo bir zot kuyar, bergudayin jon,
“Bu ne hol?” demasdan hammadan oldin,
Shogirdin qoʻlidan tutar muallim!
Hayot davom etar, oʻzgarar zamon,
Bir zum tin olmagay vaqt – otliq karvon.
Shu karvonga misli jilovdor, sarbon –
Har lahzaga bosib oʻzining muhrin –
Vaqtdan oʻzib yashar Ustoz-muallim!
Misol izlamayman. Oʻzimdan qiyos,
Hamon oʻquvchiman bir ilmi sayoz.
Taʼlim-tarbiyasi, mehri beqiyos:
“Oʻqib-oʻrganishdan tinma, der, bir zum” –
Har bitta qadamim tergar muallim!
Vazmin, salobatli, gulgun chehralar,
Mehr chashmingizdan soʻlim tegralar.
Siz yurgan yoʻllardan olgum bahralar,
Qadr-u kamolingiz tabarruk etgum,
Ona Vatan uchun mashʼal muallim!
Koʻrdim, davralarda qaddin koʻtarib,
Soʻz aytar u mening qadrim koʻtarib.
Shunchalar hoksor u! Topolmam taʼrif,
Faqat bilganim shu – mashhur va maʼlum –
Otamizday aziz, ulugʻ muallim!
Kamtarlik bobida zaminday hoksor,
Yorugʻ niyatlari Vatanga poydor.
Xalqim, deb jonfido, mehri ustuvor,
Sizgadir eʼzozim, sizgadir taʼzim –
O, oddiy muallim, oddiy muallim!
Robiya Yoʻldosheva

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶